Jahon | 17:00 / 28.12.2025
15992
4 daqiqa o‘qiladi

Putin yana harbiy formada yig‘ilish o‘tkazdi. Lavrov Yevropani «tinchlik yo‘lidagi asosiy g‘ov» deb atadi

Zelenskiyning Tramp bilan uchrashuvi oldidan nimalar bo‘lmoqda?

Foto: Rossiya prezidenti matbuot xizmati

Volodimir Zelenskiy Donald Tramp bilan bo‘lib o‘tadigan uchrashuvi oldidan 27 dekabr kuni Kanadaga uchib bordi va yevropalik ittifoqchilar bilan muloqot o‘tkazdi. Ular qatorida Kanada, Fransiya, Finlandiya, Germaniya, Italiya, Daniya, Polsha, Niderlandiya, Norvegiya va Shvetsiya rahbarlari, shuningdek, Yevrokomissiya boshlig‘i Ursula fon der Lyayyen bor edi.

Zelenskiyning o‘zi jurnalistlarga yevropalik ittifoqchilar bilan suhbat chog‘ida gap Tramp bilan muhokama qilinishi rejalashtirilgan «asosiy hujjatlar» haqida borganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, 20 banddan iborat rejaning 90 foizi allaqachon kelishilgan, ular bo‘yicha «kimgadir yoqishi, kimgadir yoqmasligi» mumkin bo‘lgan yechimlar mavjud. Ukraina prezidenti Tramp bilan Donbass taqdiri, Zaporijjya atom elektr stansiyasi kelajagi va boshqa masalalarni muhokama qilishni rejalashtirmoqda.

Polsha bosh vaziri Donald Tusk Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlarini muhokamalarning asosiy bandi deb atadi. «Muhokamaning barcha ishtirokchilari Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari hal qiluvchi ahamiyatga ega degan fikrga kelishdi. Ular aniq va ishonchli bo‘lishi kerak. Bunday kafolatlar Polshaning xavfsizligini ham anglatadi», – deb yozgan Tusk. Zelenskiyning qo‘shimcha qilishicha, u Tramp bilan suhbat «yaxshi o‘tishi»ni kutmoqda va shundan keyin Yevropa yetakchilari bilan yana bir muhokama o‘tkazilishi mumkin.

Vladimir Putin esa shu kuni, 27 dekabrda, birlashgan qo‘shinlar guruhining boshqaruv punktlaridan biriga tashrif buyurdi. U yerda unga Rossiya armiyasi Zaporijjya oblastidagi Gulyaypole va Donetsk oblastidagi Mirnograd (Rossiya rasmiylari Dimitrov deb ataydi) shahrini egallab olgani haqida hisobot berildi. Kreml e’lon qilgan videodan ko‘rish mumkinki, Putin boshqaruv punktida o‘tkazilgan yig‘ilishni harbiy kiyimda o‘tkazgan. Faridaily nashri ta’kidlashicha, oktyabr oyidan beri Putin frontdagi vaziyat bo‘yicha oltinchi marta yig‘ilish o‘tkazmoqda (va to‘rtinchi marta harbiy kiyimda) – bunaqasi urush boshidan buyon bunchalik ko‘p bo‘lmagandi.

Bundan tashqari, Zelenskiyning Tramp bilan uchrashuvi oldidan Rossiya TIV saytida vazirlik rahbari Sergey Lavrovning TASS agentligiga bergan intervyusi e’lon qilindi. Bu intervyuda Lavrov «Zelenskiy rejimi» va uning yevropalik ittifoqchilari «konstruktiv muzokaralarga tayyorligini ko‘rsatmayotgani»ni, Yevroittifoq esa «tinchlik yo‘lidagi asosiy to‘siqqa aylangani»ni aytgan.

Shuningdek, Rossiya TIV rahbari Yevropaning urushdan keyin Ukrainaga tinchlikparvar kontingent yuborish rejalariga to‘xtalgan. U Rossiya tomoni bu holatda ushbu harbiylar Rossiya qurolli kuchlarining «qonuniy nishoniga aylanishi» haqida «yuz marta ta’kidlagani»ni eslatgan. «Yevropadagi aqlsiz siyosatchilar uchun, umid qilamanki, ularga ushbu intervyuni ko‘rsatishadi, yana bir bor takrorlayman: Rossiya kimgadir hujum qilishidan qo‘rqish kerak emas. Ammo kimdir Rossiyaga hujum qilmoqchi bo‘lsa, javob qaqshatqich bo‘ladi», – dedi Lavrov.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid