O‘zbekiston | 17:54 / 29.05.2026
1809
3 daqiqa o‘qiladi

Chirchiqda qarovsiz hayvonlar uchun yirik boshpana quriladi

4 ming bosh hayvonni saqlash imkoniyatiga ega pitomnik hududida veterinariya punkti, karantin zonalari va izolyatsiya xonalari tashkil etiladi.

Foto: animalhumanesociety.org

Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida 4 ming bosh qarovsiz hayvonni saqlashga mo‘ljallangan yangi parvarishxona (pitomnik) quriladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining «Chirchiq shahrida qarovsiz hayvonlarni tutish va saqlash tizimini takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Pitomnik hududida veterinariya punkti, karantin zonalari va izolyatsiya xonalari tashkil etiladi. Chirchiq shahri hokimligi huzuridagi Obodonlashtirish boshqarmasining Qarovsiz qolgan hayvonlarni tutish bo‘limi shtat birligini 2 tadan 15 taga oshiriladi.

Hayvonlarni tutish bo‘limi qarovsiz hayvonlarni tutish, tashish, vaqtincha saqlash hamda ularga veterinariya xizmatlarini ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi. Shuningdek odamlar va tashkilotlarga tegishli uy hayvonlarini parvarishlash, sterilizatsiya, vaksinatsiya qilish hamda ularni chiplash bo‘yicha pulli xizmatlarni ko‘rsatadi.

Shu bilan birga, hayvonlarni hisobga olishning yagona elektron reyestri yuritiladi, har bir hayvonga identifikatsiya vositasi joriy etiladi. Qarovsiz hayvonlar sonini qisqartirish (krematoriy, sterilizatsiya, kastratsiya va boshqalar) bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi amalga oshiriladi. Nodavlat notijorat tashkilotlari, volontyorlar va xayriya jamg‘armalari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, xayriya mablag‘lari va grantlar jalb etiladi.

2026 yilda pitomnikni qurish, jihozlash, uning atrofini obodonlashtirish, faoliyat yuritishini ta’minlash, shuningdek, hayvonlarni tutish bo‘limiga ajratilgan qo‘shimcha 13 shtat birliklarini saqlash — Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasi hisobidan, hayvonlarni tutish bo‘limi uchun 2 ta maxsus avtotransport vositalari, kiyim-kechak va zarur tutish anjomlarini xarid qilish — Chirchiq shahri mahalliy budjeti hisobidan amalga oshiriladi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi bir oy muddatda pitomnikni qurish, jihozlash, uning atrofini obodonlashtirish, faoliyat yuritishini ta’minlash, shuningdek, hayvonlarni tutish bo‘limiga ajratilgan qo‘shimcha shtat birliklarini saqlash uchun Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasidan Chirchiq shahri hokimligi huzuridagi Obodonlashtirish boshqarmasiga 8 milliard so‘m ajratadi.

Hozir Chirchiq shahridagi Ma’rifat mahallasi hududida qarovsiz qolgan hayvonlarni saqlash pitomnigi faoliyat olib bormoqda. 2024 yildan boshlab pitomnik tashqi boshqaruvga berilgan. Unda asosan ko‘ngilli ishchilar (volontyorlar) mehnat qiladi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid