11:46 / 21.08.2019
15605

O‘zbekistonda oliy ta'lim sohasida yangi markaz tashkil etiladi

Foto: DPA

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining "Oliy ta'limni rivojlantirish tadqiqotlari va ilg‘or texnologiyalarni tatbiq etish markazi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida"gi qarori loyihasi muhokama uchun e'lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Moliya vazirligi, tasarrufida oliy ta'lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralarning O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi huzuridagi Oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limini rivojlantirish markazi negizida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi huzuridagi Oliy ta'limni rivojlantirish tadqiqotlari va ilg‘or texnologiyalarni tatbiq etish markazini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullanishi mumkin.

Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilanadi:

oliy ta'lim tizimi faoliyatini ilmiy-metodik ta'minlash, jahonning ilg‘or tajribalarini o‘rganish asosida raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga yo‘naltirilgan tadqiqot ishlarini amalga oshirish hamda respublikada yuqori malakali kadrlar tayyorlashni tashkil etishga ko‘maklashish;

ta'lim muassasalari faoliyatida ilg‘or pedagogik texnologiyalar va innovatsion o‘qitish metodlaridan keng foydalanish asosida o‘quv rejalari va fan dasturlarini takomillashtirish hamda ta'lim jarayoni sifatini oshirib borish, o‘qitishning samarali shakllari, usullari va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositalarini joriy etishda ko‘maklashish;

oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi yo‘nalish va mutaxassisliklari dasturlariga kiruvchi barcha fanlar bo‘yicha yangi avlod o‘quv adabiyotlarini tayyorlash va o‘quv adabiyotlarini nashr etishni tashkillashtirish;

oliy ta'lim tizimining me'yoriy-huquqiy, me'yoriy-uslubiy hujjatlarining ta'minotini, davlat namunasidagi qat'iy nazoratdagi hujjatlar hisobini yuritish, elektron bazasini shakllantirish va ular bilan ta'lim muassasalarini ta'minlash;

oliy ta'lim tizimining davlat ta'lim standartlarini, talabalar mustaqil ta'limi bo‘yicha tavsiyalarni ishlab chiqishni tashkillashtirish va takomillashtirish, shuningdek ta'lim muassasalarida o‘quv jarayonining o‘zaro bog‘liqligi va uzluksizligini uslubiy ta'minlash;

idoraviy bo‘ysunishidan va mulkchilik shakllaridan qat'iy nazar respublika oliy ta'lim muassasalarining raqobatdoshligini oshirishga qaratilgan o‘quv-uslubiy sohada ta'lim xizmatlari turlarini kengaytirish (diversifikatsiyalash);

oliy ta'lim tizimini ilmiy-tadqiqot institutlari, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalari, shuningdek kadrlar iste'molchilari talablari bilan integratsiyalashuv jarayonlarini tashkillashtirishda ta'lim muassasalariga tegishli tavsiyalarni ishlab chiqish.

Quyidagilar Markaz faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilanadi:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari;

respublika ilmiy-tadqiqot loyiha grantlari;

xalqaro moliya tashkilotlarining grantlari;

xo‘jalik faoliyatidan va shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatishdan tushadigan tushumlar;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik va xayriya mablag‘lari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, Markaz Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bilan kelishgan holda ta'lim muassasalariga quyidagi xizmatlarni shartnoma asosida amalga oshiradi:

oliy ta'lim tizimiga tegishli qat'iy nazoratdagi, davlat namunasidagi hujjatlarni nashrga tayyorlash va ular bilan ta'lim muassasalarini ta'minlash;

oliy ta'lim tizimida yuritiladigan me'yoriy-huquqiy hujjatlarni loyihasini ishlab chiqish va ta'lim muassasalarini ta'minlash;

oliy, o‘rta maxsus va kasb-hunar ta'limi dasturlariga kiruvchi barcha fanlar bo‘yicha yangi avlod o‘quv adabiyotlarini nashr etishni muvofiqlashtirish, tashkillashtirish va ular bilan ta'lim muassasalarini ta'minlash;

idoraviy bo‘ysunishidan va mulkchilik shakllaridan qat'iy nazar, oliy ta'lim muassasalari faoliyatidagi me'yoriy-uslubiy hujjatlarini yuritish, ta'lim sifatini oshirish, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, pedagog kadrlar faoliyatini oshirishga qaratilgan ta'lim xizmatlarining belgilangan talablar va standartlarga muvofiqligi bo‘yicha uslubiy ko‘maklashish;

oliy, o‘rta maxsus va kasb-hunar ta'limi faoliyatini o‘quv-uslubiy tomonidan muvofiqlashtirish, yangi ta'lim yo‘nalishlarining me'yoriy-uslubiy hujjatlar bilan ta'minlash, ta'lim yo‘nalishlari va ta'lim muassasasi obektlari bo‘yicha yagona ta'lim xizmatlarini ko‘rsatuvchi milliy reyestrni shakllantirish.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi huzuridagi Oliy ta'limni rivojlantirish tadqiqotlari va ilg‘or texnologiyalarni tatbiq etish markaz tuzilmasi tasdiqlanadi.

Markaz direktoriga O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bilan kelishgan holda xodimlarning umumiy belgilangan soni va mehnatga haq to‘lash jamg‘armasi doirasida Markaz tuzilmasiga o‘zgartishlar kiritish huquqi beriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi Markazning Nizomini ishlab chiqadi va belgilangan tartibda tasdiqlaydi.

2019 yil 1 sentyabrdan Markaz direktorining maoshi oliy ta'lim muassasasi rektorlari lavozim maoshiga, direktorning ilmiy-metodik masalalar bo‘yicha maslahatchisi va direktor o‘rinbosarlarining maoshi – prorektor lavozimi uchun belgilangan, boshqarma va bo‘lim boshliqlarining maoshi – fakultet dekani uchun belgilangan, bosh mutaxassisning maoshi –fakultet dekani o‘rinbosari uchun belgilangan, yetakchi mutaxassisning maoshi – dotsent unvonlari uchun belgilangan lavozim maoshlariga tenglashtiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining Oliy ta'lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasidan umumiy tushumlarning ikki foizgacha miqdoridagi ajratmalar ajratish belgilanadi.

Oliy ta'lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasidan ajratilgan mablag‘lardan foydalanishning asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilanadi:

o‘quv-uslubiy ishlanmalarni takomillashtirishda ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar, tanlovlar o‘tkazish;

oliy, o‘rta maxsus va kasb-hunar ta'limi dasturlariga kiruvchi barcha fanlar bo‘yicha yangi avlod o‘quv adabiyotlarini tayyorlash va ularni ekspertizadan o‘tkazish xarajatlari;

Markazning moddiy texnik bazasini mustahkamlash;

Markaz rahbarlari va xodimlarini moddiy rag‘batlantirish.

Belgilab qo‘yilishicha:

a) yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lashning tasdiqlangan razryadlariga ko‘ra Markaz boshqaruv xodimlari lavozim maoshlarini aniqlashda tarif koeffitsiyentlarini bir yarim baravar miqdorida qo‘llash hamda bu bilan bog‘liq qo‘shimcha xarajatlarni O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining Oliy ta'lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplash;

b) O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan Markaz xodimlarining:

fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga yoki xorijiy davlatlarning unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalariga ega xodimlari oylik ish haqiga – 30 foiz;

fan doktori yoki fan doktori (DSc) ilmiy darajasiga yoki xorijiy davlatlarning unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalariga ega xodimlari oylik ish haqiga – 35 foiz ustamalar belgilash;

v) O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining Oliy ta'lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Markazning xodimlari oylik lavozim maoshiga oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi tizimida xizmat qilgan umumiy ish staji uchun 3 yildan 5 yilgacha – 10 foiz, 5 yildan 10 yilgacha – 20 foiz,
10 yildan 20 yilgacha – 30 foiz, 20 yildan ortiq – 40 foiz oylik ustamalar to‘lash.

Toshkent davlat texnika universitetiga tegishli bo‘lgan Toshkent shahar Olmazor tumani, Shifonur ko‘chasi, Talabalar shaharchasi 75-uy manzilida joylashgan bino va inshootlari tegishli hududi bilan birga operativ boshqaruv huquqi asosida Markazga bepul beriladi.

Top