Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
2026 yilda foydalanishga topshiriladigan 10 ta osmono‘par bino
2026 yilda qurilishi yakunlanishi rejalashtirilgan osmono‘par binolar orasida Albaniya, Kanada va Kot-d’Ivuarning eng baland inshootlari ham bor.
Foto: MVRDV
Albaniya poytaxti Tiranada qurilayotgan Downtown One osmono‘par binosining fasadi piksel uslubida ishlangan bo‘lib, Albaniya xaritasining shaklini aks ettiradi. Bino bir-birining ustiga qo‘yilgan hajmlar kaskadidan tashkil topgan, katta to‘rtburchak oyna qismlarga ega. Balandligi 140 metr bo‘lib, u mamlakatdagi eng baland inshootga aylanadi.
Loyiha ilk bor 2024 yilda yakunlanishi rejalashtirilgan edi. Uni Niderlandiyaning MVRDV arxitektura byurosi ishlab chiqqan. Ayni paytda Tiranada ko‘plab noodatiy baland binolar barpo etilmoqda.
Xitoyning Shenchjen shahrida qurilayotgan China Merchans Bank bosh ofisi 388 metr balandlikka yetadi va “o‘ta baland osmono‘par” toifasiga kiradi.
Foster+Partners byurosi loyihalagan bu bino tashqi ko‘rinishi bilan ajralib turadi: fasadi an’anaviy xitoy qog‘oz qatlash san’atidan ilhomlangan metall va oyna panellar mozaikasiga o‘xshaydi.
Ro‘yxatdagi yana bir bank binosi — Iroqda qurilayotgan, balandligi 170 metr bo‘lgan osmono‘par inshoot. Uni Zaha Hadid Architecs byurosi yakunlamoqda.
Bog‘dodda Dajla daryosi sohilida joylashgan bu bino burma ekzoskelet shakliga ega bo‘lib, butun bir shahar mavzesini egallaydigan massiv podium ustida qurilmoqda. Arxitektorlar aytishicha, uning shakli daryo to‘lqinlaridagi yorug‘lik aksini eslatishi kerak.
AQShda 2026 yilda ochiladigan eng muhim binolardan biri — Waterline.
KPF byurosi loyihalagan ushbu pog‘onali minora 312 metr balandlikka yetadi va Texas shtatidagi eng baland, Ostin shahrida esa ilk “o‘ta baland” osmono‘par bino bo‘ladi.
KPF shuningdek Nyu-Yorkdagi 520 Fifth Avenue (304 metr) osmono‘par binosini ham yakunlamoqda.
Kanadada ham eng baland bino 2026 yilda topshirilishi kutilmoqda. Balandligi 351 metr bo‘lgan bu minoraning fasadi bir tomonlama biroz egilgan bo‘lib, unda balkonlar ventilyatsiya teshiklarini eslatadi.
Hariri Pontarini Architecs byurosiga ko‘ra, bino yorug‘likni turlicha aks ettirib, turli burchaklardan qaralganda o‘zgaruvchan siluyet hosil qiladi.
Avstraliyada esa SHoP Architecs va BVN byurolari Atlassian kompaniyasi bosh qarorgohini qurib bitkazmoqda. Bu — dunyodagi eng baland gibrid yog‘och binodir.
180 metrli bu ofis binosi ichki tomondan yog‘och karkasga, tashqi tomondan esa po‘lat va oyna qobiqqa ega bo‘ladi. U AQShdagi 86,6 metrli Ascent binosidan “eng baland yog‘och bino” unvonini tortib oladi.
Dubayda, Burj-Xalifa yaqinida qurilayotgan Binghatti developerining yangi osmono‘par binosi esa avtomobil ishlab chiqaruvchi Mercedes-Benz brendi ostidagi ilk turar joy loyihasi bo‘ladi.
Uning balandligi 341 metrga yetadi. Fasadlar Mercedes-Benz’ning uch nurli yulduz logotipi bilan bezatiladi.
Nyu-Yorkning Manhetten markazida qurilayotgan o‘ta ingichka osmono‘par bino esa butun qavatni egallaydigan lyuks xonadonlar va 305 metr balandlikda joylashgan tomosha maydonini o‘z ichiga oladi.
U ikki eski bino o‘rnida barpo etilmoqda va asos qismiga 12 qavatli ohaktosh bino integratsiya qilingan.
Afrikadagi eng baland minora ham 2026 yilda Kot-d’Ivuarning Abidjan shahrida yakunlanishi rejalashtirilgan.
Livanlik-kot-d’ivuarlik arxitektor Per Faxuri tomonidan ishlab chiqilgan ushbu bino 421 metr balandlikka yetadi. Uning asosiy qismi ofislardan iborat bo‘ladi.
SOM arxitektura byurosi ham 2026 yilga qator loyihalarni rejalashtirgan. Ulardan eng qiziqlaridan biri — Guanchjou shahrida qurilayotgan juft minoralardir. Ulardan balandrog‘i 204 metrga yetadi.
Ikki bino diagonal panjarasimon konstruksiya orqali o‘zaro bog‘langan bo‘lib, umumiy podium ostida do‘konlar va restoranlar joylashgan jamoat maydoni barpo etiladi.
Mavzuga oid
14:58 / 02.04.2026
Aholi norozi: Toshkentda futbol maydonchasi va daraxtlarga qurilish xavf solmoqda
17:29 / 31.03.2026
Yangi uylarning tomi ham bazalt bilan qoplanadi
14:26 / 31.03.2026
Quruvchilarga yangi ekologik majburiyatlar yuklandi
21:21 / 26.03.2026