Jahon | 18:01
1575
8 daqiqa o‘qiladi

Trampning Eron bo‘yicha murojaatidan 5 muhim xulosa

Prezident Tramp urushdan chiqishning aniq yo‘lini ko‘rsatmadi, biroq Erondagi mojaro uch hafta ichida yakunlanishini taxmin qildi. Shuningdek, u urush xarajatlaridan xavotirda bo‘lgan amerikaliklarni vaziyatga xolis baho berishga chaqirdi.

Murojaatni boshlash uchun sahnaga chiqayotgan Tramp / Foto: AP Photo

AQSh va Isroil Eronga qarshi urush boshlaganiga bir oydan ko‘proq vaqt o‘tdi. AQSh prezidenti Donald Tramp 1 aprel kuni kechki payt (Toshkent vaqti bilan 2 aprel tongda) amerikaliklarga murojaat qilib, nima uchun bu urush zarurligi haqida o‘z dalillarini keltirdi.

Oq uydan turib so‘zlangan 19 daqiqalik nutqida Tramp Eronning raketa va dron tizimlari «keskin qisqartirilgani», ularning qurol-yarog‘ zavodlari va raketa uchirish moslamalari esa «parcha-parcha qilib tashlanayotganini» aytdi. Aslida esa AQSh–Isroil hujumlari Tehronning ko‘plab ballistik raketalari va uchirish moslamalarini yo‘q qilgan bo‘lsa-da, Eron mintaqada raketa otishni davom ettirmoqda.

New York Times nashri – Tramp harbiy harakatlarni ulkan muvaffaqiyat, deb ta’riflagan Eron bo‘yicha murojaatidan 5 ta muhim xulosani sanab o‘tdi.

1. Tramp urushdan chiqishning aniq yo‘lini aytmadi

Nashrning yozishicha, Donald Tramp urushni tugatish uchun muzokaralarni qo‘llab-quvvatlash va zo‘ravonlikni kuchaytirish haqidagi va’dalar o‘rtasida ikkilanib qolgan. «Biz Amerikaning barcha harbiy maqsadlarini yaqin orada, juda yaqin orada yakunlash yo‘lidamiz», dedi u.

Shu bilan birga Tramp «ularga nihoyatda qattiq zarba berishi» haqida gapirdi. «Kelgusi ikki-uch hafta ichida biz ularni o‘zlari mansub bo‘lgan tosh davriga qaytaramiz. Shu bilan birga, muzokaralar davom etmoqda», deya qo‘shimcha qildi.

Foto: Reuters

Trampning mojaro davomida bergan tez-tez qarama-qarshi signallari faqat chalkashlikni oshirmoqda.

Tramp, agar Eron rahbarlari muzokaralar davomida AQSh shartlariga taslim bo‘lmasa, Eronning energetika va neft infratuzilmasiga zarbalar berilishi mumkinligiga ishora qilgan.

Eron AQSh bilan hech qanday to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar olib borilmayotganini aytgan. AQSh razvedka idoralari esa eronliklar aloqa kanallarini ochiq saqlashga tayyor, biroq hozircha yon berish niyatida emas, degan xulosaga kelgan.

2. Tramp amerikaliklarni urushga xolis qarashga undadi

Saylovchilar fikricha, urush AQSh iqtisodiyotga zarar yetkazmoqda va ichki muammolardan chalg‘itmoqda. Bunday vaziyatda Donald Tramp o‘zidan uzoqlashayotgan saylovchilarining tanqidlariga yuzaki qarab o‘tdi.

U o‘zining harbiy kampaniyasi o‘tmishdagi urushlardan ancha qisqa bo‘lganini isbotlash uchun Birinchi jahon urushi, Ikkinchi jahon urushi, Vetnam, Koreya va Iroq urushlarining davomiyligini sanab o‘tdi. «Bu mojaroga to‘g‘ri nuqtai nazardan qarashimiz juda muhim», dedi Tramp.

U amerikaliklar his qilayotgan iqtisodiy qiyinchiliklarga nisbatan ochiqdan ochiq hamdardlik bildirmadi. Biroq Trampning fikricha, urush Eron tomonidan kelayotgan tahdidni yo‘q qilish uchun arziydi. «Bu farzandlaringiz va nevaralaringiz kelajagi uchun haqiqiy sarmoyadir», dedi u.

Dushanba kuni yakunlangan Reuters/Ipsos so‘rovnomalariga ko‘ra, Trampning umumiy ma’qullash reytingi 36 foizga tushib ketgan. Bu uning Oq uyga qaytganidan beri eng past ko‘rsatkichdir.

Murojaatni tinglayotgan moliyaviy tahlilchilar / Foto: Reuters

Uning telemurojaatidan so‘ng aksiyalar narxi tushdi, dollar mustahkamlandi va neft narxi ko‘tarildi, chunki Tramp urush qachon tugashi haqida aniq reja taqdim etmadi.

«U Oq uy qarorgohidagi qo‘sh eshiklardan chiqib, sahnaga yaqinlashar ekan, dramatik kirish qildi. Keyingi 19 daqiqa esa u xira yoritilgan xonada, asosan bo‘g‘iq ovozda gapirdi. Tramp AQShni urushga olib kirish sabablarini oydinlashtirish o‘rniga, uzoq yillardan beri ishlatib kelayotgan shablon gaplariga sodiq qoldi», deya Reuters nashri Trampning chiqishini tasvirladi.

3. Eron uranini qo‘lga kiritish haqida

Avvalroq Donald Tramp Isfahondagi yadroviy inshootda saqlanayotgan boyitilgan uranni olib chiqish missiyasini ko‘rib chiqayotgani xabar qilingandi.

Ammo murojaatda Tramp «Eronning yadroviy obektlariga shunday qattiq zarba berilganki, yadro changiga yaqinlashish uchun oylab vaqt kerak bo‘ladi», dedi. Uning aytishicha, AQSh obektlarni kuzatib boruvchi sun’iy yo‘ldoshlarga ega. Tramp agar Eron materialni qaytarib olishga harakat qilsa, hujum qilishini aytdi.

NYTʼga ko‘ra, Tramp bir necha hafta davomida materialni qo‘lga kiritishga qiziqishini bildirib kelganidan so‘ng, bu bilan Eronni aldashga urinayotgan bo‘lishi ham mumkin. Aks holda, u yadroviy materialni aynan urush boshlanishidan oldin bo‘lgan joyida — nazariy jihatdan Eron yetishi mumkin bo‘lgan masofada qoldirmagan bo‘lardi. Bu esa – ushbu mojaro AQShga bu yo‘nalishda hech nima bera olmaydi, degan taxminlarni ilgari suradi.

4. Ho‘rmuz bo‘g‘ozi – Amerikaning muammosi emas

Prezident Tramp arablardan bo‘g‘oz orqali neft sotib oluvchi davlatlar uni qayta ochishda yetakchilikni o‘z qo‘liga olishi kerak, dedi. Tramp bu talablarni birinchi marta aytmayapti. Biroq G‘arbdagi ittifoqchilar Donald Tramp va Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu ular bilan maslahatlashmasdan boshlagan urushga qo‘shilmoqchi emas.

Murojaat vaqtida zalda o‘tirgan Oq uy rasmiylari / Foto: Reuters

AQSh yetakchisi Eronning janubiy qirg‘oqlari yaqinidagi ushbu arteriya orqali o‘tadigan neftga «ehtiyojimiz yo‘q», deb da’vo qildi. Rostdan ham AQSh ko‘rfazdan juda kam neft import qiladi. Ammo Trampning pozitsiyasi – neft narxlari global miqyosda belgilanishi va Yaqin Sharqdagi ta’minot uzilishlari AQShga ham o‘z ta’sirini o‘tkazishi haqidagi iqtisodiy haqiqatni inkor etadi.

Global bozorlarda neftning kamayishi amerikaliklar uchun benzin narxi oshishini anglatadi. O‘g‘itlar kabi boshqa muhim tovarlar ham Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali eksport qilinadi. Bu esa Eron yuk tashishni to‘xtatib qo‘ysa, oziq-ovqat va boshqa tovarlar narxida inflatsiya xavfini yanada orttiradi.

5. Venesueladagi operatsiya namuna sifatida keltirildi

Nutqining dastlabki daqiqalarida Tramp Venesuela yetakchisi Nikolas Maduroni qo‘lga olish bo‘yicha missiyaning muvaffaqiyati bilan maqtanib o‘tdi. «Ushbu zarba tezkor, o‘limga olib keluvchi, shiddatli bo‘ldi va butun dunyoda hamma tomonidan tan olindi», dedi Tramp chorshanba oqshomida.

Foto: AP Photo

Maslahatchilarning aytishicha, Donald Tramp ushbu operatsiyani Eronda amalga oshirmoqchi bo‘lgan ishlari uchun namuna sifatida ko‘radi. Ammo bu ikki vaziyat bir-biridan juda farq qiladi.

Venesuelada AQSh kuchlari tez harakat qilgan: Karakasga tushib, Nikolas Maduroni hibsga olgan holda chiqib ketgan. U yerda AQSh harbiylari orasida qurbonlar bo‘lmagan.

Eronda esa urush hozirgacha «AQShning dushman rejimi» o‘z joyida: o‘ndan ortiq AQSh askari halok bo‘lgan va yuzlab kishilar yaralandi. 

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid