19:10 / 04.07.2019
20278

Termizdagi «damaschilar ishi». Adliya vazirligi hokim qarorini bekor qilish yuzasidan taqdimnoma kiritdi

Adliya vazirligi Surxondaryo viloyati Termiz shahri hokimligi tomonidan shahardagi «Damas» rusumli avtomashinalarga shahar ichida yo‘lovchi tashish xizmati bilan shug‘ullanish taqiqlanishi bilan bog‘liq masala yuzasidan munosabat bildirdi.

«Hokimlarning qarorlari adliya organlarining ijobiy xulosasiga asosan qabul qilinishi lozim» sarlavhali munosabatda vazirlik tomonidan hokim qarorini bekor qilish yuzasidan taqdimnoma kiritilgani ma'lum qilingan.

«Adliya vazirligi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq hokimliklar tomonidan normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilishning belgilangan tartibiga rioya qilinishi ustidan nazoratni amalga oshirish Vazirlikning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.

Shunga ko‘ra, mazkur masala yuzasidan quyidagilar ma'lum qilinadi.

Termiz shahar hokimi tomonidan 2019 yil 13 iyunda «Termiz shahrida transport xizmatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaror qabul qilingan.

Mazkur qaror bilan shu jumladan, 2019 yil 1 iyuldan boshlab Termiz shahri ichida «Damas» rusumli transport vositalari harakatini to‘xtatish bo‘yicha mutasaddi idoralarga vazifalar yuklangan.

Ta'kidlab o‘tish lozimki, mazkur qaror loyihasi Termiz shahar adliya bo‘limi tomonidan ko‘rib chiqilib, tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qiluvchi va raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari prinsiplarini buzishi mumkinligi tufayli Savdo-sanoat palatasi va Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining hududiy boshqarmalari bilan kelishilishi lozimligi haqida xulosa taqdim etilgan.

Bundan tashqari, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish tartib-taomilining murakkablashtirilishini va tadbirkorlik faoliyati sub'yektlari zimmasiga yangi majburiyatlar yuklatilishini nazarda tutadigan qonun hujjatlari rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran kamida uch oydan keyin kuchga kirishi lozim.

Biroq, Termiz shahar hokimligi tomonidan qaror tegishli idoralar bilan kelishilmasdan, adliya bo‘limining huquqiy ekspertiza yakunlari bo‘yicha ijobiy xulosasini olmagan holda qabul qilinganligi natijasida qator qonun hujjatlari talablari buzilgan.

Yuqoridagilarga ko‘ra, 10 kunlik muddatda mazkur qarorni bekor qilish, shuningdek aybdor shaxslarga tegishli choralar ko‘rilishi uchun 2019 yil 3 iyul kuni Termiz shahar adliya bo‘limi tomonidan Termiz shahar hokimligiga taqdimnoma kiritildi.

Ma'lumot o‘rnida Adliya vazirligi mahalliy davlat hokimiyati organlarining normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish amaliyoti qat'iy nazorat ostiga olinganini, bu bo‘yicha hududiy adliya organlari tomonidan hokimliklarga tegishli huquqiy va metodik yordam ko‘rsatib kelinayotganini bildiradi.

Xususan, 2019 yilning o‘tgan davrida tuman (shahar) adliya bo‘limlari tomonidan kiritilgan taqdimnomalarga asosan tuman (shahar) hokimlarining 160ta qarorlari bekor qilingan, 165 nafar mas'ul shaxs javobgarlikka tortilgan», deyiladi telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali xabarida.

Bundan avvalroq, Termizda «Damas»lar yo‘lovchi tashish yo‘nalishidan olib tashlangach, haydovchilar shahar hokimligi binosi oldida to‘planib, o‘z noroziligini bildirishgani to‘g‘risida xabar qilingandi.

Keyinroq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik Palatasi deputatlari Abdurashid Abduqodirov va Islomjon Zokirov ushbu holat yuzasidan munosabat bildirdi.

Top