O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Termiz shahar hokimining «Termiz shahrida avtobus xizmatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori loyihasi muhokamasi bo‘lib o‘tib, qaror qabul qilingan.

Garchi qaror ostida yuzlab norozilik ohangidagi fikrlar qoldirilgan bo‘lsa-da, u o‘zgarishsiz, bildirilgan fikrlar inobatga olinmasdan qabul qilingan. Buning natijasida, Termiz shahar hokimligi binosi oldida haydovchilar to‘planib, o‘z noroziligini bildirishmoqda.

Shahar hokimining muhokamaga tashlangan qarori loyihasi preambulasida shunday deyiladi:

«So‘nggi yillarda Termiz shahrida transport sohasini rivojlantirish, yo‘lovchilarning yuqori darajadagi xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Biroq shahar hududida faoliyat yurituvchi «Damas» yo‘nalishli taksilarning tartibsiz qatnovi natijasida 2018 yil davomida 32ta, 2019 yilning 4 oyi davomida 11ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilib, oqibatda 17 nafar fuqaro turli darajadagi tan jarohati olgan. Shuningdek, o‘tkazilgan tahlil natijalariga ko‘ra shahar hududida harakatlanuvchi transport vositalari chiqaradigan tutun miqdorining asosiy foizi aynan «Damas» yo‘nalishli taksilari tomonidan chiqarilmoqda. Bundan tashqari, mazkur yo‘nalishda faoliyat yurituvchi taksilarning aksariyati 300dan ziyod, ya'ni 30 foizi litsenziyasiz o‘z faoliyatini amalga oshirayotgani aniqlandi».

Yuqorida ko‘rsatilgan xulosalardan kelib chiqib hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 10 yanvardagi «Aholiga transport xizmatini ko‘rsatish hamda shaharlar va qishloqlarda avtobuslarda yo‘lovchilar tashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ–2724-sonli qarori ijrosini ta'minlash maqsadida shahar hokimi quyidagicha qaror qilgan:

«2019 yil 1 iyundan boshlab Termiz shahrida faoliyat yuritayotgan «Damas» yo‘nalishli taksilariga berilgan litsenziyaning amal qilish muddati tugashi e'tirof etilsin;

shahar ichi yo‘nalishida harakatlanayotgan 205ta, shahar hududiga kirib keluvchi (o‘n oltita) yo‘nalishdagi 500ta, jami 705ta «Damas» avtotransport vositalarini sxemalariga tegishli o‘zgartirishlar kiritgan holda shahar atrofida xizmat ko‘rsatish orqali avtostansiyalar bilan bog‘lash hamda harakatdan to‘xtatish hisobiga yangidan shahar ichi avtobus yo‘nalishlarini tashkil etish yo‘lga qo‘yilsin;