Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Konfet qog‘ozi rossiyalik ayolning qotilini aniqlashga yordam berdi
Rossiyaning Xabarovsk o‘lkasida 61 yoshli ayolning shafqatsizlarcha o‘ldirilishi oradan 13 yil o‘tib, konfetning qog‘oz o‘rami tufayli fosh bo‘ldi. Qotillikda o‘zbekistonlik erkak gumon qilinmoqda, u qidiruvga berildi.
Foto: Rossiya tergov qo‘mitasi
Rossiya Tergov qo‘mitasining (SK) mintaqaviy boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2012 yil noyabr oyida Topolevo qishlog‘idagi xususiy uyda keksa ayolning jasadi topilgan. Uning tanasida ko‘plab jarohatlar bor edi. U qishda hech kim yashamayotgan uyini tekshirish va isitish uchun borgan.
Jinoyat joyida tergovchilar jabrlanuvchining qo‘llari bog‘langan skotch va konfet qog‘ozini topdi, ammo bu dalillar aybdorni aniqlashga yordam bermadi. Oradan yillar o‘tib, jinoyatchi tomonidan qog‘oz o‘ramda qoldirilgan biologik material bo‘yicha qayta genotiposkopik ekspertiza o‘tkazildi. Uning natijalari, shuningdek, ko‘plab guvohlarni so‘roq qilinishi jinoyatchining shaxsini aniqlashga yordam berdi.
U ayolning uyida ta’mirlash ishlarini olib borgan 35 yoshli O‘zbekiston fuqarosi bo‘lib chiqdi. Taxminlarga ko‘ra, erkak ta’mirlash ishlari tugaganidan so‘ng, ayolning uyida yashirincha yashagan. To‘satdan kelgan uy bekasi uni qo‘rqitib yuborgan va u undan qutulishga qaror qilgan. Erkak ilgari ham bosqinchilik hujumi uchun sudlangan.
Rossiya sudi uni sirtdan 13 yilga ozodlikdan mahrum qildi. U xalqaro qidiruvga berildi.