«Uni betalafot o‘tkazish zarur» - prezident mutasaddilarga qish mavsumi yaqinlashayotganini eslatdi
Sovuq kunlarda energiya tizimi barqaror ishlashini ta’minlash uchun soha rahbarlarga favqulodda ish rejimiga o‘tish bo‘yicha topshiriq berildi.
Buxoro shahrida 11 avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘paytirish orqali narx-navo barqarorligini saqlash hamda aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan kafolatli ta’minlash masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda jahonda energiya resurslarini tejash masalasining dolzarbligi tobora ortib borayotganiga e’tibor qaratildi.
«Shu bois yurtimizda «yashil energetika»ni rivojlantirish va iqtisodiyotga energiya tejamkor texnologiyalarni keng joriy qilish bo‘yicha katta marralar olingan.
Energiya ta’minotidagi defitsitni to‘liq qoplash maqsadida aprel oyida har bir tuman va shaharda o‘rganishlar o‘tkazildi. Shu asosda 4,5 milliard kub metr gaz va 7,5 milliard kilovatt soat elektrni iqtisod qilish bo‘yicha tumanbay dasturlar qabul qilindi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.
Yig‘ilishda ko‘p hudud va tarmoqlarda hali aytarli natija bo‘lmagani, rahbarlari esa «so‘rov bo‘lmayapti» deb, bu vazifalarni o‘z holiga tashlab qo‘ygani ta’kidlandi.
Xususan, Toshkent viloyati rejaga nisbatan 40 million kub metr, Toshkent shahri 19 million, Samarqand 13 million, Xorazm 3,5 million kub metr gazni ko‘p iste’mol qilgan.
Elektr bo‘yicha Andijon, Buxoro, Jizzax, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Toshkent viloyati, Farg‘ona va Toshkent shahrining birorta tumani tejash rejasini bajarmagan.
Energetika kompleksi rahbarlari bu ishlarni pastda tizimli tashkil qila olmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Yil boshidan qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy qilish bo‘yicha katta dastur boshlangan. O‘tgan davrda 430 megavattli qayta tiklanuvchi energiya manbalari ishga tushirildi. Shuning o‘zi yiliga 1,2 milliard kilovatt soat elektr energiyasini ishlab chiqarmoqda. Bu ijtimoiy soha obektlari yillik iste’molining 60 foiziga teng.
Bugungi kunda ijtimoiy soha va tadbirkorlik obektlari hamda aholi xonadonlarida 250 megavatt quyosh panellari o‘rnatildi. Bu borada Jizzax, Samarqand, Qashqadaryo, Sirdaryo va Farg‘onada ishlar to‘g‘ri tashkil qilinib, ijtimoiy soha obektlarida quyosh panellari o‘rnatish bo‘yicha yillik reja bajarildi.
Shu bilan birga, ijtimoiy obektlar va davlat idoralarida quyosh panellari o‘rnatish O‘rta Chirchiqda atigi 5 foizni, Bo‘ka tumanida 10 foiz, Bo‘zatov va Piskentda 15 foiz, Nurota va Yangihayot tumanlarida 20 foizni tashkil qildi.
2023 yil uchun reja qilingan tarmoq va transformatorlarni ta’mirlash ishlarini 1 avgustga qadar yakunlash bo‘yicha topshiriq berilgan edi. Lekin hududlardagi 1 ming 100 kilometr tarmoqlar va 402 ta transformatorni ta’mirlash ishlari haligacha yakunlanmagan.
Yig‘ilishda energiya resurslari iste’molida tartib-intizom haligacha to‘liq ta’minlanmagani tanqid qilindi.
O‘tgan yetti oyda hududlarda 160 million kilovatt soat elektr va 290 million kub metr gaz noqonuniy ishlatilib, tarmoq korxonalariga 355 milliard so‘mlik zarar yetkazilganligi aniqlangan. Bu borada Bosh prokuratura va Energiya inspeksiyasi tizimiga katta vakolat va resurslar berilgani, lekin ular yo‘qotishlarning oldini olish bilan emas, balki oqibati bilan kurashayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Tuman hokimlari, prokurorlari, ichki ishlar va departament rahbarlari qaysi tumanda energiyani o‘g‘rilash davom etsa, noreal qarzdorlik oshib ketsa, elektr va gaz rahbarlariga qo‘shilib javobgar bo‘lishi haqida ogohlantirildi.
«Yana bir bor ta’kidlayman. Bir-ikki oydan so‘ng kuz-qish mavsumi boshlanadi. Uni betalafot o‘tkazish, energetika tizimining barqaror ishlashini ta’minlash, aholi va iqtisodiyot tarmoqlariga energiya resurslarini kafolatli yetkazib berish bo‘yicha ishlarni hozirdanoq boshlash zarur», - dedi davlat rahbari.
Energetika kompleksi rahbarlari va hokimlarga tizimning barqaror ishlashini ta’minlash yuzasidan qator topshiriqlar berildi.
Ikkinchi yarim yillikda 30 milliard kub metr gaz qazib chiqarish va 41 milliard kilovatt soat elektr ishlab chiqarish, ularni iste’molchilarga uzluksiz yetkazib berish; yer osti gaz omborlarida gaz zaxirasini kamida 3,5 milliard kub metrga yetkazish topshirildi.
1 oktyabrgacha 1 ming 100 kilometr tarmoqlar va 402 ta transformatorni ta’mirlash ishlarini to‘liq yakunlash vazifasi qo‘yildi
Aholining talabini to‘liq qoplash uchun hududlarga qo‘shimcha 35 ming dona gazballonlarini yetkazib berish, kuz-qish mavsumida aholi va ijtimoiy soha obektlarini 335 ming tonna suyultirilgan gaz bilan uzluksiz ta’minlash topshirildi.
Yil yakuniga qadar 400 ming tonna benzin ishlab chiqarish va 120 ming tonna import qilish zarurligi ta’kidlandi.
Mas’ul rahbarlar kuz-qish mavsumida energetika tizimining barqaror ishlashini ta’minlash uchun bugundan boshlab favqulodda rejimga o‘tadi.
Energetika kompleksi rahbariyati viloyat hokimlari va tarmoq rahbarlari bilan birgalikda yil yakuniga qadar 3,7 milliard kilovatt soat elektr va 2,4 milliard kub metr gazni iqtisod qilish choralarini ko‘radi.
Ijtimoiy soha obektlari va davlat idoralarida, tadbirkorlik obektlarida yana 250 megavatt quyosh panellarini o‘rnatish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi.
Yig‘ilishda hudud va tarmoq rahbarlarining hisoboti tinglandi.
Mavzuga oid
15:58 / 16.12.2024
Iqtisodiy kompleksda 300 ga yaqin rahbar ishdan olindi - prezident
16:08 / 14.12.2024
“Bog‘cha to‘lovi qisman qoplanadi, uyda qarash xizmati yo‘lga qo‘yiladi” – videoselektordan va’dalar qanday?
13:18 / 13.08.2024
Soliq qo‘mitasi yirik korxonalarning mahalliy budjetga to‘lovlarini hisobga olish tartibini joriy qiladi
18:00 / 12.08.2024