“Toza havo” umummilliy loyihasi doirasida qurilish obektlarida ekologik talablar kuchaytirilmoqda. Bu – 14 mart kungi prezident farmonida nazarda tutilgan.

Hujjatga asosan, 2026 yil 1 iyundan boshlab qurilish obektlarida (yakka tartibdagi uy-joylar bundan mustasno):

  • fon monitoring stansiyalari bilan jihozlash va Ekologiya qo‘mitasining yagona geoaxborot ma’lumotlar bazasiga integratsiya qilish;
  • onlayn nazorat qilish uchun qurilish maydoni bo‘ylab va chiqish nuqtalarida onlayn kameralar o‘rnatish hamda bu kameralarni Ekologiya qo‘mitasining yagona geoaxborot ma’lumotlar bazasiga integratsiya qilish.
  • huquqbuzarlik sodir etgan qurilish tashkilotlarining “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimidagi reyting ballarini kamaytirish;
  • loyiha-smeta va shaharsozlik hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazishda majburiy ravishda ekologik ekspertiza xulosasini taqdim etish;
  • yangi quriladigan, balandligi yer yuzasidan 12 metrdan va (yoki) umumiy maydoni 500 metr kvadratdan ortiq bo‘lgan bino va inshootlarni (yakka tartibdagi uy-joylar bundan mustasno) loyihalashtirishda ularga tutash hududlarning ko‘kalamzorlashtirish (daraxtlar, butalar, boshqa o‘simliklar va nihollarni ekish) maydonlari loyiha uchun ajratiladigan yer uchastkalari umumiy maydonining 30 foizidan kam bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik tartibi joriy etiladi.

Farmonga asosan, bundan buyon ekologik va qurilish ekspertiza xulosalari olinishida “shamol guli” koridorlari harakatlanishini inobatga olish majburiy hisoblanadi.

Hududlarning bosh rejalari loyihalarida “shamol guli” koridorlari harakatlanishini inobatga olgan holda “shamol yo‘laklari” tasdiqlanadi.

Hujjatga binoan, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan daryo va soylar o‘zanini tozalash jarayonida yoki noqonuniy ravishda qum-shag‘al qazib olish natijasida buzilgan suv fondi yerlarini tiklash (reabilitatsiya, rekultivatsiya va ko‘kalamzorlashtirish ishlari) qonunbuzarlik sodir etgan shaxslarning mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Hokimliklarga joriy yil 1 dekabrga qadar bir hududda kamida 1 gektar maydonda daraxt barglarini yig‘ish, ularni biologik usulda chiritish (kompostlash) orqali olingan organik moddalardan kompost sifatida va mulchalashda foydalanish tizimi joriy etish topshirig‘i berildi.