20:16 / 03.05.2018
12411

Final oldidan finallar. Bugungi o‘yinlar haqida

Yevropa chempionlar ligasi yarim final o‘yinlariga desert sifatida bugun Yevropa Ligasida finalchilar nomi aniq bo‘ladi. Har galgidan qiziqroq o‘tayotgan yarim finalda bu safar asosiy favoritlar o‘zaro to‘qnash keladi. Tribuna.Uz kunning ikki asosiy uchrashuviga batafsil to‘xtalib o‘tadi.

Atletiko — Arsenal (4 mayga o‘tar kechasi 00:05)

Foto: DYLAN MARTINEZ REUTERS

Pley-off uchrashuvlari boshlanishidan oldin ko‘pchilik g‘oliblik uchun ikki jamoa nomini ko‘rsatgandi — «Arsenal» va «Atletiko». Aynan ularga g‘oliblik uchun asosiy da'vogar maqomi berilgandi. Ammo yakunda ular yarim finaldayoq to‘qnash keladigan bo‘ldi. 

Inglizlar final yo‘llanmasini birinchi uchrashuvdayoq hal qilish uchun juda yaxshi imkoniyatga ega bo‘lishgandi. 80 daqiqa mobaynida bir kishi ko‘p bo‘lib harakat qilgan Venger shogirdlari raqibni o‘z jarima maydonachasiga qamab qo‘ygandi. Biroq shuncha hujumlar, shuncha imkoniyatlarga qaramay birinchi uchrashuv 1:1 hisobida tugagandi.

Foto: IAN KINGTON/AFP

Mehmonda qayd etilgan durang natijadan so‘ng madridliklarning imkoniyati yuqori baholanmoqda. Ammo Venger hamon o‘z fikridan qaytayotgani yo‘q. Chempionlar ligasi uchrashuvlari ko‘rsatdiki, birinchi o‘yindagi ustunlik hech narsani anglatmayapti. Bundan tashqari «Arsenal» o‘zining uzoq yillik murabbiyi bilan mavsum so‘ngida munosib xayrlashishni va hech bo‘lmasa bitta sovrin bilan uni kuzatib qo‘yishni istamoqda. Jamoa buning uchun Madridda ham jon berib o‘ynashini kutish mumkin. Shu ma'noda bizni Yevropa chempionlar ligasidan kam bo‘lmagan ajoyib uchrashuv kutib turgani shubhasiz.

O‘yin oldidan

«Atletiko»

Foto: CHEMA DIAZ DIARIO/AS

Milliy chempionatda jamoa ikkinchi o‘rin uchun kurash olib bormoqda. «Barselona» chempionlikni qo‘lga kiritib bo‘ldi va endilikda faqatgina YeChL yo‘llanmasi uchun kurashuvchi o‘rinlar noma'lum bo‘lib qoldi. Madridning ikki jamoasi ham yevrokuboklarda ishtirokini davom ettirayotganini hisobga olsa, «Atletiko»ning ikkinchi o‘rinni saqlab qolish imkoniyati yuqori. 

Jamoa barcha musobaqalarda so‘nggi 5 o‘yinda faqat 2 marta g‘alaba qozona oldi, xolos, 1 mag‘lubiyat va 2 durang qayd etildi. «Real Sosedad»ga qarshi o‘yinni jamoa 0:3 hisobida boy berdi.

«Arsenal»

Foto: IAN KINGTON/AFP

Angliya premer-ligasida vaziyat londonliklar uchun yaxshi deb bo‘lmaydi. Jamoa chempionlar ligasi yo‘llanmasini beruvchi o‘rinlardan ham umidini uzib bo‘lgan. Endilikda YeChLda ishtirok etish uchun yagona yo‘l faqatgina Yevropa Ligasida g‘alaba qozonish bo‘lib qolmoqda. «Arsenal» o‘zining 22 yillik murabbiyini munosib kuzatib qo‘yishdan tashqari, YeChL yo‘llanmasini qo‘lga kiritishi uchun ham bu uchrashuvda g‘alaba qozonib finalga chiqishi har qachongidan muhimroq ish sanalmoqda.

Londonliklar so‘nggi 5 o‘yinning faqat 1tasidagina g‘alaba qozona olishdi, xolos. 2 durang, 2 mag‘lubiyat jamoa hisobida bor. So‘nggi mag‘lubiyatni jamoa Vengerning «Old Trafford»dagi so‘nggi o‘yinida oxirgi soniyalarda o‘tkazib yuborgani bo‘ldi. Umuman fransuz mutaxassisi uchun so‘nggi mavsum juda omadsiz o‘tmoqda. Uni nisbatan bo‘lsada, to‘g‘irlash uchun ham «Arsenal» Yevropa ligasida g‘alaba qozonishi kerak

O‘zaro o‘yinlar

Bu ikki jamoa shu kunga qadar o‘zaro to‘qnash kelishmagandi. Yevropa Ligasi 1/2 finalining dastlabki uchrashuvi ikki jamoa uchun o‘zaro uchrashuvlar tarixidagi dastlabkisi bo‘lib qoldi.

Red Bull Zaltsburg - Marsel

Foto: AFP

Yevropa Ligasining ko‘r-ko‘rona qur'asi har bir bosqichda finalga teng uchrashuvlarni taqdim etishi oqibatida kuchli jamoalar musobaqani ertaroq tark etishiga to‘g‘ri keldi. Ammo bu degani «Zaltsburg»ning 1/2 finalga munosib emasligini anglatmaydi. Avstriyaliklar ko‘rsatgan qahramonliklar shu darajada hayratomuz bo‘ldiki, bugungi kunda qayd etilgan natija bunga munosib baho bo‘lib xizmat qilmoqda. Ayniqsa «Latsio»ga qarshi o‘yindagi «kambek» yarim finalga bo‘lgan qiziqishni ham oshirmoqda.

Ikki jamoaning birinchi uchrashuvida «Marsel» o‘zining Ligadagi an'anasini davom ettirdi. Jamoa shu kungacha biror marta ham uyida yutqazmagandi. Bu safar bu vazifani uddalab ishonchli g‘alaba qozondi — 2:0.

O‘yin oldidan

«Red Bull Zaltsburg»

O‘tgan haftada «Red Bull Zaltsburg» Avstriyaning eng kuchli klubi nomini o‘zida saqlab qolish uchun eng katta qadamlardan birini tashladi. Marko Roze shogirdlari «Sankt-Pyolten»ni 2:0 hisobida mag‘lubi etib, musobaqa tugashiga 4 tur qolganida asosiy raqibi «Shturm» 11 ochkoga ortda qoldirib ketdi. Keyingi haftada jamoa ketma-ket 5-marta mamlakat chempionligini nishonlashga yaqin turibdi. Bu 2006/07 yilgi mavsumdan buyon 9-marta jamoaning chempionligi bo‘ladi.

Jamoaning barcha fanatlari chempionlik oldidan tarixiy natija — final yo‘llanmasini qo‘lga kiritishni istamoqda. Zaltsburgliklar ham buning uchun uchun borini berishi tabiiy. Yarim finalga qadar «Latsio», «Borussiya» Dortmund va «Real Sosedad» kabi jamoalarning musobaqadan chiqarib yuborgan jamoa uchun bu uddalab bo‘lmas topshiriq emas. Chorak finaldagi tarixiy «kambek» ham bunda yordam berishi mumkin.

«Marsel»
Yevropa ligasidagi g‘alabadan so‘ng, Rudi Garsiya shogridlari Fransiya chempionatida muhim ochkolarni boy berdi. Chempionlar ligasi yo‘llanmasi uchun aqlbovar qilmas kurashda qatanashayotgan jamoa «Anjyer» mehmoni bo‘lib  1:1 hisobida durang o‘ynadi va 3-o‘ringa ko‘tarilib olish uchun qulay imkoniyatni qo‘ldan chiqardi. Ayni vaqtda jamoa 3-o‘rinda borayotgan «Monako»dan , 2-o‘rindagi «Lion»dan 2 ochko ortda qolmoqda. Agar raqobatchilar ochko yo‘qotmagan taqdirda «Marsel» YeChLdan quruq qolishi mumkin. Ammo boshqa tomondan jamoa Yevropa Ligasida ishtirok etgan taqdirda, kelgusida Fransiyadan 4 jamoa Chempionlar ligasida qatnashishi mumkin bo‘ladi.

«Marsel» Avstriyaga himoyachi Xiroki Sakai va hujumchi Kostas Mitro‘g‘lusiz yo‘l olgan. Ikkala futbolchi ham jarohati bois o‘yinda ishtirok eta olmaydi. Bu esa katta yo‘qotish bo‘lishi tabiiy.

O‘zaro o‘yinlar

Foto: REUTERS

Ikki jamoa joriy mavsumda Yevropa ligasining guruh bosqichida ham o‘zaro ro‘baro‘ kelishgandi. Zaltsburgda hisob ochilmagan bo‘lsa, Marselda mezbonlar 1:0 hisobida g‘alaba qozonishgandi. Jamoaning uchinchi uchrashuvi esa 1/2 finalga to‘g‘ri keldi. Bugungi to‘qnashuv jamoalarning o‘zaro tarixidagi va mavsumdagi 4-o‘yin bo‘ladi.

Azamat Murodov tayyorladi.

Mavzuga oid
Top