O‘zbekiston | 12:46 / 20.08.2021
13379
4 daqiqa o‘qiladi

Tadbirkorlarning korxonalari joylashgan yer maydonlari ularga mulk qilib rasmiylashtirib beriladi

Prezidentga yer ajratish masalasi bo‘yicha 4 mingdan ziyod murojaatlar kelib tushgan. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan muloqotda aytib o‘tdi.

“Joriy yilda ushbu yo‘nalishda katta islohotlarni boshladik. Bu borada Oliy Majlis palatalari tomonidan ma'qullangan qonunni men kuni kecha imzoladim. Bu hujjat mamlakatimizning yangi tarixida eng katta islohotlardan biri bo‘ldi, deb hech bir mubolag‘asiz ayta olamiz. Mana shu islohotlar mazmunini tarmoq va hudud rahbarlari ham, tadbirkorlar ham, aholimiz ham yaxshi tushunib olishlari zarur.

Birinchidan, yerlarni iqtisodiy oborotga kiritish, ularni oldi-sotdi va garov obektiga aylantirish uchun, mustahkam huquqiy zamin yaratildi. 

Ikkinchidan, biz barcha yerlarni 2ta toifaga, ya'ni qishloq xo‘jaligi yerlari va noqishloq yerlariga ajratdik. Qishloq xo‘jaligi yerlari – bu bizning bebaho milliy boyligimiz, oziq-ovqat xavfsizligi - bu oddiy qishloq aholisining kundalik hayoti, degani.  Shuning uchun, ushbu yerlar ochiq tanlov asosida faqat ijaraga beriladi. Tanlov – har bir yer uchastkasi bo‘yicha “bu yerni olishga kim eng ko‘p haqli?” degan savolga adolatli javob topish uchun o‘tkaziladi. Bu tanlovda barcha – dehqon ham, fermer ham, agrofirma va klasterlar ham teng shartlarda ishtirok etadilar. 

Uchinchidan, noqishloq yer maydonlari esa faqat auksion orqali sotiladi. Biz so‘nggi bir yarim yil davomida yerlarni auksion orqali ochiq-oshkora sotish bo‘yicha yetarli tajriba orttirdik. Lekin aksariyat hollarda auksionga qo‘yilgan yer maydonlarining tadbirkorga ma'qul joylardan emas, balki olis, chekka hududdagi infratuzilmasi bo‘lmagan joylardan berilgan. Yaxshi maydonlar esa har xil yo‘llar bilan hokimlar qarori asosida to‘g‘ridan to‘g‘ri berib kelingani ham hech kimga sir emas. Bundan buyon, yer maydonlari faqat va faqat ochiq-oshkora auksion orqali xususiy mulk sifatida sotiladi yoki ijaraga beriladi. 

Ko‘pchilikda  “yer xususiy bo‘ldi nima-yu, xususiy bo‘lmadi nima”, degan fikr bo‘lishi tabiiy, albatta. Chunki, bizda yerga xususiy mulkchilik bekor bo‘lganidan buyon 3-4 ta avlod almashdi. Bir narsani aniq bilib olish zarur: xususiylashgani bilan yer maydonlari kamayib yoki ko‘payib qolmaydi, lekin uning bozor qiymati paydo bo‘ladi. Yeri bor odam haqiqiy mulkdorga, kapital egasiga aylanadi. 

To‘rtinchidan, ko‘pchilik tadbirkorlarni o‘z korxonasi joylashgan yer maydonining taqdiri ertaga nima bo‘ladi, degan savollar qiynayotgani ham joylarda bor gap. Ushbu korxonalar hozirda egalik qilish, foydalanish yoki ijara huquqi asosida egallab turgan yer maydonlari ularga mulk qilib rasmiylashtirib beriladi. Ya'ni, bu yerni boshqa odam sotib ololmaydi, uni xususiylashtirishga faqat yer egasining o‘zi haqli bo‘ladi. Bunda, yerning turiga qarab, uning joylashgan hududidan kelib chiqib, yerlar imtiyozli shartlar asosida ushbu korxonalarga xususiylashtirib beriladi. Bundan keyin, tadbirkorlar yerdan yuqori likvidli aktiv va garov obekti sifatida foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Men o‘ylaymanki, bu yangiliklar tadbirkorlarimiz uzoq yillar kutgan tarixiy adolatni ro‘yobga chiqaradi”, dedi prezident.

Mavzuga oid