Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ekspertlari O‘zbekistonda shaharlarning kengayishi va buning atrof-muhitga ta’sirini tahlil qildi. Unga ko‘ra, 2017-2021 yillarda eng ko‘p uylar Samarqand, Qashqadaryo, Buxoro viloyatlari va Toshkent shahrida qurilgan. Buning natijasida ayrim shaharlarda yashillik 37 foizgacha kamayib ketgan.
Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti o‘rganishlarida ko‘rsatilishicha, dunyoda shaharlar ikki asosiy usulda, ya’ni tashqi tomonga kengayish – gorizontal yoki yuqoriga o‘sish – vertikal rivojlanadi.
Shaharlar kengayishining 3 xil asosiy ssenariysi bor. Bu – aholi zichligi kamayishi, o‘zgarmasligi va ortishi bilan bo‘lishi mumkin. Birinchi va ikkinchi ssenariylar odatda shahar hududining yon-atrofga kengayishini ifodalaydi. 3-ssenariy bo‘yicha esa shahar vertikal o‘sib, aholi zichligi ortib boradi.
Shaharlar vertikal o‘sishining quyidagi afzalliklari bor:
- yerdan foydalanishni optimallashtirish;
- infratuzilmalarga kiritiladigan investitsiyalarni qisqartirish;
- shaharlar ichida sayohat vaqtini kamaytirish;
- kishilarning bir joyda jamlanib axborot va bilim almashishini tezlashtirish;
- yanada barqaror shahar rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash.

Shu bilan birga, vertikal o‘sish bilimga asoslangan boshqaruv modellarini qo‘llashni talab etadi.
O‘zbekistonda 2012-2016 yillarda xonadonlar (uy)lar soni 6,6 foizga o‘sgan bo‘lsa, 2017-2021 yillarda o‘sish o‘tgan 5 yillikdagidan 3 barobar ortiq –20,3 foiz bo‘lgan. Bu davrda uylar Samarqand, Qashqadaryo, Buxoro viloyatlari va Toshkent shahrida eng ko‘p qurilgan.
Tahlil natijalariga ko‘ra, 2021-2022 yillarda Sardoba, Jondor, Peshku, Xo‘jaobod, So‘x va Bog‘dod tumanlari; Navoiy, Jizzax, Zarafshon, Buxoro va Andijon shaharlarida vertikal o‘sish eng yuqori bo‘lgan.








