O‘zbekiston | 10:20 / 06.11.2022
21791
6 daqiqa o‘qiladi

Meningit nega kuzda avj oladi? Mutaxassis javob berdi

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Kunlar sovib, havo harorati sezilarli darajada o‘zgarishi aholi orasida turli yuqumli kasalliklar avj olishiga zamin yaratadi. Ulardan biri meningitdir. Xo‘sh, u qanday kasallik? Meningitning kelib chiqish sabablari nimalardan iborat? SSV matbuot xizmatining ushbu savollariga Respublika virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasi bosh shifokori Muhayyo Asilova javob berdi.

— Meningit — o‘ta yuqumli kasallik bo‘lib, bosh va orqa miyaning yallig‘lanishi hamda umumiy intoksikatsiya belgilari bilan kechadi, — deydi mutaxassis. — Bunda yuqori tana harorati, miya shishishi, bosh chanog‘i ichida bosim ko‘tarilishi kuzatilib, orqa miya suyuqligining likvori o‘zgaradi. Aksariyat hollarda kasallikka virus, ba’zida bakteriya, zamburug‘lar yoki oddiy mikroorganizmlar ham sababchi bo‘ladi. 

Hatto, bakteriya va virus birgalikda ham kasallikni keltirib chiqarishi mumkin. Meningit juda tez avj oladi. Agar bemor tana harorati to‘satdan ko‘tarilgan vaqt unga o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatilmasa, bu holat o‘lim bilan tugaydi.

Ushbu kasallik asosan havo harorati o‘zgarishi, ovqat ratsionidagi cheklashlar va vitamin yetishmasligi sababli kelib chiqadi. Qolaversa, immunitet pastligi, pnevmoniya, faringit, otit, gripp, tuberkulyoz, sifilis, OITS, jigar sirrozi, kuchli stress, nevroz, bosh miya chayqalishi, sovuq qotish, antibiotiklarni palapartish qabul qilish hamda kuchli diyeta kabilar ham meningitni chaqirishi mumkin.

Xastalik qo‘zg‘atuvchisi odamdan odamga yuqqani bois ushbu infeksiyaga faqat odamlar chalinadi. Uning manbayi infeksiyani tashuvchilar hisoblanadi. Bu xastalik yil davomida kuzatilishi mumkin, ammo uni ko‘proq mavsumiy (kuz-qish va bahor) dard, desak to‘g‘ri bo‘ladi.

Bu virus tashqi muhitga chidamsiz bo‘lib, odam organizmidan tashqarida 30 daqiqadan so‘ng nobud bo‘ladi. Mikrob burun, halqum, orqa miya suyuqligi, qon va terida ko‘payadi. Shu bois unga chalingan bemor infeksiya manbayi hisoblanadi. Meningit istalgan yoshda uchrashi mumkin.

Biroq so‘nggi yillardagi tahlillarga ko‘ra, kasallik 70-80 foiz holatda 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarda kuzatilmoqda. U, ayniqsa, bir yoshli o‘g‘il-qizlarda og‘ir kechadi. Chunki ularda immunitet tizimi yaxshi shakllanmagan bo‘ladi.

Kasallikka chalingan bemorning tana harorati 40 darajagacha ko‘tariladi. Bemor bosh og‘rishi, bosh aylanishi, tomoq achishishi, yutinishdagi og‘riq, burun bitishi, ko‘ngil aynishi, qusish, eshitish qobiliyati buzilishi kabilardan shikoyat qiladi. Qolaversa, holsizlik, halqum orqa devori shishi, qaltirash va sudirgi kuzatiladi.

Og‘ir hollarda hushni yo‘qotish, bolalarda talvasalar, kam hollarda esa gallyutsinatsiya yuzaga kelishi mumkin. Barcha klinik belgilar 1-2 kun ichida kuchayib boradi. Birinchi kun oxiri, ikkinchi kun boshlarida terida toshmalar tosha boshlaydi. Ular bir vaqtning o‘zida terining barcha yuzalarida, ayniqsa, oyoqlarda paydo bo‘ladi. Ba’zida barmoqlarning uchi, tovon, quloq supralarida ham rivojlanishi mumkin.

Bunday paytda zudlik bilan shifokorga murojaat qilish kerak. Sababi ushbu holatda xastalikka chalingan inson uy sharoitida emas, balki yuqumli kasalliklar shifoxonasida tibbiyot xodimlari nazorati ostida davolanishi lozim. Qolaversa, bemor xonadoni dezinfeksiya qilinishi va uning yaqinlari mutaxassis kuzatuvida bo‘lishi maqsadga muvofiq.

Meningitga chalingan bemorda eshitish qobiliyati yo‘qoladimi?

— Meningit turli yo‘llar bilan yuqadi, — deydi shifokor Muhayyo Asilova. — Ular orasida eng ko‘p tarqalgani quyidagilar:  

  • yo‘talish payti va aksa urganda havo-tomchi va so‘lak orqali;
  • bemor bilan bitta idish, sochiq, tish cho‘tkasi kabilardan foydalanish;
  • oziq-ovqatni yuvilmagan qo‘llar bilan iste’mol qilish; 
  • qon va limfa tugunlari orqali;
  • bachadon ichida rivojlanish vaqtida yo‘ldosh orqali, shuningdek tug‘uruq yo‘llaridan o‘tishda yoki infeksiyaning homilaga amniotik suyuqlik orqali yuqishi va hokazo.

Kasallikning yashirin davri 2-4 sutkagacha bo‘lib, agar virus miqdori ko‘p yoki bemor immuniteti past bo‘lsa, bu muddat yana ham qisqarishi mumkin. Xastalikni davolash uchun 4-6 hafta, ba’zida 2-3 oy kerak bo‘ladi. Uni davolashda jarrohlik usuli qo‘llanmaydi. Shifokor tavsiya qilgan dori-darmon vositalarini iste’mol qilish davolanishda eng samarali usul hisoblanadi.

Aksariyat hollarda hech qanday asorat qolmaydi. Biroq davolash kech boshlangan holatlar yoki meningitning og‘ir turlarida turli asoratlar qolishi mumkin. 

Bunday bemorlarda surunkali bosh og‘rig‘i, injiqlik va jizzakilik, miya ichki bosimining oshishi, xotira buzilishi kuzatiladi. Juda kam hollarda eshitish pasayishi, tutqanoq xurujlari va aqliy rivojlanishdan ortda qolish ko‘zga tashlanadi. Shuningdek, yurish vaqti koordinatsiyaning buzilishi, kam hollarda buyrak yetishmovchiligi ham uning asorati bo‘lishi mumkin.  
 
Ushbu xastalikka chalinmaslik uchun, eng avvalo, sovuq qotmaslik lozim. Qolaversa, qo‘llarni tez-tez va yaxshilab yuvib yurish, bemor bilan kontaktda bo‘lmaslik, sog‘lom turmush tarziga rioya qilish maqsadga muvofiq.

Mavzuga oid