Sport | 16:29 / 01.05.2026
2966
4 daqiqa o‘qiladi

Infantino Eron AQShdagi mundialda qatnashishini ma’lum qildi

Tramp ham bunga qarshi emas.

Foto: Reuters

Futbol bo‘yicha Eron milliy jamoasi AQSh va Isroil bilan harbiy mojaroga qaramay, 2026 yilgi jahon chempionatida ishtirok etadi. Bu haqda Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) prezidenti Janni Infantino tashkilot yig‘ilishida ma’lum qildi.

U o‘z nutqida FIFA «dunyoni birlashtirishi» haqida gapirgan.

«Albatta, Eron milliy jamoasi jahon chempionatida ishtirok etadi. Jamoa AQShda o‘ynaydi. Sababi oddiy: biz birlashishimiz, odamlarni birlashtirishimiz kerak. Bizning mas’uliyatimiz aynan shundan iborat. Dunyoni futbol birlashtiradi», – deya Infantinoning so‘zlarini keltirgan Mundo Deportivo.

«Dunyoda muammolar yetarli. Butun dunyo bo‘ylab odamlarni bir-biridan ajratishga harakat qilayotganlar ham yetarli. Agar hech kim birlashtirishga harakat qilmasa, dunyomiz nima bo‘ladi? Biz buni qilishimiz shart va bizda shunday imkoniyat bor», – deya qo‘shimcha qilgan FIFA prezidenti.

Eron futbol olamidagi asosiy turnir hisoblangan mundialni boykot qilishi mumkinligi haqidagi gaplar 28 fevral kuniyoq, Yaqin Sharqda harbiy harakatlar boshlanishi bilan paydo bo‘lgandi. Xususan, Eron sport vaziri Ahmad Dunyomoli «AQShga safar uchun sharoit mavjud emasligi»ni qayd etgandi.

«Bu korrupsiyalashgan hukumat rahbarimizni o‘ldirganidan kelib chiqib, hech qanday holatda bu turnirda ishtirok eta olmaymiz. Bolalarimiz xavf ostida. Mohiyatan jahon chempionatida ishtirok etishimizga imkon beradigan hech qanday sharoit qolmadi. Amerikaliklar to‘qqiz oy ichida bizga qarshi ikki marta urush ochdi va minglab eronliklarni azobli o‘limga mahkum etdi. Biz Shtatlarga bora olmaymiz», – degandi u mahalliy telekanal efirida.

Keyinroq eronliklar jahon chempionatida ishtirok etishning muqobil yo‘llarini qidira boshladi. Qaysidir pallada o‘yinlarni AQShdan Meksikaga ko‘chirish haqida ham gap bordi, ammo bu g‘oya amalga oshmadi.

«FIFA yakunda o‘yinlarni asl joyidan ko‘chirish imkonsiz degan qarorga keldi. Bunday qadam tashkilotdan ulkan logistik sa’y-harakatlarni talab qilardi», – degan Goal nashriga Meksika prezidenti Klaudiya Sheynbaum.

Bunday sharoitda Eronning o‘rnini egallashi mumkin bo‘lgan jamoalar haqida ham gapira boshlashgandi. Xususan, ko‘pchilik bu o‘rinni Yevropa saralashi o‘tish bosqichida Bosniya va Hersegovinadan mag‘lub bo‘lgan (1:1, penaltilar seriyasida – 1:4) Italiyaga berishni taklif qildi.

The Athletic esa FIFA bu o‘rin uchun qit’alararo pley-off tashkil etib, unda Osiyo va Yevropadan turnirga yo‘llanma ololmagan ikkitadan jamoa ishtirok etishini nazarda tutuvchi versiyani o‘rtaga tashlagandi.

«Mayli, qatnashaversin»

AQSh prezidenti Donald Tramp ham Eron turnirda ishtirok etishiga qarshi emas.

«Agar Janni shunday degan bo‘lsa, unda men qarshi emasman. Bilasizmi nima, mayli, o‘ynayverishsin. Janni – fantastik yigit, u mening do‘stim. Men unga aytdim: «Istaganingni qil. Xohlasang, ruxsat ber, xohlamasang, ruxsat berma». Ularning jamoasi yaxshimi? To‘g‘risini aytsam, bunga ishonish qiyin», – deya qayd etgan Amerika rahbari jurnalistlar bilan muloqotda.

JM-2026 turniri 11 iyundan 19 iyulga qadar davom etadi. Turnir taqvimiga ko‘ra, Eronning guruh bosqichdagi uchta o‘yini ham Qo‘shma Shtatlarda o‘tkazilishi belgilangan: ikkitasi Los-Anjyelesda va bittasi Sietlda. Ularga guruhd Belgiya, Yangi Zelandiya va Misr jamoalari raqib bo‘lgan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid