Jamiyat | 00:13 / 19.11.2016
28602
3 daqiqa o‘qiladi

Tulada 5 kishini o‘ldirgan o‘zbekistonlik umrbod ozodlikdan mahrum etildi

Foto: © Fotolia/ Africa Studio

Rossiyaning Tula shahrida 5 kishini o‘ldirganlikda ayblangan o‘zbekistonlik fuqaro umrbod ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda Rossiya tergov qo‘mitasining hududiy boshqarmasi ma'lum qildi.

30 yoshli, O‘zbekiston fuqarosi Sirojiddin Sheraliyev ustidan sud mahkamasi 8 iyunda boshlangan. 24 iyunda prokuratura Sheraliyevni statsionar majmuaviy ruhiy-pisixiatrik ekspertizadan o‘tishi haqida iltimos bildirgan, chunki dastlabki tergov vaqtida bu tekshiruv o‘tkazilmagan. Sud prokurorlarning iltimosini qondirib, sudlanuvchini Serbskiy nomidagi institutda ruhiy-psixiatrik tekshiruvdan o‘tkazilishini belgilagan. Tekshiruv sudlanuvchini aqli raso deb topgan.

"Sud tergov tomonidan taqdim qilingan isbotlarga rozi bo‘ldi va Sheraliyevga nisbatan jazo hukmini chiqardi hamda u sodir etgan jinoyatlar bo‘yicha unga qattiq tartibdagi axloq-tuzatish koloniyasida jazoni o‘tash bilan ozodlikdan mahrum etish jazosini belgiladi. Bundan tashqari, jabrlanuvchi foydasiga ma'naviy zararni qoplash maqsadida Sheraliyevdan 3,5 mln rubl undirib berilgan", deyildi xabarda.

2015 yil 30 may kuni Tuladagi Kosaya Gora posyolkasidagi uylardan birida ikki ayol va uch bolaning jasadlari topilgan. 10 va 11 yoshdagi qizlar va ularning 5 yoshli ukalari, bolalarning 29 yoshli onasi va 49 yoshli buvisi jinoyat qurbonlari bo‘lganlar. Halok bo‘lgan bolalarning 8 yoshli ukasi va ayollardan birining 38 yoshli xushtori shifoxonaga yetkazilgan. Qotillikda gumon qilinib Rossiyada noqonuniy yashagan O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olingan.

Jinoiy ish "5 kishi, ulardan 3 nafari balog‘atga yetmagan bola bo‘lganligi, boshqa jinoyatni yashirish maqsadida alohida shafqatsizlik bilan o‘ldirish", "jinoyatni yashirish maqsadida ikki kishining hayotiga qasd qilish", "14 yoshga to‘lmagan shaxslarga nisbatan amalga oshirilgan jinsiy xarakterdagi zo‘ravonlik harakatlari", "o‘g‘rilikni sodir etishga urinish" moddalari bo‘yicha olib borilgan. Bu jinoyatlar bo‘yicha belgilanadigan maksimal jazo umrbod ozodlikdan mahrum etishdan iborat.

 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid