Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Olmaliqda murabbiy bolalarni kaltak bilan «tarbiyalab» kelgan. U bu ishi uchun uzr so‘radi
U yosh bolalarni jazolash holatlari aks etgan videolarni instagramdagi sahifasiga qo‘ygan – ko‘pchilik obunachilari uning uslubini ma’qullagan. Videolardan biri boshqa platformada keng tarqalib ketgach, tegishli choralar ko‘rildi, xususan, shahardagi barcha sport maktablari tekshiriladigan bo‘ldi.
Foto: Videodan kadr
Toshkent viloyati Olmaliq shahridagi nodavlat sport klublaridan birida ishlovchi murabbiy Suxrob Mirzavaliyev (u o‘zini MMA bo‘yicha professional jangchi va murabbiy sifatida ko‘rsatgan) bolalarni tarbiyalash uchun ularni kaltaklashni odat qilgan.
Bolalar 4-5 yoshdan boshlab shug‘ullantiriladigan maktabda u o‘z shogirdlari uchun o‘ziga xos sud tashkil etib, aybdor deb topganlarini plastik kaltak bilan jazolagan va bu jarayonni videoga olib, o‘z sahifasida joylashtirilgan. Ayrim holatlarda esa bolalarning ota-onasi undan o‘z uslubida «tarbiyalab qo‘yish»ni so‘rashgan.

Uning o‘z obunachilarining aksari bu uslubni ijobiy qabul qilishgan va bolalarga nisbatan qattiqqo‘l bo‘lish kerakligi haqida fikrlar yozishgan.
O‘z navbatida, bu video boshqa platformada joylashtirilgach, qizg‘in muhokamalarni keltirib chiqardi. Xususan, bunday usullar bolalarda chuqur ruhiy jarohatlar qoldirishi mumkinligi va bu pedagogika, sport hamda qonun talablariga mutlaqo zid ekani ta’kidlandi.
Foydalanuvchilar bolalar ombudsmani, Ichki ishlar vazirligi va Bosh prokuraturadan bu holatni tekshirishni va murabbiy hamda buni qo‘llab-quvvatlagan ota-onalarning harakatiga huquqiy baho berishni talab qilishdi.
Bu muhokamalardan so‘ng videolar murabbiyning sahifasidan o‘chirib tashlandi.
21 oktyabr kuni Milliy ijtimoiy himoya agentligi vaziyat nazoratga olingani, hodisani o‘rganish uchun tegishli idoralar jalb qilinganini ma’lum qilib, bolalarga nisbatan bunday harakatlarga hech qanday bahona bilan, hatto «tarbiya» yoki «iroda kuchaytirish» bahonasida ham yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini ta’kidladi.
22 oktyabr kuni Olmaliq shahri hokimligi mazkur holat tegishli mutaxassislar tomonidan o‘rganilib, o‘z tasdig‘ini topgani, shu munosabat bilan Olmaliq shahar Bolalar ishlari bo‘yicha komissiyasining tezkor yig‘ilishi o‘tkazilgani haqida xabar berdi.

Yig‘ilish davomida holatning barcha jihatlari batafsil ko‘rib chiqilib, bir qator aniq choralar belgilangan. Jumladan, shahar ichki ishlar bo‘limiga murabbiyning noqonuniy harakatlariga nisbatan qonuniy chora ko‘rish topshirilgan.
Shuningdek, farzandlarini jazolashni murabbiydan iltimos qilgan bolalarning ota-onalari ma’muriy javobgarlikka tortilishi belgilangan.

«Bundan tashqari, tibbiyot birlashmasiga bolalarni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish vazifasi yuklatildi. Shahar ichki ishlar bo‘limi hamda “Inson” markaziga esa bolalarning oilaviy muhitini o‘rganish, ularning ruhiy holatini baholash va tazyiq hamda zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish topshirildi.
Shuningdek, shahar sport maktabiga hududdagi barcha sport klublarini qayta xatlovdan o‘tkazish, xususiy murabbiylarga uslubiy tavsiyalar berish, noqonuniy faoliyat yuritayotgan sport to‘garaklarini aniqlagan taqdirda bu haqda tegishli idoralarga axborot kiritish vazifasi yuklatildi», – deyiladi xabarda.

Komissiya yig‘ilishida murabbiy S.Mirzavaliyev qilgan harakatidan pushaymon ekanini bildirib, keng jamoatchilikdan uzr so‘rashini bildirgan.

Mavzuga oid
18:18 / 18.12.2025
Tanqiddan so‘ng: taftish instansiyasi ajrimi bilan Akmal Shukurov qamoqqa qaytarildi
21:44 / 17.12.2025
Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish bo‘yicha strategiya ishlab chiqildi
19:46 / 17.12.2025
Qalovini topsa, qor ham yonadi: bezoriligi uchun 8 yilga qamalgan Akmal Shukurovni apellyatsiya sudi ozodlikka chiqarib yubordi
22:09 / 13.12.2025