Shular qatorida tahririyatimizga murojaat qilgan tadbirkor Miryoqub Mirzaahmedovga tegishli bo‘lgan, Shota Rustaveli ko‘chasi 65a-uyda joylashgan umumiy ovqatlanish maskani ham bor edi.
Tadbirkor bu mulkka 1994 yildan beri egalik qilib kelayotgan edi. Kafe buzilguniga qadar xo‘randalar bilan gavjum bo‘lgan. Tadbirkor «Mir Madina» nomli xususiy korxona sifatida faoliyat yuritib kelgan.

«Buzilmasidan oldin 15-20 nafar xodim ishlardi. Korxonamiz buzilganidan keyin hamma ishsiz bo‘lib qoldi. Men ham shu kungacha ishsiz yuribman. Ish faoliyatimni tiklay olganim yo‘q.

Bizning binomiz 415 kvadrat metrli joy bo‘lgan. Buzilganidan keyin shahar hokimiyati Binolardan foydalanish departamenti tomonidan shaharning chekka-chekka tumanlaridan infratuzilmasi yetarli darajada bo‘lmagan 3-4ta eski binolarni taklif qilishdi. Masalan, binoning yarmi bizga taklif qilingan bo‘lsa, qolgan yarmi boshqa korxonaga taklif qilingan. Uni buzib, qayta tiklab bo‘lmasdi. Bir-biriga xalaqit beradigan joylar edi. Taklif qilingan binolarni borib ko‘rganimda qanoatlanmaganim uchun takliflarni rad etganman.

Men ko‘p davlat idoralariga murojaat qildim. Toshkent shahar adliya boshqarmasiga yo‘llagan murojaatim bo‘yicha boshqarma tomonidan sudga da'vo ariza kiritildi. Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 2017 yildagi qaroriga asosan Toshkent shahar hokimligi qoshidagi Binolardan foydalanish departamenti zimmasiga teng qiymatdagi bino ajratish majburiyati yuklatildi. Ammo sud qarori shu paytgacha ijro etilmadi.

Sud qarori chiqqanidan keyin qo‘limizga ijro varaqasi berilgan. Majburiy ijro byurosidan menga hech qanday yordam bo‘lmadi. Telefon ham bo‘lmadi, xat ham jo‘natishmadi, hech qanaqa natija bo‘lmadi», – deydi Miryoqub Mirzaahmedov.
















