O‘zbekiston | 07:55 / 24.04.2021
5546
3 daqiqa o‘qiladi

Normativ-huquqiy hujjatlar bilan tasdiqlanadigan hujjatlar ro‘yxati kengaytirildi

2021 yil 20 apreldagi «Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi qonun prezident tomonidan imzolandi.

Qonunning yangi tahriri 8 bob va 60 moddadan iborat (avvalgi tahririda – 7 bob va 44 modda bo‘lgan). Shuningdek qonunga ilova tariqasida, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini, shuningdek ularga ilova qilinadigan axborot-tahliliy materiallarni yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirish yagona uslubiyoti qabul qilindi.

Qonun bilan fuqarolarning «O‘zbekiston Respublikasi referendumi to‘g‘risida»gi qonunda belgilangan tartibda o‘tkaziladigan referendum yo‘li bilan normativ-huquqiy hujjatlar (NHH) qabul qilish huquqi mustahkamlandi.

NHH bilan tasdiqlanadigan hujjatlar ro‘yxati kengaytirildi. Endi bular jumlasiga reglamentlar, strategiyalar, konsepsiyalar, doktrinalar, dasturlar («yo‘l xaritalari») va boshqa hujjatlar ham kiritildi. 

NHH loyihalari Adliya vazirligi va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan huquqiy ekspertizadan o‘tkazilishi to‘g‘risidagi modda kiritildi. Adliya vazirligi tomonidan huquqiy ekspertizadan o‘tkazish muddatlari belgilandi.

NHH va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazishning o‘ziga xos jihatlari tartibga solindi. Mazkur ekspertiza davlat organlari va tashkilotlari tomonidan faoliyatning tegishli turlari bo‘yicha o‘tkaziladi.

NHH loyihalari manfaatdor davlat organlari va tashkilotlar hamda qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda boshqa davlat organlari va tashkilotlar bilan majburiy tartibda kelishilishi belgilandi. Kelishish NHH loyihalarini kelishishning maxsus axborot tizimi orqali elektron shaklda amalga oshiriladi.

NHH loyihasini NHH qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan organga kiritish hamda uni qabul qilish tartibi alohida bobda berilgan. Xususan, tayyorlangan NHH loyihasi NHH qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan organga davlat tilida kiritilishi belgilangan. Zarur bo‘lgan hollarda, uning boshqa tillardagi tarjimasi taqdim etilishi mumkin. Ushbu bobda huquqiy eksperiment, tartibga solish ta'sirini baholash tushunchalari ham berilgan.

Shuningdek fuqarolar, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari, NNT, OAV «Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida»gi qonun va boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq NHH ijrosi monitoringi va nazoratini amalga oshirishi mumkinligi belgilangan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid