O‘zbekiston | 22:09 / 13.12.2025
3505
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda zo‘ravonlikka uchragan ayollarning 27 foizi bunday holatlarga ayollarning o‘zlari aybdor bo‘lishlarini ta’kidlagan - tadqiqot

Tadqiqotga ko‘ra, ayollarning deyarli to‘rtdan uch qismi so‘nggi oyda kuchli stress, asabiylashish yoki tushkunlikni boshdan kechirgan. Ulardan ko‘pi o‘zini baxtsiz his qilganini aytgan bo‘lsa, har beshinchi ayol hatto o‘z joniga qasd qilish fikriga borgani haqida to‘xtalgan.

Foto: Shutterstock

O‘zbekiston bo‘ylab ayollarga nisbatan zo‘ravonlik va ularga ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlar samaradorligini o‘rgangan “Ayollar ovozi: zo‘ravonlikdan reabilitatsiyagacha” nomli yangi tadqiqoti natijalari e’lon qilindi.

Tadqiqot mamlakatning barcha hududlaridan 867 nafar zo‘ravonlikka uchragan ayollar fikrlarini qamrab olib, zo‘ravonlikning shakllari, psixologik oqibatlari, ayollarning yordam izlash jarayoni va mavjud himoya mexanizmlarining samaradorligi haqidagi ma’lumotlarni taqdim etadi.

Tadqiqot natijalari ayollarga nisbatan zo‘ravonlik ko‘pincha yillab davom etuvchi, takrorlanuvchi va ko‘p qirrali muammo ekanini ko‘rsatdi. Masalan:

• 69 foiz ayollar himoya orderi so‘rab murojaat qilishdan avval uzoq vaqt davomida zo‘ravonlikka chidab kelgan;

• 70 foizdan ortiq ayol muntazam zo‘ravonlikka uchrab kelgan;

• 22,9 foiz ayol hayotiga tahdid – pichoq o‘qtalish yoki o‘ldirishga urinish holatlari sodir bo‘lganini bildirgan;

• Taxminan 20 foiz ayol muntazam jinsiy majburlashni boshdan kechirgan.

Ayollarning deyarli to‘rtdan uch qismi so‘nggi oyda kuchli stress, asabiylashish yoki tushkunlikni boshdan kechirgan. Ulardan ko‘pi o‘zini baxtsiz his qilganini aytgan bo‘lsa, har beshinchi ayol hatto o‘z joniga qasd qilish fikriga borgani haqida to‘xtalgan.

Tadqiqot bolalar masalasiga ham alohida e’tibor qaratadi. Ayollarning 63 foizi farzandlari kamida bir marta zo‘ravonlik holatlariga guvoh bo‘lganini, ba’zilarida esa bu deyarli har kuni takrorlanganini bildirgan. Bu esa zo‘ravonlikning bir emas, ikki avlodga bir vaqtning o‘zida zarar yetkazayotganini ko‘rsatadi.

Hal etilmagan masalalardan biri iqtisodiy mustaqillik bo‘lib qolmoqda. Ayollarning to‘rtdan bir qismi daromadga ega emas, har uchinchisi o‘z daromadidan mustaqil foydalanmaydi. Bu esa qaramlikni kuchaytiradi va zo‘ravon munosabatlardan chiqish imkoniyatini cheklaydi.

Tadqiqot, shuningdek, O‘zbekistondagi himoya tizimi (himoya orderlari, birlamchi tibbiy yordam xonalari va reabilitatsiya markazlari) ayollar tomonidan yuqori baholanganini ko‘rsatadi. Himoya orderi olgan ayollarning ko‘pchiligida zo‘ravonlik to‘xtagan yoki kamaygan, reabilitatsiya markazlari esa ularga xavfsizlik, psixologik va huquqiy yordam olish imkonini bergan. Ayollarning 5 foizi reabilitatsiya tufayli zo‘ravonning oldiga qaytmaslikka qaror qilganini ham bildirgan.

Hisobot ijtimoiy me’yorlarda mavjud ziddiyatlarni ham qayd etadi: ayollar tenglikka intilsalar ham, oilada erkak ustunligini oqlovchi qarashlar saqlanib qolgan. Jumladan, zo‘ravonlikka uchragan ayollarning 27 foizi zo‘ravonlik holatlariga ayollarning o‘zlari aybdor bo‘lishlarini ta’kidlagan. Shu sababli hisobot kelgusida zo‘ravonlikni erta aniqlash, iqtisodiy mustaqillikni kuchaytirish va zararli ijtimoiy me’yorlarni o‘zgartirish bo‘yicha tizimli ishlarni kuchaytirishni tavsiya qiladi.

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid