Jahon | 18:10 / 08.05.2026
11662
6 daqiqa o‘qiladi

Hayot evaziga hayot: urush Ukrainada ayollar tanasini bozorga aylantirdi

Urush oqibatida Ukraina global surrogatlik markaziga aylanib qoldi. Klinikalar kambag‘al va nochor ayollarni nishonga olib, tinimsiz bu orqali pul ishlashni reklama qilmoqda. Ukraina parlamenti esa surrogatlikni cheklash maqsadida qonunni muhokamaga qo‘ydi.

Qirg‘inbarot urush faqat davlat armiyasi yoki mudofaa institutlari uchun qizil chiroqning yonishi emasdi, butun boshli sivilizatsiyani ortga tortdi.

Rossiya boshlagan urushning to‘rtinchi yili davom etarkan, ukrainaliklar og‘ir sharoitlar, kundalik turmushning qiyinchiliklaridan aziyat chekmoqda. Ukraina bugun global surrogatlik markaziga ham aylanib qoldi, ya’ni ukrainalik ayollar boshqalar farzand ko‘rishi uchun tanasini ijaraga bermoqda. Davlat parlamenti esa endi buni qonunan cheklashga harakat qilyapti.

Urush millionlab odamlarning ish o‘rinlari va bizneslar yo‘qotilishiga, inflatsiyaning oshishiga hamda Ukraina yalpi ichki mahsulotining keskin pasayishiga olib keldi. Bu esa aholining kundalik turmush tarziga o‘ta qattiq ta’sir o‘tkazmoqda.

BBC nashri e’lon qilgan materialda kelishicha, ukrainalik ayollar agar urush bo‘lmaganida hech qachon surrogatlikka rozi bo‘lmasliklarini aytishgan.

Sharqiy Ukrainadan bo‘lgan 22 yoshli ayol - Karina bugun surrogat ona, xitoylik juftlikning embrioni bilan homilador. 17 yoshida Karinaning uyi vayron bo‘lgan, chunki u yashagan shahar Baxmut Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini birinchi bosqichida shiddatli jang maydonlaridan biriga aylangandi.

Shaharning katta qismi vayronaga aylangach, Karina va uning turmush o‘rtog‘i Kiyevga ko‘chib o‘tishadi. Lekin ish topishga qiynalishadi, kunlik xarajatlarni qoplash uchun imkon topa olishmaydi. Yosh oilaning yosh chaqalog‘i bo‘lgani sabab Karina tijoriy surogatlikka rozi bo‘ladi. Uning aytishicha, agar urush bo‘lmaganida, u hech qachon surrogat ona bo‘lishni tanlamasdi.

BBSʼning yozishicha, ayol surrogatlik uchun 17 ming AQSh dollari ishlab topadi. Bu Ukrainadagi o‘rtacha ish haqidan taxminan ikki baravarga ko‘p, lekin pulning katta qismi tug‘uruqdan keyin beriladi.

Ma’lum bo‘lishicha, agar farzand egizak bo‘lsa, xizmat narxi 21 ming dollargacha chiqadi. Masalan, 22 yoshli Karina endi ko‘proq surrogatlik qilib, uy olishni reja qilmoqda.

Urushdan avval ham Ukrainada bu narsa keng tarqalgan edi. Biroq endi mamlakat parlamenti alohida hujjat bilan surrogatlikni cheklamoqchi. Bu taklifni esa parlament a’zolari keng qo‘llab-quvvatlagan.

Qonun loyihasi reproduktivlikni tovarga aylantirishda va kambag‘al, himoyasiz ayollarni ekspluatatsiya qilishda ayblangan bu sohani yanada qattiqroq tartibga solishga qaratilgan. Hujjatni ishlab chiqqanlar shuningdek, urush tufayli tug‘ilish darajasi keskin pasaygan bir paytda, ukrainalik ayollar chet elliklar uchun surrogat chaqaloqlarni tug‘dirmasliklari kerakligini ta’kidlamoqda.

Ayollar huquqlari faoli Mariya Dmitriyevaga ko‘ra, qonun uzoqqa bormaydi, surrogatlikni cheklay bilmaydi.

"Urush tufayli umidsiz ayollar soni ortib bormoqda va klinikalar ularga bu imkoniyatni taqdim etyapti, chunki g‘arblik juftliklar chaqaloqlarni arzon narxlarda sotib olishni xohlashadi. Surrogatlik axloqiy asoslarga to‘g‘ri kelmaydi, qonun esa uzoqqa bormaydi”, - deydi u.

Ma’lum bo‘lishicha, bu davlatda klinikalar yaxshi daromad olish mumkinligini reklama qilib, aynan kambag‘al va nochor ahvolda qolgan ayollarni nishonga olmoqda. Masalan, bunday reklamalardan birida ayollarning pechkasiga o‘tin olishi yoki bolalari uchun issiq kiyim olishi o‘rtasidagi tanlov tasvirlangan.

Eng yirik surrogatlik klinikalaridan biri - BioTexCom inson reproduksiya markazi faoliyati davomida hattoki qora juma aksiyalarini ham e’lon qilgan.

Biroq bu ishi uchun klinika jiddiy tanqidlarga uchragan. 2018 yilda ham klinika boshqaruvchilari odam savdosi jinoyati bilan gumonlanib, ular ustidan tergov boshlangan edi.

Kompaniya ayblovlarni rad etgan. Boshqaruvchilar odamlarga ota-ona bo‘lish orzularini ro‘yobga chiqarishga yordam berayotganini, ayollarga esa qonuniy yo‘l bilan pul ishlash imkoni tug‘ilganini aytgan.

Biroq surrogatlik bilan tug‘ilgan bolalardan voz kechish holatlari ham tez-tez uchraydi. BBCʼning yozishicha, hozir besh yoshga to‘lgan, 2021 yilda muddatidan avval miyasida shikastlanish bilan tug‘ilgan Vey ismli bolakay Kiyevdagi nogironlar uyida yashaydi. Uning bunday tug‘ilganidan xabar topgan janubi-sharqiy osiyolik ota-onasi undan voz kechishga qaror qilgan. Uning surrogat onasi ham bolani xohlamagach, tug‘ilgan chaqaloq nogironlar uyida qolib ketgan.

Qonunga o‘zgartirish kiritishni qo‘llab-quvvatlayotganlardan biri bo‘lgan Ukraina Sog‘liqni saqlash vazirligidan Valeriya Soruchanning aytishicha, surrogatlik orqali tug‘ilgan bolalarning «ko‘pi» tashlab ketilmoqda, ammo hukumat bu borada aniq raqamlarni saqlamaydi.

Vazirlik vakili prinsipial jihatdan surrogatlikka qarshi emas, lekin soha tartibga solinmaganidan norozi. Davlat xodimi chet elliklarning bu maqsad bilan Ukrainaga kelishini taqiqlash tarafdori.

Qonun loyihasi hozir parlamentda muhokamada, aksariyat qonunchilar buni qo‘llasa-da, qabul qilinish-qilinmasligi dargumon.

Шоҳрух Мажидов
Tayyorlagan Шоҳрух Мажидов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid