19:00 / 04.07.2020
23575

Ayanchli ahvoldagi 149 ta maktab filiallarining faoliyati tugatildi, yana 1179 tasiniki bosqichma-bosqich tugatiladi – XTV

Xalq ta'limi vazirligi axborot xizmatining ma'lum qilishicha, oxirgi ikki yilda holati qoniqarsiz, mavjud sinfxona va o‘quvchilari sanoqli bo‘lgan 149 ta maktab filiallarining faoliyati tugatilgan, yana 1179 tasining faoliyatini bosqichma-bosqich tugatish rejalashtirilgan.

«So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda ba'zi maktablarning achinarli holati tanqid qilinayotgani ham kuzatilmoqda. Eng og‘ir masala bu maktab filiallaridir. Aksariyat holatlarda ular aholi tomonidan hashar yo‘li bilan qurilib asosiy maktabga qatnash o‘rniga o‘sha yerda o‘qish tashkil etilgan.

Ulardagi ahvol achinarliligi bilan birgalikda, o‘quvchi soni juda kam bo‘lganiga sifatli ta'limni ham tashkil etib bo‘lmaydi. Odatda 1-2 sinfxonadan iborat va bir sinfda 2-3 tadan 1-3-sinf o‘quvchilari ham o‘qiydiganlari anchagina.

Oxirgi 2 yilda 149 ta maktab  filiallari faoliyati tugatildi, ulardan 125 tasiga maktab maqomi berildi. Lekin, hozirgi kunda ham 1 179 ta maktab filiallari o‘z faoliyatini davom ettirmoqda. Ularning ham bosqichma-bosqich faoliyati tugatilishi, aholi o‘sadigan hududlarda to‘laqonli maktabga aylantirilishi zarur», deyiladi XTV axborot xizmati tomonidan tarqatilgan xabarda.

Vazirlikning ma'lum qilishicha, oxirgi 2 yilda 80 ta yangi maktab qurilgan, 806 ta maktab rekonstruksiya  qilingan, 1224 ta maktab mukammal ta'mirlangan, 2551 ta maktab burjo‘y pechlardan xalos bo‘lgan, 775 ta maktab toza ichimlik suvi bilan ta'minlangan.

«Shunga qaramay, hali qilinishi kerak bo‘lgan ishlar juda ko‘p, maktablarning umumiy soni 10 mingga yaqin. Maktabga sarmoya eng muhim sarmoyalardan biri ekanligini Xalq ta'limi vazirligi oxirgi 2 yil davomida davlat budjetini tasdiqlovchi Oliy Majlisga, mahalliy budjetlarni tasdiqlovchi mahalliy kengashlar va hokimliklarga hamda boshqa homiy va bitiruvchilarga murojaat qilib kelganligi tufayli, oxirgi 2 yildagi qurilish, ta'mirlash va jihozlashga sarmoyalar miqdori sezilarli ravishda ortdi.

Shunday bo‘lsa-da, maktablarning ahvolini yaxshilashni yanada tezroq amalga oshirish uchun, albatta, qo‘shimcha mablag‘lar zarur. Shuning uchun, maktablarga yordam uchun markazlashgan davlat investitsiya mablag‘lari, mahalliy budjet hamda homiylik mablag‘lari jalb etilishida joylardagi mutasaddilarning ham yordami muhim. 

Sohada yillar davomida yig‘ilib kelgan, o‘z yechimi kutayotgan talaygina muammolar mavjudligini barchamiz bilamiz. Ularni bartaraf etishda birgalikda amaliy harakatlar bilan yondoshsak, uning yechimi ustida bosh qotirsak, maktablarga ko‘maklashish masalasini umummilliy harakatga aylantirsak, albatta qo‘yilgan maqsadga erishamiz», deya vazirning matbuot kotibi Laylo Rustamovaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Eslatib o‘tamiz, Oliy Majlis Senatining 5-yalpi majlisida Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov maktablardagi muammolarni hal qilish uchun har qanday yordam muhim ekanini ta'kidlagan edi.

Top