O‘zbekiston | 08:39 / 31.07.2018
9316
17 daqiqa o‘qiladi

Pedagog kadrlar tayyorlovchi davlat universitetlarini ikkiga ajratish xususida taklif

Foto: Sputnik

Mamlakatimizda maktab o‘qituvchilari pedagogika institutlari va davlat universitetlarida tayyorlanadi. Bu universitetlarning 8tasi sobiq ittifoq vaqtida pedagogika instituti edi va ular 1992 yilda universitetga aylantirildi. Tabiiyki, ularning «o‘quv reja»si va «fan dasturlari» ham universitetlarnikiga almashdi. Lekin amalda, ular oldin nima ish qilgan bo‘lsa, hozir ham o‘sha ishni davom ettirishayapti, ya'ni maktablarga o‘qituvchi tayyorlashayapti. Masalan, viloyat markazlaridagi davlat universitetlarining kamida 90 foiz bitiruvchisi dastlab maktab, kollej va litseylarga ishga boradi.

Agar Davlat test markazining tanlovi optimal bo‘ldi, deb hisoblasak, OO‘Yularda tayyorlanadigan professional muallimlarning savodi, asosan, ikki narsaga bog‘liq bo‘ladi; biri — OO‘Yularining muayyan yo‘nalishlar (fakultetlar, fanlar) bo‘yicha tuzilgan «o‘quv reja» si va «fan dasturi»ga hamda shu OO‘Yuda ishlovchi professor-o‘qituvchilarning bilimi va malakasiga. Bu yerda aytilayotgan gaplar, birinchi navbatda, asosan, to‘rtta aniq fanning (matematika, fizika, kimyo va biologiya) «o‘quv reja»si va «fan dasturlari» ga tegishli.

«O‘quv reja»lar va «dastur»lar Oliy ta'lim vazirligi belgilagan (yoki tanlagan) OO‘Yuning prof-o‘qituvchilari tomonidan tuziladi va vazirlik ularni tasdiqlaydi. Ushbu rejalarda ma'lum yo‘nalish bo‘yicha tayyorlanadigan talabaga 4 yil davomida qaysi fanlar, qanday ketma ketlikda va necha soat o‘tishi kerakligi belgilanadi. Fan dasturlarida esa rejaga kirgan har bir fan bo‘yicha qaysi mavzularni o‘tish kerakligi va foydalanish lozim bo‘lgan adabiyotlar ko‘rsatiladi.

Endi tabiiy savol tug‘iladi, maktabga o‘qituvchi tayyorlash uchun Pedagogika institutlari uchun tuzilgan reja va dastur yaxshimi yoki Davlat universitetlari uchun tuzilganlarimi? Ularning bir-biridan farqi va ustunligi nimada? Menimcha, bu masala bilan hech kim shug‘ullanmagan. Chunki o‘sha vaqtdagi siyosat, yuqorining aytganini quyidagilar muhokama qilmasdan bajarishiga asoslangan edi. Davlat universitetlarida hozir amalda bo‘lgan «o‘quv reja» va «fan dasturlar»i bilan yaxshi professional muallim tayyorlash ham, universitet talabiga javob beradigan oliy darajadagi mutaxassis tayyorlash ham mumkin emas.

Bizlar, ya'ni SamDU tabiiy fanlar fakultetlarining bir guruh o‘qituvchilari Jizzax pedagogika institutidan 4 ta tabiiy fanga tegishli «o‘quv reja»lari va ba'zi fanlarning «dastur»larini olib universitetlarning shu fanlar bo‘yicha «o‘quv reja» va «dastur»lari bilan taqqosladik. Quyida takror bo‘lmasligi uchun faqat bitta fanning (yo‘nalishning) «o‘quv reja»siga tegishli ma'lumotlar keltiriladi va muhokama qilinadi. Lekin aytilgan gaplar qolgan uch fanga ham tegishli.

O‘rta maktablarda «kimyo» fanini o‘qitadigan o‘qituvchilar Pedagogika institutlarida kimyo-biologiya fakultetlarining «5110300 – Kimyo o‘qitish metodikasi», Davlat universitetlarida esa kimyo yoki kimyo-biologiya fakultetlarining «5140500 – Kimyo» bakalavr ta'lim yo‘nalishlarining «o‘quv reja»lari bo‘yicha tayyorlanadi.

Pedagogika institutlarining «o‘quv reja»sida uslubiy fanlarga ajratilgan soatlar soni universitetlarnikiga qaraganda juda ko‘p. Masalan, «5110300 – Kimyo o‘qitish metodikasi»sining «o‘quv reja»siga kirgan «umumiy kimyo», «kimyoni o‘qitishda zamonaviy texnologiyalar» va «kimyoda masalalar yechish metodikasi» fanlari, universitetlarning «5140500 – Kimyo» «o‘quv reja»sida umuman yo‘q. Pedagogika institutlarida «umumiy psixologiya», «umumiy pedagogika» va «kimyo o‘qitish metodikasi» fanlariga ajratilgan auditoriya soatlari xuddi shunday fanlarning universitetlardagi soatlaridan mos ravishda 94, 220 va 236 soat ko‘p.

SamDUning kimyo bo‘limida 1-, 2- va 3-bosqich talabalari uchun malaka amaliyoti har yil bahorgi o‘quv semestridan keyin ishlab chiqarish korxonalarida (zavod, fabrikalarda), pedagogik amaliyot esa 4-kursda 2 oy (8 hafta) mobaynida akademik litseylarda o‘tkaziladi. Pedagogik amaliyotga 288 soat ajratilgan. Demak «o‘quv reja» bo‘yicha amaliyotga ajratilgan 972 soatning asosiy qismi (684 soat) ishlab chiqarish amaliyotiga ajratilgan soatlardan iborat.

Jizzax Pedagogika institutining kimyo bo‘limida ishlab chiqarish amaliyoti ikki hafta, pedagogik amaliyot esa 4-kurs talabalariga kuz va qishda 4 oy (16 hafta) va may oyining oxirida yana 10 kun bo‘ladi. Demak, pedagogika institutlarining «o‘quv reja»dagi amaliyot soatlarining asosiy qismi, ya'ni 756 soat pedagogik amaliyotga ajratilgan soatlardan iborat.

Pedagogika institutlarining 4.00 Ixtisoslik fanlari blokida «Kimyodan masalalar yechish metodikasi» fani bor. Shuningdek 4.04 tanlov fani (152 soat auditoriya) hamda 3.12 tanlov fanlari (124 soat auditoriya) fanlari ham, asosan, kimyo o‘qitish metodikasidan iborat. Masalan, organik kimyoning yoki noorganik kimyoning falon bo‘limini o‘qitish metodlari. SamDUning kimyo bo‘limida esa ixtisoslik va tanlov fanlari kafedralarga bo‘lib o‘tiladi va bu fanlar tegishli kafedraning sohasiga mos bo‘ladi. Masalan, men ishlaydigan analitik kimyo kafedrasida quyidagi tanlov fanlari o‘qiladi: «Elektrokimyoviy analiz usullari», «Optik analiz usullari», «Gaz analizi usullari» va «Xromatografik analiz usullari». Bu fanlarning birortasi o‘rta maktabning kimyo fanida o‘tilmaydi. Boshqa kafedralarda ham kafedraning ilmiy yo‘nalishiga mos bo‘lgan fanlar o‘qiladi. Ularning birortasi kimyo o‘qitishning metodlariga bag‘ishlanmagan. Tabiiyki, pedagogika institutlarida va universitetlarda bajarilgan malakaviy bitiruv ishlarining mavzularida ham katta farq bor.

Shunday qilib, o‘rta maktablarga kimyo fani bo‘yicha muallim tayyorlaydigan pedagogika institutlarining va davlat universitetlarining «o‘quv reja»laridagi farq 1000 soatga yaqin.

Endi shu farqlar maktablarga borib ishlayotgan pedinstitutlarni bitirgan o‘qituvchilar bilan universitetlarni tugatib ishlayotgan muallimlarning ish faoliyatida ko‘rinadimi yo‘qmi? Bu farqni aniqlash bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazilganmi? Agar o‘tkazilgan bo‘lsa, qaysi muallimlarning tayyorgarlik darajasi maktabga mos, muvofiq, foydali?

Hamma mamlakatlarda oliy o‘quv yurtlari reytingiga qarab tabaqalashgan bo‘ladi. Masalan, AQShda Harvard, Stendford universitetlari, Massachusets texnologiya instituti, Rossiyada MDU, Sankt-Peterburg universitetlari, Fizika-texnika instituti, Angliyada Oksford va Kembrij universitetlarining reytingi juda yuqori. Albatta, bu o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. Buning asosiy sababi, masalan, siz o‘qigan Harvard universiteti imkoni boricha nafaqat Amerikaning balki dunyoning eng yaxshi o‘qituvchilari (va o‘quvchilarini)ni to‘playdi.

Agar biz ham hech bo‘lmasa bitta yoki ikkita universitetni dunyo reytingining 500 ligiga kiritmoqchi bo‘lsak, birinchi navbatda, ularning «o‘quv reja»sini, asosan, pedagogik yo‘nalishda faoliyat ko‘rsatuvchi universitetlarning «o‘quv reja»laridan ajratishimiz kerak.

O‘zbekistonda dunyo universitetlarining tuzilishiga to‘g‘ri keladigan struktura O‘zMU va SamDUda shakllangan. 1992 yilda universitetga aylangan sobiq pedagogika institutlarining tuzilishi bularnikidan farq qiladi. O‘zMU va SamDUda fizika, matematika, kimyo va biologiya fakultetlari alohida-alohida, ularning har birida kamida 5–6 ta kafedra bor. Masalan, O‘zMUning matematika fakultetida 10ta, fizika fakultetida 6ta, kimyo fakultetida ham 6ta kafedra bor. Boshqa universtetlarda fizika va matematika, biologiya va kimyo fakultetlari birga. Bu universitetlarning ko‘pchiligida matematika, fizika va kimyo yo‘nalishlarining har birida bittadan kafedra bor.

Bu yangi universitetlar 25 yilda ham O‘zMU va SamDUga yaqinlashgani yo‘q. Lekin o‘tgan asrning 80–90 yillarida boshqalarga qaraganda ancha oldinda bo‘lgan bu ikki universitet orqaga ketib ularga yaqinlashdi. Buning sabablaridan biri, hamma universitetlar uchun bir xil «o‘quv reja» va rejaga kirgan fanlar bo‘yicha «dastur»lar tuzishda.

Bizning mamlakatimizda ham hozir eng yaxshi o‘qituvchilarni, talabalarni ikkita universitetga to‘plab ularning «o‘quv reja» va fan dasturlarini ilg‘or universitetlarnikiga o‘xshatib tuzsak, yaxshi mutaxassis chiqishiga umid qilsa bo‘ladi. Hozir faqat tabiiy fanlar bo‘yicha shunday qilish mumkin, gumanitar, iqtisod, siyosiy fanlar O‘zbekistonda yo‘q bo‘lib ketgan.

Agar shunday qilinsa, birinchidan, bu ikkala universitetni zamonaviy asbob-uskunalar bilan to‘liq ta'minlash imkoni oshadi, boshqa turdosh universitetlarda laboratoriyalar tashkil qilmaslik hisobiga davlatning katta mablag‘lari tejab qolinadi; ikkinchidan, bu universitetlarning talabalariga ingliz tilida dars o‘tish uchun chet ellardan yaxshi professorlarni chaqirish va ularni chet elga yuborish mumkin va bu ishlar hozirgiga qaraganda unumli bo‘ladi.

Bu ikki universitetga o‘qishga kirganlar yuqori talablarga javob beradigan darajada o‘qishi uchun, birinchi navbatda, qabul qilinayotgan talabalarning «zuvalasi pishiq» bo‘lishi kerak.

Shuning uchun, oldin hech bo‘lmaganda Milliy va Samarqand universitetlarining tabiiy fanlar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlaydigan fakultetlariga qabul qilinayotgan talabalarning boshlang‘ich bilimini yuqori darajaga yetkazish lozim bo‘ladi. Buning uchun Samarqand va Milliy universitetlar qoshidagi Akademik litseylarni matematika, fizika, kimyo, biologiya, ingliz tili va kompyuterni chuqur o‘rgatadigan litsey-internatlarga aylantirish kerak. Ularga Respublikamizning hamma viloyatlaridan eng iqtidorli o‘quvchilarni 7-sinfdan boshlab qabul qilish lozim. Ularning bilimiga va iqtidoriga eng yuqori talab qo‘yilishi kerak.

Dunyoning ilg‘or mamlakatlarida bu ish juda oldin yo‘lga qo‘yilgan. Ularda elita — qisman xususiy maktablarda, pansionatlarda, fizika-matematika va hokazo maxsus maktablarda shakllantiriladi. O‘zbekning o‘zi amal qilmaydigan «besh barmoq baravar emas», degan maqoliga ular amal qiladi. Chunki bu tabiiy, Allohning o‘zi insonlarni bir-biridan farqli qilib yaratgan. Davlatning vazifasi esa ularning orasidan intellektual darajasi yuqorilarini tanlab olish va ularning iqtidorini rivojlanishi uchun sharoit yaratishdan iborat xolos.

Amerika Qo‘shma Shtatlarining maktablarida 2-sinfdan boshlab barcha o‘quvchilar «aqliy qobiliyat koeffitsiyenti» (IQ-intelligence quolient)ni aniqlovchi testlardan o‘tishadi. Uning natijalariga ko‘ra, o‘quvchilar ilg‘or yoki qoloq guruhlardan o‘rin olishadi.

Germaniyada olti yoshga kirgan hamma bolalar boshlang‘ich maktabda (nemischa, Grundschule) o‘qishni boshlaydi. Boshlang‘ich maktabda o‘qish 4 yil davom etadi. Boshlang‘ich maktabdan keyin bolalar, asosan, qobiliyatiga qarab uch guruhga ajratiladi. Eng bo‘sh o‘quvchilar o‘qishni davom ettirish uchun «bosh maktab» (nemischa, Hauptschule) deb ataluvchi maktabga yuboriladi va u yerda 5 yil o‘qishadi. Bu maktabning asosiy vazifasi — o‘quvchini kam malaka talab qiluvchi professional faoliyatga (ishlarga) tayyorlashdan iborat. Bu maktabda bazaviy ta'lim beriladi. Bosh maktabni tugatgan o‘quvchi ishlashi yoki professional ta'lim tizimida o‘qishni davom ettirishi mumkin. Boshlang‘ich maktabni o‘rtacha baholarga tugatgan o‘quvchilar «real maktab»ga (nemischa, Realschule) boradilar va u yerda yana 6 yil o‘qishadi. Real maktabni tugatgandan so‘ng ishga joylashish, qobiliyati yuqori bo‘lgan o‘quvchilar esa o‘qishni gimnaziyaning 11- va 12-sinflarida davom ettirishi mumkin. Gimnaziyada o‘quvchi klassik tipdagi ma'lumot oladi. Gimnaziyani tugatgandan so‘ng universitetga kirish huquqini beruvchi yetuklik attestati beriladi.

Shuning uchun bu ikki universitetga qabul qilinayotgan abituriyentlarning test sinovlarida olgan kirish ballarini ham boshqalarga qaraganda ko‘paytirish kerak.

Bu ikkala universitetga keng avtonomiya berish kerak. Zarurat bo‘lgan vaqtda yoki sharoit yetilgan vaqtda yangi yo‘nalishlar, kafedralar, bo‘limlar ochish va ularni tugatish imkoniyatiga ega bo‘lsin. Masalan, Samarqand viloyatida pedagogika instituti yo‘q, bu vazifani bajarish uchun qisman modernizatsiya qilishga ham imkon berish kerak. Ehtimol, O‘zMUga hozir nochor ahvolda, siyosatning ta'sirida bo‘lgan gumanitar fanlarning «poydevorini» yaratish va ular bo‘yicha respublikamizning boshqa OO‘Yulariga kadrlar tayyorlash vazifasini yuklash mumkin.

Birgina misol: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Oliy ta'lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» gi 2016 yil 20 oktabrda chiqargan PQ–2909-son qarori asosida tuzilgan komissiyaning hisob kitobi bo‘yicha berilgan taklifga ko‘ra, 2017–2021 yillarda oliy ta'lim muassasalarida pedagog kadrlarga bo‘lgan jami ehtiyoj 8138 nafarni tashkil etadi.

Albatta, bularning asosiy kismi mamlakatning ichida tayyorlanadi. Ikkinchidan, Respublika FAning ilmiy tadqiqot instututlarida ishlash uchun, sanoat, qishloq xo‘jaligi, texnologiya va boshqa sohalarning chuqur bilim talab qiladigan muammolarini fundamental fanlar erishgan yutuqlardan foydalanib yecha oladigan, ularni joriy qiladigan mutaxassislar tayyorlash kerak. Tabiiyki, bu ishlar kelajakda ham uzluksiz davom etadi. Agar shular hisobga olinsa, Milliy va Samarqand davlat universitetlarini kengaytirib salohiyatini, material-texnik bazasini mustahkamlash, hozirgiga qaraganda erkinroq faoliyat yuritishi uchun imkon berish kerak.

Birinchidan, 32 million aholiga ega bo‘lgan respublikamizga 8– 10 ming talabaga ega bo‘lgan bitta universitet yetmaydi. Ikkinchidan, bitta universitetda hamma fanlarni yuqori darajada rivojlantirish mumkin emas. Uchinchidan, universitet bitta bo‘lganda, raqobat bo‘lmaydi, monopoliya vujudga keladi va natijada rivojlanish ham bo‘lmaydi.

Kelajakda iqtisodiy sharoit yaxshilanib savodli kadrlar soni oshgandan keyin respublikamiz aholisining qariyb yarmi yashaydigan Farg‘ona vodiysida ham hozirgi universitetlardan bittasining negizida dunyo standartiga to‘g‘ri keluvchi yana bitta universitet tashkil qilish lozim bo‘ladi.

Ta'lim jarayoni ishtirokchilarining bir qismi (maktablar va o‘quvchilar) Ta'lim vazirligiga qarashli, ikkinchi qismi (OO‘Yu va o‘qituvchi tayyorlash) esa Oliy ta'lim vazirligi zimmasida. Albatta, ikkalasi bir-biriga chambarchas bog‘langan. Shuning uchun bu yerda ishni fundamentni to‘g‘ri qo‘yishdan, ya'ni Ta'lim vaziri Sherzod Shermatov aytganiday oq qog‘ozdan boshlash kerak. Bu ish hozir qilinmasa ertaga unga, albatta, qaytishga to‘g‘ri keladi. Yana 5–10 yil yo‘qotish mamlakatga qimmat tushadi. Shuning uchun yuqorida aytilganlarni hisobga olib yana bir marta o‘ylab ko‘rsak yomon bo‘lmasdi.

Abdulla Quvvatov,
SamDU dotsenti

Mavzuga oid