Jahon | 20:23 / 17.11.2025
11382
3 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy va Makron «tarixiy kelishuv» imzoladi

Fransiya Ukrainaga 100 ta qiruvchi samolyot yetkazib beradi.

Foto: Christophe Ena / EPA / Scanpix / LETA

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Fransiyaga bordi va Emmanuel Makron bilan uchrashuv o‘tkazdi. Ular Parij yaqinidagi Villakuble aviabazasining uchish-qo‘nish yo‘lagidayoq mudofaa sohasidagi rejalar to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzoladi. Shu kunlarda Zelenskiy bu kelishuvni «tarixiy» deb anons qilgandi.

2035 yilga qadar mo‘ljallangan ushbu kelishuvning asosiy bandi – Rafale rusumli 100 ta qiruvchi samolyot yetkazib berish bilan bog‘liq. Hozircha bunday harbiy yordam qanday va kim tomonidan moliyalashtirilishi aniq emas. Reuters agentligi o‘z manbasiga tayanib, ayrim samolyotlar to‘g‘ridan to‘g‘ri Fransiyada mavjud zaxiralardan olib berilishi mumkinligini yozgan.

Zelenskiy ijtimoiy tarmoqda yozishicha, tomonlar Rafale samolyotlaridan tashqari, Fransiya va Italiya hamkorligida ishlab chiqarilgan SAMP/T havo hujumidan mudofaa tizimlari, ushbu tizimlar uchun radarlar, shuningdek, «havo-havo» sinfidagi raketalarni yetkazib berish bo‘yicha kelishib olgan. Shuningdek, Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina va Fransiya shu yilning o‘zida birgalikda tutib oluvchi dronlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi.

Kelishuv imzolangach, Zelenskiy va Makron AQSh urushdan tobora uzoqlashayotgan, Yevropa Ittifoqida esa Kiyevni qo‘llab-quvvatlashni kamaytirish tarafdorlarining pozitsiyalari kuchayib borayotgan bir sharoitda Ukrainaga uzluksiz yordam ko‘rsatish uchun Fransiya va Buyuk Britaniya tashabbusi bilan tuzilgan «ko‘ngillilar koalitsiyasi» shtab-kvartirasiga tashrif buyurdi.

Makron matbuot anjumanida Ukrainani «Yevropaning birinchi mudofaa chizig‘i» deb atadi va Yevropa davlatlarining Ukraina armiyasiga yordami «barcha uchun xavfsizlik»ni ta’minlashini ta’kidladi.

Parijdan keyin Zelenskiy Madridga yo‘l oladi. Uning Ispaniyaga tashrifi tafsilotlari hozircha oshkor qilinmayapti, bu urush davridagi ikkinchi tashrif bo‘ladi.

Bir oy oldin Zelenskiy Ukrainaga Shvetsiyaning 100 dan 150 tagacha Gripen qiruvchi samolyotlarini yetkazib berishni nazarda tutuvchi deklaratsiyani imzolagan edi. Bu samolyotlar bir necha yil davomida yetkazib berilishi ko‘zda tutilgan. Zelenskiy dastlabki samolyotlar 2026 yildayoq Ukrainaga yetib kelishiga umid qilmoqda. Samolyotlar uchun kim to‘lashi hozircha noma’lum, Shvetsiya rasmiylari bu Rossiyaning muzlatilgan aktivlari hisobiga bo‘lishini istisno qilmagan.

Reuters manbalari ta’kidlashicha, Rafale va Gripen samolyotlarini yetkazib berish bo‘yicha kelishuvlar Kiyevning harbiy samolyotlar parkini 250 taga yetkazish bo‘yicha uzoq muddatli strategiyasi doirasida tuzilgan. Hozirda taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra, Ukrainada atigi bir necha o‘n jangovar samolyot qolgan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid