O‘zbekiston | 16:55 / 27.02.2026
41410
5 daqiqa o‘qiladi

«Chirigan jasad izidan» – O‘zbekistonda o‘ldirilgan Turkiya fuqarosining qotillari qanday topildi?

O‘zbekistonda restoran ochmoqchi bo‘lgan turkiyalik tadbirkorlar o‘zaro janjallashib qoldi: mashinada boshlangan mushtlashuv Buxoro dashtlaridagi qotillik bilan yakunlandi. Qotillar ijaraga olgan mashina ortidan ikki davlat politsiyasi jinoyatni fosh etdi.

2025 yil 17 oktyabr kuni Buxoro viloyati Qorovulbozor tumani hududidan o‘tgan yo‘l yaqinida mol-qo‘y boqib yurgan cho‘pon ust qisman tuproq bilan yopilgan jasadga duch keladi. Voqea yuzasidan huquqni muhofaza qilish idoralari tekshiruv boshlaydi.

Turkiyadagi Haberturk nashrining yozishicha, O‘zbekiston huquqni muhofaza qiluvchi organlari o‘tkazgan tekshiruv natijasida garchi jasadning katta qismi chirib ketgan bo‘lsa-da, marhum pichoqlab o‘ldirilgani aniqlangan.

Shundan so‘ng, jasadning shaxsini aniqlashga kirishiladi. Bunda dastlab jasadni tashlab ketgan avtomobilning davlat raqami topiladi. Ushbu avtomobil esa 51 yoshli Turkiya fuqarosi Suat T. tomonidan ijaraga olingani ma’lum bo‘lgan.

Nashrning yozishicha, tergovchilar avtomobilda luminol tekshiruv o‘tkazib, unda qon izlarini topgan. Olingan qon namunalari Qorovulbozor tumanidan topilgan jasad bilan mos keladi.

Ma’lumot uchun, luminol tekshiruvi — bu kriminalistikada jinoyat joyidagi ko‘zga ko‘rinmas, yuvib tashlangan yoki juda kam miqdordagi qon izlarini aniqlash uchun qo‘llanadigan maxsus kimyoviy usuldir.

Marhum allaqachon Turkiyada bedarak yo‘qolganga chiqarilgandi

O‘zbekiston kuch tuzilmalarining tezkor qidiruv ma’lumotlari Turkiya politsiyasiga yetkazilgan. Shunga ko‘ra Istanbul Jamoat xavfsizligi boshqarmasining «Qotillik bo‘limi» xodimlari avtomobilni ijaraga olgan Suatni kuzatuvga olgan. Shuningdek, o‘rganishlar davomida Suat sheriklikda restoran ochishni rejalashtirgan Kadir Tunch bilan 2025 yil 28 may kuni O‘zbekistonda bo‘lgani aniqlangan.

Kadir Tunch

2025 yil 3 iyun kuni esa 49 yoshli Kadir Tunchning qarindoshlari uning bedarak yo‘qolgani haqida ariza bergani ma’lum bo‘ladi.

Bu orada politsiya O‘zbekistondan yuborilgan DNK namunalari bilan Kadir Tunchning farzandlaridan olingan namunalarni solishtirgan. Tekshiruv natijasida O‘zbekistonda topilgan jasad Kadir Tunch ekani tasdiqlangan.

Qotillik tafsilotlari

Shundan so‘ng Istanbul Jamoat xavfsizligi boshqarmasi xodimlari Suat T. hamda yana 3 nafar gumonlanuvchini qo‘lga olgan. Gumonlanuvchilar so‘roqda qotillikni tan olgan va voqea tafsilotlarini aytib bergan. Tergovda ko‘rsatma bergan Suatning aytishicha, u tanishi bo‘lgan Kadir Tunch bilan O‘zbekistonda restoran ochishga tayyorgarlik ko‘rgan:

«Kelishuv qilish uchun men va ikki do‘stim O‘zbekistonga bordik. Ikki kundan so‘ng Kadir Tunch ham keldi. Ammo o‘sha kuni o‘zaro kelisha olmay, ishni bekor qildik», degan u. Kelishuv bekor bo‘lgach, avtomobilda birga qaytayotgan paytda ular o‘rtasida janjal chiqqan:

«Men mashinani haydab kelayotgandim, yonimda Kadir o‘tirardi. Bu kelishuv uchun unga 20 ming dollar bergandim. Kelishuv amalga oshmagach, pulimni qaytarishini so‘radim. U pulni sarflab yuborganini, qaytara olmasligini aytdi. Shundan keyin oramizda mushtlashuv boshlandi».

Istanbul Jamoat xavfsizligi boshqarmasi tomonidan qo‘lga olingan gumondorlar

Mashina ichida mushtlashuv boshlangach, avtomobilni yo‘l chekkasiga to‘xtatishadi. Bu janjalda Kadir Tunch pichoqlab qo‘yilgandi.

«Janjal paytida aniq nima qilganimni eslay olmayman. O‘zimni yo‘qotib qo‘yganman. Bir payt uning qon ichida qolganini ko‘rdim. Bir ozdan so‘ng u vafot etdi. Vahimaga tushdik. Jasad bilan yo‘ldan biroz ichkariga kirib, uni mashinadan tushirdik. Chuqur qaziy olmadik. Ustini tuproq bilan yopib, u yerdan qochib, Istanbulga qaytdik», deydi ayblanuvchi.

To‘rtinchi gumondor

Qotillikdan so‘ng kuchli hayajonda qolgan Suat ijaraga olingan avtomobilni qaytarib topshira olmagan. Shundan so‘ng u Turkiyadagi bir tanishini O‘zbekistonga yuborib, mashinani egasiga topshirish uchun pul bergan. Qotillikdan bexabar bo‘lgan bu tanishi avtomobilni ijara olingan joyga topshirib, Turkiyaga qaytib ketgan.

Nashrning yozishicha, hozirda Istanbul Jamoat xavfsizligi boshqarmasida tergov ishlari yakunlangan. 4 nafar gumonlanuvchining ishi esa sudga oshirilgan.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid