Jamiyat | 20:21 / 19.05.2023
54749
7 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdagi modalar haftaligi ijtimoiy tarmoqda tanqidga uchradi. Tashkilotchi izoh berdi

Toshkent shahrida o‘tgan modalar haftaligi doirasida namoyish etilgan liboslarning ayrimlari salbiy izohlarga sabab bo‘ldi. Tashkilotchining izoh berishicha, erkaklar kiyib chiqqan liboslarni repetitsiya jarayonida ayollar kiygan, lekin namoyish oldidan dizayner improvizatsiya qilishni xohlab, liboslarni erkaklarga kiydirib yuborgan.

Foto: Uzbekistan Fashion Week

Toshkent shahrida 13-18 may kunlari Uzbekistan Fashion Week – 2023 (O‘zbekiston moda haftaligi – 2023) tadbiri bo‘lib o‘tdi. Haftalik dizayner Dilnoza Umrzoqova tashkilotchiligi asosida o‘tgan. Kun.uz muxbiri u bilan suhbatlashib, namoyish maqsadi va podiumda olib chiqilgan liboslar haqida batafsil ma’lumot oldi.

Namoyishda 300 dan ortiq kolleksiyalar hujjati topshirilgan va shundan 35 nafar dizayner 500 ga yaqin liboslari bilan podiumda ishtirok etgan. Dizaynerlar asosan o‘zbekistonliklar bo‘lib, yana bir qancha qozog‘istonlik va marokashlik Ifrah Arsi taklif etilgan. Liboslarning aksar qismi milliy matolardan tikilgan. Modalar ichida odatda ayollarga mo‘ljallangan liboslarni erkaklar kiyib chiqqani jamoatchilik e’tiborini tortdi va turli platformalarda muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Jurnalist Fotima Jo‘rayeva liboslar «mentalitetga yotligi»ni aytib, «bularning kirib kelishiga yo‘l qo‘ymaslik kerakligi»ni yozgan. Facebook’dagi ayrim foydalanuvchilar esa «liboslarda bir jinslilik madaniyati targ‘ib qilingan» degan xulosaga borgan bo‘lsa, yana biri «O‘zbekiston olgan qarzlari badalini shunday to‘layapti», degan ma’noda post qoldirgan.

Mavzu Twitter foydalanuvchilari tomonidan ham muhokama qilindi. Foydalanuvchilardan biri modalar haftaligi Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida o‘tkazilganini aytib, tvit yozgan. Unga javoban agentlik rahbari Alisher Sa’dullayev haftalikning tashkilotga aloqasi yo‘qligini bildirgan.

Bundan tashqari, agentlik matbuot xizmati voqeaga rasmiy munosabat ham bildirdi. Unda aytilishicha, tadbir bir qator tashabbuskorlar va xususiy sektor vakillari tomonidan tashkil etilgan va ijtimoiy tarmoqlarda agentlik loyihasi sifatida xato ko‘rsatilgan.

«Agentlik Uzbekistan Fashion Week doirasida namoyishi bo‘lib o‘tgan va jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘lgan milliy qadriyatlarimizga zid bo‘lgan ko‘rgazmali chiqishlar to‘liq tashkilotchilar tashabbusi ekanligini va tashkilotning bunga aloqasi yo‘qligini ma’lum qiladi», – deyilgan izohda.

Jamoatchilikda bu tadbirni o‘tkazish kimning hisobidan moliyalashtirilgan, liboslar namoyishdan oldin ko‘rib chiqilib, mahalliy aholi madaniyati bilan hisoblashilmaganmi, kabi savollar tug‘ilyapti. Bularga javobni tashkilotchi Dilnoza Umrzoqova tushuntirib berdi.

U moda O‘zbekistonda oxirgi 10 yilda deyarli to‘xtab qolgan soha ekani, shunday bo‘lsa ham dizaynerlar ishlagani, lekin yig‘ilib bir-birining ishini ko‘rib, fikr almashish jarayoni bo‘lmaganini aytadi.

«Yetarlicha mutaxassis, sohani tushunadigan rejissurada ishlaydigan odamlar ham yo‘q O‘zbekistonda. O‘sha xato ham aynan rejissura xatosi bilan bo‘lgan. Aynan erkaklarning yubkada chiqqan kolleksiyasi 20 yoshli talaba qizga tegishli.

Bizda o‘zi kiyimlar 3 bosqichli ko‘rikdan o‘tib, keyin tasdiqlanadi. O‘shanda dizayner qiz liboslarini qiz bolaga kiydirib tasdiqlatgan. Repetitsiya jarayonida ham liboslarni qizlar kiygandi. Lekin e’tiborni tortmoqchi bo‘lib, podiumga chiqish oldidan kiyimlarni yigit modellarga kiydirib, improvizatsiya qilmoqchi bo‘lgan. G‘oyasi bunaqa targ‘ib qilinishini bilmagan», – deydi Umrzoqova.

Jamoatchilik orasida modalar haftaligi qandaydir buyurtma asosida bo‘lgan degan fikrlar ham yuribdi. Dizayner bunga ham izoh berdi.

«Hammasi o‘zimizning mablag‘dan bo‘lgan. Nega u qizni oldik? Birinchidan, yoshlar tekinga chiqadi, ikkinchidan, haftalikda turfa xillikni ta’minlashni xohladik», – deydi tashkilotchi.

Umrzoqova jamiyatda odamlarning e’tibori milliy namoyish qilingan liboslardan chetda qolayotganidan ranjiganini aytdi. Chunki 300 ga yaqin libos milliy matolardan qilib, o‘zbekona xarakterda bo‘lgan.

«Masalan, Abdulla Qodiriy uy-muzeyida «Anor va Nadi» kolleksiyasini namoyish qildik. U yerda bir-biridan chiroyli va milliy madaniyatni aks ettirgan liboslar ko‘p edi. Lekin unga e’tibor qaratishmadi», – deydi u.

Foto: Uzbekistan Fashion Week
Foto: Uzbekistan Fashion Week
Foto: Uzbekistan Fashion Week
Foto: Uzbekistan Fashion Week
Foto: Uzbekistan Fashion Week
Foto: Uzbekistan Fashion Week
Foto: Uzbekistan Fashion Week

Abdulla Qodiriy uy-muzeyida namoyish qilingan liboslardan birida sobiq ittifoq bayrog‘i tasviri ham bo‘lgan. Umrzoqova bundan hech qanday tag ma’no qidirmaslik kerakligi, tashkilotchilarda hech qanday ittifoqparastlik g‘oyalari yo‘qligi, bu faqat bitta libosda aks etgani va bu ham matoni isrof qilmaslik maqsadida olinganini aytdi.

Foto: Uzbekistan Fashion Week

«Bitta yo‘nalish «Ekologiya va moda» deb nomlangandi va eski matolarni isrof qilmaslik, tabiatni asrash maqsadida dizaynerlar shu matodan foydalangan. Menimcha, bunaqa tag ma’no istalgan brend yoki dizayner ishidan ham topiladi», – deydi loyiha rahbari.

U jamoatchilikning xato talqini ortidan dizaynerlarning oila a’zolari ularning sohasida ishlashga ruxsat bermaslik holati bo‘lganini ham aytib o‘tdi.

«O‘sha namoyishda qatnashgan dizaynerlarning oila a’zolari ishlashga ruxsat bermaslik holati bo‘lyapti. Lekin buning ortida bir yarim ming odam ishlaydi. Shuncha odam bitta video deb qoraga chiqib ketyapti», – deya afsus bilan ta’kidlaydi tashkilotchi.

Haftalikda Marokashdan kelgan dizayner Ifrah Arsi libosi ham muhokamaga sabab bo‘ldi.

«To‘g‘ri u bizning mentalitetga to‘g‘ri kelmas, lekin bu ularning madaniyati. Xo‘p, kim o‘rtaliqdagi chegarani belgilab beradi, san’atda qayerda tugaydi chegara?

Har bir millatning o‘ziga xosligi bor va bundan yuz o‘girib bo‘lmaydi. Qolaversa, modalarimiz dunyoga chiqishi uchun biz ham yirik dizaynerlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishimiz kerak. Biz chaqirgan dizaynerlar Beyonce, Shakira kabi qo‘shiqchilarga kiyim tikib beradi. Biz dunyoviy davlatmiz deyayotgan bo‘lsak, ularga xam ochiq bo‘lishimiz kerak”, – deydi u.

Foto: Uzbekistan Fashion Week
Foto: Uzbekistan Fashion Week
Foto: Uzbekistan Fashion Week
Foto: Uzbekistan Fashion Week
Foto: Uzbekistan Fashion Week

Mavzuga oid