Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Reja – oyiga 30 ming kishini o‘ldirish. Buni ortig‘i bilan bajaryapmiz» – Ukrainalik taniqli komandir
Ukrainadagi eng mashhur harbiylardan biri, dronlar bo‘linmasi qo‘mondoni, «Major» laqabli Robert Brovdi Rossiyaning bir yarim, hatto ikki ming kilometr masofadagi ichki hududlari ham endi xavfsiz hisoblanmasligi haqida gapirdi.
Foto: «Ptaxi Madyara»
Ukrainadagi eng mashhur harbiylardan biri, dronlar bo‘linmasi qo‘mondoni, «Major» laqabli Robert Brovdi BBC muxbiri Sara Reynsford bilan suhbatda Rossiyaning bir yarim, hatto ikki ming kilometr masofadagi ichki hududlari ham endi xavfsiz hisoblanmasligi, Ukraina dronlari operatorlariga Rossiya har oyda urushga yollayotganidan ko‘ra ko‘proq rossiyaliklarni o‘ldirish bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri buyruq berilgani va ular bu rejani oshig‘i bilan uddalayotgani haqida gapirdi.
Aprel oyidan Ukraina Rossiyaning ichkari hududlari bo‘ylab yanada faollik bilan zarba berishga kirishdi. Asosiy e’tibor neftni eksport qilishda foydalaniladigan infratuzilmaga qaratilmoqda – bunday obektlarga har qachongidan jiddiyroq zarbalar berilishi boshlandi.
Ukraina Uchuvchisiz tizimlar kuchlari komandiri Robert Brovdi BBC muxbiriga bergan intervyusida (u jurnalistlar bilan juda kam muloqot qiladi) bunday zarbalar ortishda davom etishini ma’lum qilgan. U shuningdek ukrain dronlari rekord miqdorda rossiyalik harbiylarni o‘ldirayotgani va shu orqali frontda Rossiyaning yurishi to‘xtatib turilgani haqida gapirgan.
«Endi Rossiyaning 1500 kilometr va 2000 kilometr ichkari hududlari – frontortidagi tinch joylar emas. Ukrainaning hurliksevar „qushchasi“ qachon qayerni istasa, o‘sha yerga uchadi», – deya ogohlantiradi Robert Brovdi.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiyaning ichkari hududlariga zarbalarni «Moskva uchun juda og‘riqli» deb ataydi va ular Rossiya energetika sektoriga «o‘ta jiddiy» zarar yetkazayotgani, Yaqin Sharqdagi vaziyat tufayli jahon bozorida neft narxi keskin oshganiga qaramay, Rossiya o‘nlab milliard dollar zarar ko‘rayotganini aytadi.
Bunday hujumlar yanada intensiv tus olgani texnologiyalar rivojlangani bilan ham bog‘liq. Ukrainada ishlab chiqarilayotgan dronlar arzonroqqa tushmoqda va uchish masofasi uzaymoqda: endi ular ming kilometrdan ikki ming kilometrgacha masofani bosib o‘ta oladi.
Ularning qayerga uchishi ham muhim. Rossiya jonli kuchlari va harbiy zavodlariga qo‘shimcha ravishda endi Rossiya energetika eksporti ham ustuvor nishonga aylandi.
«Putin tabiiy resurslarni qazib olib, ularni qonli dollarlarga aylantirmoqda. Ular o‘z yeridagi yerosti boyliklarini dollarga ayirboshlaydi, keyin esa „shahid“lar va ballistik raketalar ko‘rinishida bizga qarshi yo‘naltiradi», – deya bunday zarbalarni izohlaydi Brovdi.
Qora dengiz sohilidagi Tuapse shahri aholisi mahalliy neft terminali ketma-ket zarbalar ostida qolganidan keyin toksik yomg‘irlardan aziyat chekdi. Ammo Brovdi pinagini buzmaydi.
«Agar neftni qayta ishlash zavodlari – resurslarni pulga aylantirish vositasi bo‘lib, bu pullar keyinchalik urushga sarflanadigan bo‘lsa – ular qonuniy nishonlardir. Shuning uchun ular hech qanday savolsiz yo‘q qilinishi kerak», – deydi u.
Uchuvchisiz tizimlar kuchlari komandiri osmondagi urushni yer ostida chuqur joylashgan maxfiy bunkerda turib olib bormoqda. Jurnalistlarni u bilan uchrashuvga derazalari to‘liq yopilgan furgonda olib borishgan, jurnalistlar zina orqali pastga tushib, so‘nggi rusumdagi uskunalar bilan jihozlangan, shiftdan polgacha ekranlar bilan to‘ldirilgan g‘orda paydo bo‘lishgan.
Xonada elektron uskunalarning signallari yangraydi, futbolka va hudi kiygan o‘nlab harbiylar klaviatura va joystiklar ustiga engashib, yangi ma’lumotlarni qabul qilishadi. Ular bu yerga to‘g‘ridan to‘g‘ri jang maydonidan, «Kit Kat» va «Antaliya» kabi laqabli dron operatorlaridan keladigan videotasvirlarni kuzatib borishadi.
Brovdi boshqaruvidagi Uchuvchisiz tizimlar kuchlari Ukraina armiyasining atigi 2 foiz qismini tashkil etadi, ammo komandirning aytishicha, barcha nishonlarning uchdan bir qismini aynan ular yo‘q qilmoqda. Brovdi o‘z bo‘linmasi yo‘qotishlarini yashirmaydi: yiliga 1 foiz.
Hech bir istisnosiz barcha zarbalar videokameralarga yoziladi va ro‘yxatga olinadi. Monitorlardan birida zarbalar natijalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar jadvali namoyish etiladi va u real vaqt rejimida yangilanadi.
So‘nggi bir hafta ichida Brovdi okkupatsiya ostidagi hududlarda Rossiya Federal xavfsizlik kuchlarining 10 dan ortiq zobiti, shuningdek, Rossiyadagi ko‘plab energetika obektlari nishonga olingani haqida xabar beradi. U Putin o‘z g‘alabalari haqida, ayniqsa, bir necha oy ichida Donbassning butun hududini bosib olish bo‘yicha qo‘yilgan vazifa bajarilganini e’lon qila olmasligi uchun dronlar bo‘linmasi muhimligini ta’kidlaydi. «Bu reallikdan yiroq, tushunyapsizmi, biz buni uzoq yillarga cho‘zamiz», – deydi Brovdi keskin ohangda.

Robert Brovdi – Ukraina g‘arbidagi Ujgorod shahridan bo‘lgan etnik vengr. «Madyar» (Major) chaqiruv belgisi ham uning millatiga ishora qiladi. Rossiyaning keng ko‘lamli bosqinidan oldin Brovdi yirik tadbirkor edi. Ukrainaning Forbes nashri uni ishbilarmonlar doiralarda yaxshi tanishlarini ta’kidlaydi. 1990-yillardan boshlab u turli sohalarda: savdo, ko‘chmas mulk va davlat agrar sektorida tadbirkorlik bilan shug‘ullangan. U bilan bog‘liq kompaniyalar Ukrainaning eng yirik don eksport qiluvchilari beshligiga kirgan.
To‘rt yil oldin ham Brovdi o‘zini loyga botgan xandaqlarda emas, Christie's kabi auksion uylarda yurardi. Urushga qadar u soqol-mo‘ylovini silliq qilib qirtishlardi, endi esa oq oralagan uzun malla soqol qo‘yib olgan.
Tadbirkor Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini arafasida ko‘ngilli sifatida Ukraina armiyasiga qo‘shiladi. «Barcha urush muqarrarligini tushunib turardi», – deydi u.
Uning bo‘linmasi avvaliga hududiy mudofaa kuchlari tarkibida Irpin, Bucha va Borodyanka kabi aholi yashash manzillarida evakuatsiya bilan shug‘ullangan.
U dronlarning katta salohiyatini ilk bor Xerson yaqinida rossiyaliklar zarbasi ostida qolganida o‘z tanasida his qiladi. Brovdi shundan keyin bir paytlar farzandlari uchun sotib olgan dronini eslaydi va o‘z bo‘linmasini shunga o‘xshash qurilmalar bilan ta’minlay boshlaydi. To‘satdan u Rossiya pozitsiyalari ustiga ko‘tarilib, tasvirlarni qo‘shni artilleriya bo‘linmasiga uzatish imkoniyatiga ega bo‘ladi. «Bu g‘oya dastlab faqat o‘z-o‘zini saqlash nuqtayi nazaridan ishlab chiqilgan edi, ammo endi u jang maydonini butunlay o‘zgartirib yubordi», – deb tushuntiradi u.
Bir necha oy o‘tib harbiylar o‘z dronlarini yig‘ib, ularga o‘q-dorilarni joylashtira boshlaydi. Ular «Madyar qushlari» 414-brigadasi sifatida nom qozonadi.
Urush davomida Brovdi boshchiligidagi «Madyar qushlari» kichik harbiy guruhdan alohida batalyongacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi. Ular Kiyev, Xerson, Donetsk, Xarkiv oblastlarida, jumladan, Soledar, Baxmut, Avdiyivka, Staromayorskoye va Krinki uchun janglarda qatnashgan.
2024 yil boshida bo‘linma rasmiy ravishda Ukraina qurolli kuchlari dengiz piyodalarining 414-alohida zarbdor uchuvchisiz aviatsiya tizimlari batalyoni maqomini oldi. Brovdi uning qo‘mondoniga aylanadi. 2025 yil may oyida Volodimir Zelenskiy unga Ukraina Qahramoni unvonini beradi, bir oy o‘tgach esa uni Ukraina qurolli kuchlari Uchuvchisiz tizimlar kuchlari qo‘mondoni lavozimiga tayinlaydi.
Brovdi Ukraina armiyasining eng mashhur qo‘mondonlaridan biriga aylandi. U o‘z telegram-kanalida muntazam ravishda Ukraina dronlari tomonidan rus askarlarining o‘ldirilishi haqidagi videolarni e’lon qiladi va dushmanning yo‘qotishlarini hisoblab boradi, kanalda 530 mingdan ortiq foydalanuvchi bor.
Brovdining strategiyasi faqat uzoq masofali zarbalar ustiga qurilmagan.
U boshqa ustuvor yo‘nalish – Rossiyaning jonli kuchdagi ustunligini kamaytirish haqida ham ko‘p gapiradi. Bu muammo odamlarni frontga safarbar qilish tobora qiyin bo‘lib borayotgan Ukraina uchun dolzarb ahamiyat kasb etgan. «Jang qilishni xohlovchilar allaqachon jang qilmoqda», – deb tan oladi Brovdi.
Shuning uchun uning qo‘l ostidagilarga har oyda Moskva o‘z armiyasiga jalb qilayotganidan ko‘ra ko‘proq rossiyalik harbiylarni o‘ldirish bo‘yicha buyruq berilgan. Bu ko‘rsatkich – oyiga 30 mingdan ortiq kishini tashkil etadi.
«Jonli kuchlar bo‘yicha reja o‘rnatilgan – Uchuvchisiz tizimlar kuchlari zarba beradigan barcha nishonlarning 30 foizi. Bugungi kunda guruh bu rejani 30 foiz o‘rniga 34 foiz qilib bajarmoqda. Fakt bo‘yicha barcha nishonlarning 34 foizi – dushmanning jonli kuchlariga aloqador nishonlardir», – deydi Brovdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, qatorasiga to‘rtinchi oydirki bu maqsadga erishilgan.
Brovdi o‘z qo‘li ostidagilar har bir nishon yo‘q qilinganini videoyozuv orqali tasdiqlashi kerakligi, aks holda bu statistikaga kiritilmasligini ta’kidlaydi.
Bunday shafqatsiz videolarning ba’zilari bunker ekranlarida doimiy ravishda ko‘rsatib turiladi, Brovdi ularni telegramda ham e’lon qiladi, u yerda u o‘z dronlarini «qushlar», ularning rossiyalik qurbonlarini – ovlash va yo‘q qilish kerak bo‘lgan «qurtlar» deb ataydi. «Bu xonadan insoniyat tarixidagi eng ommaviy dushman o‘ldirilishi amalga oshirilmoqda, siz turgan mana shu xonadan», – deydi u atrofdagi ekranlarga ishora qilib.
Bu past ovozda gapirayotgan odamning og‘zidan chiqqan shafqatsiz so‘zlar, ammo Brovdi o‘zini «raqibning jonli kuchiga nisbatan qandaydir achinish hissi qiynasligi»ni aytadi.
U Rossiya qo‘shinlari o‘z chegaralaridan ancha uzoqda harakat qilayotgani va Putin «ukrainlarni mustaqil millat sifatida yo‘q qilishni eng ustuvor vazifasi» deb bilishi tufayli ularni yuborganini aytadi. «Agar biz ularni o‘ldirmasak, ular bizni o‘ldiradi, bu hammaga tushunarli», – deya xulosa qiladi Brovdi.
Komandir «hech qanday pushti ko‘zoynak» yo‘qligini ta’kidlaydi. «Bizda dushmanni to‘xtatish uchun ishlatilishi mumkin bo‘lgan samarali vosita, samarali qurol bor, hujum harakatlarini olib borish uchun emas, balki dushmanning bizning hududimizda samarali harakatlanishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun», – deydi u.
U, shuningdek, Vladimir Putin bosqinni tugatishga qodir emasligi, chunki mag‘lubiyat bilan bog‘liq siyosiy xavf juda kattaligini qayd etadi.
Shuning uchun Brovdining yana bir maqsadi bor: rossiyaliklarning ruhiyatini sindirish.
U halok bo‘lganlar va jarohatlanganlar soni – mamlakat chegaralaridan uzoqda joylashgan energetika obektlaridagi ulkan yong‘inlar bilan birgalikda – Rossiyada «ma’lum bir bijg‘ish» hosil qilishiga umid qilmoqda. U jamiyatda shok yuzaga kelishini kutmoqda.
U Ukrainada keng tarqalgan videolardan birini keltiradi – unda Tuapsedagi rossiyalik ayol yig‘lab gapirayotgani aks etgan. «Men shunchaki bolam bilan dengizda yashashni xohlardim. Lekin dengiz mazut bilan to‘la. Hammasi rasvo bo‘ldi. *** [Nima] qilish kerak o‘zi? *** [la’natilar] dronlar uchib yuribdi, hamma narsani sochib tashlamoqda», – deydi u ho‘ngrab so‘kingancha.
Brovdi uchun bu Rossiya bosqini va Ukrainaning kuchli javobi oqibatlari – so‘nggi paytlardagi kabi cheklangan emasligidan dalolat beradi.
Uning vazifasi – u yuborgan har bir dron tobora ko‘proq rossiyalikni o‘z mamlakati olib borayotgan urushga va uni boshlagan prezidentni qo‘llab-quvvatlashga shubha bilan qarashga majbur qilishdir.
Mavzuga oid
14:17
«Ish oxiriga yetay deb qoldi». Putin Zelenskiy bilan uchrashuvga qarshi emas
07:55 / 09.05.2026
Ukraina Moskvadagi parad paytida Qizil maydonga zarba bermaydi
07:43 / 09.05.2026
Tramp Rossiya va Ukraina o‘rtasida uch kunlik sulhni e’lon qildi
20:44 / 08.05.2026