Jahon | 17:31
1361
7 daqiqa o‘qiladi

 “AQSh-Eron: Tramp imkoniyat oynasini ochiq qoldiryapti” - siyosatshunos

AQShda prezidentning urush vakolatlari doirasidagi 60 kunlik mexanizm hozirgi Eron bilan bog‘liq vaziyatda yana markaziy masalaga aylandi. Bu tizim tezkor harbiy qarorlar uchun yaratilgan bo‘lsa-da, sulh e’lon qilinishi ushbu mexanizmning amaldagi talqinini o‘zgartirib yubordi. Shu tariqa Tramp qaytadan harbiy harakatlarni boshlab yana ikki oy vaqtdan yutishi mumkin. Lekin oldinda AQSh mezbonlik qiladigan mundial va oraliq saylovlar masalasi bor.

60 kunlik vakolat doirasida sulh allaqachon kuchga kirib urush to‘xtagan bo‘lsa, Tramp qaytadan yangi operatsiya e’lon qilishi mumkinmi?

Shavkat Ikromov: Dastlab berilgan 60 kunlik muddat, bu Kongress yakuniy qaror chiqarmasdan turib prezidentga urush olib borish vakolatini beruvchi mexanizm hisoblanadi. Bu muddatdan tashqari yana qo‘shimcha 30 kunlik zaxira ham mavjud.

Biroq urush qanday maqsadlarda boshlangan bo‘lsa, o‘sha maqsadlarning birortasi hozircha amalga oshgani yo‘q. Aksincha, mintaqada yanada og‘ir va inqirozli vaziyat yuzaga kelgan. Ko‘plab kuzatuvchilar bu holatni kelajakda keng ko‘lamli urushga olib kelishi mumkin bo‘lgan xavfli bosqich sifatida baholamoqda.

Xususan, Qo‘shma Shtatlarning Ho‘rmuz bo‘g‘ozini deyarli to‘liq blokada qilishi va Eronga harakat erkinligini bermayotgani, Tehronni yanada keskin choralar ko‘rishga undashi mumkinligi haqida taxminlar bor. Xalqaro urush qoidalariga ko‘ra bunday blokada tegishli konvensiyalarga mos kelishi kerak.

Biroq hozirgi vaziyatda AQSh va uning ittifoqchisi Isroil harakatlari bu normalarga to‘liq mos kelmayotgani haqida fikrlar mavjud. Agar blokada davom etsa, urush tugadi degan da’voning o‘zi savol ostida qoladi. Chunki urush yakunlandi deb aytish uchun tomonlar murosaga kelishi yoki hech bo‘lmaganda umumiy kelishuvga erishishi lozim. Hozir esa AQSh dastlab qo‘ygan talablaridan deyarli chekinmagan, Eron tomoni ham o‘zining “qizil chiziqlari”da qat’iy turibdi. Tomonlar muzokaraga yaqinlashayotganini ko‘rsatadigan aniq belgilar yo‘q.

Shu nuqtai nazardan, urush tugaganini e’lon qilishni Donald Trampning siyosiy va harbiy taktikasiga xos uslub sifatida baholash mumkin. Odatda u tinchlik yoki urushni yakunlash haqida bayonot bergach, ortidan keskin harbiy harakatlar yoki qarama-qarshi qadamlar kuzatiladi. Shu bois bu holatni vaqtinchalik tanaffus sifatida talqin qilish mumkin. Hozirgi vaziyatga qaraganda, Fors ko‘rfazi hududida AQSh qo‘shinlarini qayta joylashtirish jarayoni davom etmoqda.

Ayrim kuchlar olib chiqilmoqda, boshqalari esa yangi sharoitlarda faoliyat yuritishga tayyorlanmoqda. Shu sababli aynan qanday “tinchlik” haqida gap ketayotgani hanuz aniq emas.

Jahongir Akramov: Hozirgi vaziyatda Donald Tramp Kongressga maxsus maktub yo‘llab, AQSh Eron bilan allaqachon sulhga erishganini ta’kidladi. Shu bois, o‘t ochishni to‘xtatish rejimi ishga tushganidan keyin, apreldan boshlab 60 kunlik muddat o‘z ahamiyatini yo‘qotganini bildirgan. Ya’ni bu masalani muhokama qilishning o‘zi ortiqcha degan pozitsiyani ilgari surmoqda.

Bu esa ma’lum ma’noda shuni ko‘rsatadiki, u Kongressda siyosiy mag‘lubiyatga uchrashi mumkinligini oldindan anglab turibdi. Chunki hatto ayrim respublikachilar ham urushni davom ettirish uchun Trampga qo‘shimcha vakolat berishga qarshi ekanliklarini bildirgan. Senatda demokratlar yetakchisi bo‘lgan Chak Shumer ham keskin bayonot berib, agar respublikachilar Trampni qo‘llab-quvvatlasa, ular uning harakatlariga sherik bo‘lishini ta’kidladi. Bu esa AQSh siyosiy tizimida jiddiy bo‘linish mavjudligini ko‘rsatadi.

Hozirgi sharoitda qo‘shimcha bir oylik muddat aslida urushni davom ettirish uchun emas, balki mavjud operatsiyalardan chiqib ketish uchun mo‘ljallangan. Biroq hozir vaziyatda faol harbiy harakatlar deyarli kuzatilmayapti.

Shunday ekan, Tramp kelajakda yana harbiy harakatlarni boshlash ehtimoli uchun “imkoniyat oynasi”ni ochiq qoldirmoqchi.

Agar kongress “jangovar harakatlar to‘liq to‘xtatilsin, qo‘shinlar qaytarilsin” degan qat’iy qaror qabul qilsa va prezident vakolatlari konstitutsiyadan chetga chiqqani haqida xulosa qilsa, bu AQShning Eron bilan muzokaralarida Tehron pozitsiyasini kuchaytirib yuborishi mumkin. Shu sababli kongress qarori ko‘proq huquqiy emas, balki siyosiy xarakterga ega bo‘lish ehtimoli yuqori.

Chunki AQSh siyosatchilari har qanday holatda ham kamroq yo‘qotish bilan vaziyatdan chiqishga harakat qilmoqda. Ikkinchi jihat shundaki, Trampdan deyarli har qanday qarorni kutish mumkin. Masalan, Rossiyaning Ukrainaga yoki AQSh va Isroilning Eronga hujumi kabi voqealarni an’anaviy siyosatshunoslik doirasida to‘liq izohlash qiyin.

Chunki odatda siyosat milliy manfaatlarga asoslanadi, ammo bu holatlarda irratsional qarorlar, mafkuraviy omillar yoki boshqa davlatlar lobbisining ta’siri mavjud bo‘lishi mumkin. Bu esa AQSh uchun ham noan’anaviy holat hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, Trampni to‘xtatib turishi mumkin bo‘lgan asosiy omillardan biri jamoatchilik, ayniqsa uning tarafdorlari munosabati. Xususan, “MAGA” harakati tarafdorlarining reaksiyasi muhim rol o‘ynashi mumkin.

Masalan, ular yirik ichki tadbirlar — Jahon chempionati yoki AQShning 250 yillik yubileyi arafasida tashqi mojarolarga e’tibor qaratilishini tanqid qilishi ehtimoli bor. Umuman olganda, Trampning siyosiy ritorikasida ham qarama-qarshiliklar kuzatiladi. U avval Jo Bayden prezident bo‘lmaganida, 2020 yilda Trampning o‘zi saylanganida Rossiya-Ukraina urushi bo‘lmas edi, degan da’voni ilgari surgan edi. Biroq amalda bu urushni Vladimir Putin boshlagan. Hozir esa Trampning Eronga nisbatan harbiy harakatlari uning o‘sha asosiy siyosiy argumentini zaiflashtirib qo‘ydi.

To‘liq suhbatni YouTube'dagi “Geosiyosat | Kun.uz” kanalida tomosha qilishingiz mumkin.

Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Tayyorlagan Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid