O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik Palatasi deputatlari Abdurashid Abduqodirov va Islomjon Zokirov Termiz shahrida «Damas» avtomoshinalari yo‘lovchi tashish yo‘nalishidan olib tashlangani haqidagi maqola yuzasidan munosabat bildirdi.
«Ijtimoiy tarmoqlarda, jumladan, Kun.uz saytida «Damas» rusumli avtomashinalarga Termiz shahri ichida yo‘lovchi tashish xizmati bilan shug‘ullanish taqiqlangani va uning oqibatida 700dan ortiq ushbu faoliyat turi bilan shug‘ullanayotgan haydovchilar va ushbu xizmatlardan foydalanib kelayotgan ko‘plab aholi vakillarining noroziliklari aks etgan ma'lumotlar tarqalmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 10 yanvardagi «Aholiga transport xizmati ko‘rsatish hamda shaharlar va qishloqlarda avtobuslarda yo‘lovchilar tashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-2724 sonli qarori ijrosini ta'minlash maqsadida qabul qilingan Termiz shahar hokimining qarori bilan 2019 yil 1 iyundan boshlab Termiz shahrida faoliyat yuritayotgan «Damas» yo‘nalishli taksilariga berilgan litsenziyaning amal qilish muddati tugashi e'tirof etilib, ularni shahar atrofida xizmat ko‘rsatishga o‘tkazish hamda harakatdan to‘xtatish hisobiga yangi yo‘nalishlarni tashkil etish, noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan «Damas» yo‘nalishli taksilariga nisbatan murosasiz bo‘lish, javobgarlik masalasini hal etish vazifalari belgilanibdi.
Biroq, birinchidan, ijrosini ta'minlash nazarda tutilgan yuqorida ta'kidlangan Prezident qarorida «Damas» yo‘nalishli taksilariga berilgan litsenziyaning amal qilish muddatini tugatish va ularga shahar ichida yo‘lovchi tashish xizmati bilan shug‘ullanishni taqiqlash haqidagi biror jumlaning o‘zi yo‘q. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 10 yanvardagi PQ-2724 sonli qarori bilan to‘liq tanishmagan aholida, «Damas» yo‘nalishli taksilariga berilgan litsenziyaning amal qilish muddatini tugatish va ularga shahar ichida yo‘lovchi tashish xizmati bilan shug‘ullanishni taqiqlash go‘yoki, «Prezident qarori bilan amalga oshirilayotgan ekan», degan noto‘g‘ri xulosa paydo qiladi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ushbu PQ-2724 sonli qarori bitta shahardagi 700ga yaqin kishini ishsiz qoldirish uchun emas, balki, aynan mamlakat shahar va qishloqlarida aholi bandligi muammolarini hal etishda avtotransport xizmatlari ko‘rsatishning rolini kuchaytirish maqsadida qabul qilinganini ham unutmasligimiz kerak.
Ikkinchidan, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish tartib-taomilini murakkablashtirishni va tadbirkorlik sub'yektlariga yangi majburiyatlarni yuklashni nazarda tutuvchi, shuningdek tadbirkorlik sub'yektlari javobgarligining yangi choralarini belgilovchi normativ hujjatda uning (yoki uning bir qismining) kuchga kirishi muddati ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak. Bunda normativ hujjatning kuchga kirishi muddati u rasmiy e'lon qilingan kundan boshlab uch oydan kam bo‘lmasligi kerak.















