Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yil uchrashuvi: Alyaskada nima bo‘ladi?
Yana to‘rt kundan keyin AQShning Alyaska shtatida oxirgi yillarning eng muhim uchrashuvi doirasida Donald Tramp Rossiya prezidenti Putin bilan Ukrainadagi urushni muhokama qiladi. Bu uchrashuvda urush tugashi mumkin. Bu uchrashuvdan keyin urush battar avj olishi ham mumkin. Ishonchli manbalar tarqatayotgan xabarlarga ko‘ra, Tramp Ukraina yerlarini Rossiyaga «sovg‘a qilmoqchiga» o‘xshaydi. Lekin Ukraina bir qarich yerini ham bermoqchi emas. Quyida shu haqda.
Tramp nuqta qo‘ymoqchi
Biz avvalgi videolarimizda aytganimizdek, Tramp uchun bu urushda kim yutishining, qaysi davlat yerini qaysi davlatga berishining umuman qizig‘i yo‘q. Ukrainadagi urushni tugatish Tramp uchun tuxum va benzin narxini tushirish, Nyu York ko‘chalariga qo‘shimcha chiqindi qutilari o‘rnatish yoki AQShda tonirovkani bepul qilish kabi saylovchilarga va’da qilingan oddiy ish, bundan ortig‘i emas.
Shu sabab Trampning toqati toq bo‘lgani ruslardan ko‘ra ko‘proq ukrainlarni qo‘rqitmoqda. Chunki ruslarga bosim qilish, Rossiyani jang maydonida mag‘lub etish Tramp uchun qulay variant emas, bunga juda ko‘p vaqt ketadi. Lekin Ukrainaga bosim qilish, Kiyevni o‘z yerlarini Rossiyaga topshirishga majburlash urushni tugatishning eng qisqa yo‘li. Agar Ukraina bunga qarshilik qilsa, Tramp uning boshiga og‘ir kunlarni soladi. Ishoning, bu Amerika prezidentining qo‘lidan keladi. Tramp o‘zining gapiga kirib urushni to‘xtatmagan Ukrainaga jahl qilib Rossiyaga HIMARS yuborsa ham ajablanmang.
Demak, Alyaskadagi muzokaralarning birinchi ssenariysi shu – Tramp Putin bilan kelishib, Ukrainaga bosim qilish orqali uning yerlarini Rossiyaga olib berishga urinishi mumkin. Ukraina prezidenti Zelenskiy oxirgi kunlarda bir nechta video e’lon qilib, Kiyev o‘z yerlarini bermasligini bejizga aytgani yo‘q. Uning eng yaqin mulozimi Yermak Londonda AQSh vitse-prezidenti Vens bilan muloqot qildi va Zelenskiy katta ehtimol Vashingtonning niyatidan boxabar. Shu sabab ukrain yerlarini qo‘shqo‘llab topshirishga hech kimning haqqi yo‘qligini aytmoqda.
Ikkinchi ssenariy: Rossiya ham chekinadi
Agar Tramp chindan Amerikaning kuchini ko‘rsatib, Putinga real bosim qila olsa, Alyaskadagi uchrashuvdan keyin Rossiya ham hududiy yon berishi mumkin. Ya’ni aytaylik Ukraina Donetsk va Luhanskni majburan ruslarga topshiradigan bo‘lsa, Rossiya Xerson va Zaporijjyadan chiqib ketishi mumkin. Yana takrorlayman, agar Tramp Rossiyaga yetarli bosim qila olsa. Shaxsan men bunga ishonmayman. Putin Rossiya umuman orqaga tisarilmasligini ko‘p marta aytdi, lekin Rossiya propagandasi uchun Xerson va Zaporijjyadan chiqishni mag‘lubiyat emas, «jyest dobroy voli» deb ko‘rsatish qiyinchilik tug‘dirmaydi. Surovikin Xersonda daryoning narigi tomoniga chekinishganini qanday xotirjamlik bilan e’lon qilgani esingizda bo‘lsa kerak.
Rossiya ham holdan toydi
Shu kunlarda Rossiya propagandasi Putinning Alyaskaga tashrifiga «urushni to‘xtatuvchi uchrashuv» deb ta’rif bermoqda. Aftidan, ularga odamlarni «SVO» tugashiga tayyorlash bo‘yicha metodichka kelgan ko‘rinadi. Ya’ni ruslar ham urushdan charchadi. Kiyev uch kunda egallanmadi, Donbassni to‘rt yildan beri ana oldik, mana oldik, deyishadi, lekin hamon u yerdagi shaharlar uchun jang ketmoqda.
Lekin Rossiyadagi urush tarafdorlari «SVO»ni tugatish fikrini juda yomon qarshiladi. Ularning fikricha, urushni davom ettirish va Ukrainani to‘liq egallash kerak. Bu «SVO»chilar o‘quvchilariga katta ketib qo‘ygan axir Ukrainani egallaymiz, deb.
Urush eng ko‘p holdan toydirgan davlat – Ukraina. Qo‘shnisiga qarshi urushda bor-budidan ayrilgan Ukraina davlatni tiklashining o‘zi uchun kamida o‘n yillar kerak. Endi bu sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, millionlab tonna don, mustahkam temir detallar ishlab chiqaradigan davlat emas. Ukraina sanoatini tiklash hali-beri imkonsiz. Iqtisod, sanoat, qishloq xo‘jaligini qo‘ying, butun boshli mustaqillik xavf ostida qolgan axir.
Balki shu sababdir Kiyev Donetsk va Luhanskni berib bo‘lsa ham urushni tugatishga roziga o‘xshayapti, turli nashlar e’lon qilayotgan xabarlar shunga ishora qilmoqda. Lekin ukrainlar urushni to‘liq mag‘lub sifatida yakunlamoqchi ham emas, ular Rossiya ham hech bo‘lmasa ikkita viloyatdan chiqib ketsin demoqda.
Yevropa xavotirda
Tramp Alyaskadagi muzokaralarda Ukraina yerlarini Rossiyaga topshirmoqchi ekanidan yevropaliklar ham xavotirda. Ayniqsa Boltiqbo‘yi davlatlari. Chunki Latviya, Litva hamda Estoniya birgalikda bo‘lib ham Rossiyaga qarshilik qila olmasligini hamma biladi. Ularni Yevropa Ittifoqining boshqa davlatlaridan uzib qo‘yish ham juda oson. Shu sabab Yevropa liderlari Tramp bilan u Putinni qabul qilishidan avval gaplashib olmoqchi. Tramp vitse-prezidenti Jyey Di Vensni Londonga yubordi. Izzattalab Vens u yerda Ukraina va Yevropa vakillari bilan uchrashdi. Qisqa qilib aytganda, nima xohlayapsizlar o‘zi, deyishga borgan Vens.
Va OAVda yozilayotgan yana bir ssenariy bor. Ba’zi nashrlarning yozishicha, Tramp Putinga urushni hozirgi front chizig‘ida 99 yilga muzlatishni taklif qilgan ekan. Lekin bunga ishonish qiyin. Nima shuncha shaharlardagi odamlar 99 yil dabdalasi chiqqan shaharlarda yashab yuradimi? Bu shaharlarni kim tiklaydi? Ikki davlat shunchalik alamzada bo‘lib ketdiki, oddiy do‘kondagi tortishuv urushni qaytadan boshlab yuborishi mumkin.
Xullas, 15 avgust kuni juda muhim uchrashuv bo‘ladi. Urush o‘sha kuni bir yoqlik bo‘ladi. Uchrashuv tafsilotlari, uning atrofidagi insaydlardan bexabar qolmaslik uchun Kun.uzʼning sahifalariga obuna bo‘ling.
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.
Mavzuga oid
14:10
Rossiyada yangi tartib: Putin amaldorlar deklaratsiyasini o‘zgartirdi
08:29
Donbass masalasi hal bo‘lmadi: Tramp va Zelenskiy uchrashuvi natijalari
22:32 / 28.12.2025
BMTning vazifasini AQSh bajarmoqda – Tramp
17:00 / 28.12.2025