“Kelgusida poytaxt jamoat transporti uchun yangi avtobuslar sotib olinishi rejalashtirilgan”.

Toshkent shahrida jamoat transporti tizimidagi muammolarni bartaraf etish orqali transport xizmatini qulaylashtirish, yo‘nalishlardagi avtobuslar harakatlanishini to‘g‘ri va samarali tashkil etish maqsadida “Toshshahartransxizmat” AJga tegishli 7, 8, 18-sonli avtosaroylarda mavjud yo‘nalishlar faoliyatini o‘rganishga 212 nafar ichki ishlar xodimi jalb etilgan. Bu haqda IIV axborot xizmati Kun.uz so‘roviga javoban ma’lum qildi.

O‘rganish davomida 65 ta yo‘nalishga 411 ta avtobus jalb etilgani, biroq aholi ehtiyojlarini to‘liq qondirish uchun qo‘shimcha 57 ta avtobus zarurligi aniqlandi. Zaruriy ta’mirlash ishlaridan so‘ng 16 dekabr kuni qo‘shimcha 20 ta avtobus jalb qilingan.

Bundan tashqari, 71 ta avtobus olib kelinib, yo‘nalishga chiqarish uchun jihozlangan (GPS, to‘lov terminali, yo‘nalish raqami va ko‘rsatkichlari va h.k. o‘rnatilgan), davlat raqam belgilari tarqatilgan hamda haydovchilarni o‘qitish ishlari amalga oshirilgan. 71 ta avtobusdan 35 tasi yo‘nalishga chiqarilgan.

Qo‘shimcha olib kelingan avtobuslarning 30 tasi IIV tomonidan ajratilgan bo‘lib, ular interval vaqti uzoq va yo‘nalish masofasi katta bo‘lgan yo‘nalishlarga biriktirilgan. Natijada sutka davomida yo‘lovchilar soni 1,9 foizga, tushumlar miqdori 2,5 foizga oshgan, yo‘nalishdagi avtobuslarning harakatlanish oraliq vaqti 25-30 daqiqadan 10-12 daqiqaga qisqargan. Keyingi bosqichda 36 ta avtobus tayyorlanib, yo‘nalishga chiqarilishi rejalashtirilgan.

Foto: IIV axborot xizmati

Qayd etilishicha, poytaxt avtobus saroylarida mavjud 570 ta avtobusdan 176 tasi texnik jihatdan nosoz holda saqlanayotgani, 75 tasi foydalanishga umuman yaroqsiz holatda ekani aniqlangan va shundan 16 tasi IIV, MG, FVVning tashabbusi bilan joriy ta’mirlangan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, IIV qaramog‘iga berilgan avtosaroylarga 302 ta shina, 86 ta akkumulyator batareyasi va 343 ta boshqa turdagi ehtiyot qism zarurligi aniqlangan.

Haydovchilari shtat birligi 895 ta bo‘lsa-da, 14,4 foizi yoki 129 tasi jamlanmagan, bunday holat yo‘lovchilarni tashish faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. IIV va “Toshshahartransxizmat” AJ xodimlar bo‘limi bilan birgalikda bo‘sh haydovchi lavozimlarini jamlash maqsadida 2 425 nafar “D, E” toifali haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lgan shaxslar ro‘yxati shakllantirilgan. Toshkent shahridan 413 nafar, Toshkent viloyatidan 2 012 nafar haydovchilikka nomzod ro‘yxatga olinib, ular bilan o‘tkazilgan suhbatlar natijasida 34 nafari ishga qabul qilindi, 66 nafari bo‘yicha hozirda hujjatlar tayyorlanmoqda.