O‘zbekiston | 12:30 / 04.01.2018
59227
3 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonning O‘zbekiston bilan chegaradosh bo‘lgan qishlog‘i aholisi chegara bo‘ylab sim o‘tkazishni talab qilmoqda

Foto: Turmush.kg

Qirg‘izistonning Batken viloyatidagi O‘zbekiston bilan chegaradosh bo‘lgan So‘g‘ment qishlog‘i aholisi davlat chegarasi bo‘ylab sim o‘tkazishni talab qilmoqda, deb yozadi Turmush.kg.

Mahalliy fuqarolardan biri Qo‘chqorali Ortiqboyevning aytishicha, qishloqdagilar nafaqat uy hayvonlarini qo‘riqlashlari, balki o‘z farzandlari, o‘smirlarni ham nazorat ostida ushlashlari darkor, bu qo‘shnilar bilan qandaydir mojaro yuz bermasligi uchun kerak.

«4 yildan beri O‘zbekistondagi Hushyor va Qirg‘izistondagi So‘g‘ment qishlog‘i o‘rtasida keskin munosabatlar saqlanib turibdi. 2013 yilda Charbok qishlog‘idagi voqealarga qadar Hushyor qishlog‘i aholisi bizning Qora-Suvdan ichimlik suvini olgan. Biz esa ularning bozorida mahsulotlarimizni sotardik. Batken shahriga faqat hujjatlar bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha borganmiz. Biroq 4 yil muqaddam hammasi o‘zgardi: ikki qishloq aholisi endi hamkorlik qilmayapti. Avval ikki qishloqdagilar bir-birlarining to‘ylariga borishgan, hozir esa chegara orqali o‘tish imkonsiz», - deya ma'lum qildi u.

So‘g‘ment qishlog‘ida yashovchi Muxtorali Amirbekovning ta'kidlashicha, So‘g‘ment va Hushyor o‘rtasidagi masofa 50 metrdan kamroqni tashkil etadi.

«Agarda chegaraning u tomoniga qoramollarimiz ketib qolsa, uni qaytarish deyarli imkonsiz. Bizda hovlilar juda yaqin joylashgan. Yo‘llar va tog‘lar ham hammaga bitta".

Batken tumani hokimi o‘rinbosari Talay Ibraimovning qo‘shimcha qilishicha, So‘g‘ment va Hushyor qishlog‘i o‘rtasidan o‘tuvchi davlat chegarasi  chizig‘iga bu uchastka bo‘yicha holat hali aniqlashtirilmagani sababli to‘siq qo‘yilmagan.

Foto: Turmush.kg

«Bu masala Qirg‘iziston hukumati darajasida hal qilinishi kerak. Biz aralasha olmaymiz. Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasida ikki tomonlama muzokaralarni o‘tkazish lozim. Biz ikki davlat tomonidan yakuniy qaror qabul qilingach, chegara chizig‘ini sim bilan belgilab qo‘yishimiz mumkin», - dedi T.Ibraimov.

So‘g‘ment qishlog‘i Qishtut qishloq okrugida joylashgan bo‘lib, unga Charbok, Tayan va Soy qishlog‘i ham kiradi.

Eslatib o‘tamiz, 2013 yilning 5-7 yanvar kunlari So‘x anklavi aholisi va Charbok qishlog‘i fuqarolari o‘rtasida chegaraoldi ziddiyati yuz bergan bo‘lib, unda bir necha kishi jabrlandi va avtotransportga zarar yetkazildi. Batkent tumanida O‘zbekistonning So‘x anklavi atrofida joylashgan 5 ta chegaraoldi qishlog‘ida favqulodda holat tartibi joriy etildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid