O‘zbekiston | 08:15 / 22.11.2022
32923
7 daqiqa o‘qiladi

“To‘rayevmi Tuareff?” – O‘zbek To‘rayev Fransiyada Mishel Tuareff bo‘lib ketgani haqida hayotiy hikoya

Inson taqdiri qiziq, hech kim ertaga nima bo‘lishini bilmaydi. Bir qarashda o‘zbek va fransuz turlicha millatlar. Ammo ikkinchi jahon urushi davrida qismat taqozosi bilan o‘z yurtidan ayro tushib, fransuzlarga qo‘shilib ketgan surxondaryolik O‘zbek To‘rayev bu ikki millatni o‘zida mujassam etgani bilan e’tiborga molik. O‘zbekiston prezidentining Fransiyaga tashrifi kunlarida bu hayotiy hikoya ko‘pchilikni qiziqtiradi deb o‘ylaymiz.

Surxondaryoning kichik temiryo‘l stansiyalaridan biri yonida 1923 yilda tug‘ilgan O‘zbek To‘rayev (O‘zbek – ism) oiladagi 5 farzandning to‘ng‘ichi edi. U oilaviy sharoit og‘irligi uchun beshinchi sinfdan ishlay boshlaydi. Temiryo‘l stansiyasida ruslar juda ko‘p ishlashgani uchun O‘zbek ruschani yaxshi o‘rganib oladi.

Ikkinchi jahon urushi boshlanib, O‘zbekistonda ham safarbarlikka kirishilganida 16 yoshli O‘zbek To‘rayevni ham frontga jalb qilishadi. Aniqrog‘i, uning o‘zi frontga jo‘nash haqida ariza beradi. Ota-onasini esa faqat ketish kunida xabardor qiladi. Qisqa muddatli serjantlik maktabida tayyorgarlikdan o‘tgan O‘zbek To‘rayev jang maydoniga, Stalingradga jo‘natiladi.

Hali qurol tutib ko‘rmagan, urush nimaligini bilmagan qishloq bolasi uchun bu haqiqiy shok edi. SSSRning o‘sha paytdagi taktikasiga ko‘ra Germaniyaning harbiy texnologik ustunligiga son-sanoqsiz askarlarni qarshi qo‘yish orqali natijaga erishish mo‘ljallangandi. O‘zbek To‘rayev ham ana shu talato‘plarga tushib qoladi va hali janglarga ko‘nikib ulgurmay bu jarayonlarga qo‘shilib ketadi. Lekin shunga qaramay mardlarcha jang qiladi va jasorati uchun leytenantlik unvoniga ham sazovor bo‘ladi. Pulemyotchilik qilayotgan O‘zbek bilan birga bir guruh askarlar Stalingrad ostonasida asir tushib qoladilar.

Nemislar kommunistlar va yahudiylarni darhol otib tashlashadi. Qolganlarni esa Ukraina ichkarisiga ishlash uchun yuborishadi. Poyezdlarni ta’mirlashga jalb qilingan qahramonimiz shu yerda ham tinch yurmaydi va dushmanni ichdan yemirishni niyat qilgan diversantlar guruhiga qo‘shiladi. Ammo ko‘p o‘tmay bu guruh fosh etiladi va a’zolari otib tashlanadi. O‘zbek va uning do‘sti Nikolay qochishga muvaffaq bo‘lishadi.

Ammo yana qo‘lga tushib qolganlarida ikkilari ham otuvga hukm qilinadi. Nikolay o‘ladi, O‘zbek esa o‘liklar orasida jon saqlab qoladi. Qorong‘i tushishi bilan chuqurdan chiqqan O‘zbek yana qochishga harakat qiladi. Biroq bu safar ham qo‘lga tushib, Fransiyaning Elzas shahridagi konslagerga jo‘natiladi.

U asirlikka ko‘nikmagan, mag‘rurligi tufayli o‘limdan qo‘rqmay qochishni o‘ylardi. Bu yerdan ham qochib ketadi. Nemislar ham anoyi emasdi, qo‘lga tushiradilar. Yaxshiki it egasini tanimaydigan paytlar edi. To‘rayevning shuncha marta qochganini bilishsa, darhol qatl qilishardi. Biroq uni shaxtaga, murakkab sharoitga ishga jo‘natadilar. Ish shu darajada og‘ir ediki, har kuni 30-40 kishining o‘ligi chiqardi.

Bu tarzda o‘lim topishni istamagan To‘rayev uch nafar fransuzlarga qo‘shilib bu yerdan ham qochadi va fransuz partizanlariga borib qo‘shiladi. Bu partizanlar orasida ruslar va hatto turkmanlar borligi uni hayratda qoldiradi.

G‘alabani O‘zbek Fransiyada kutib oladi. Urush yakunlanganidan keyin u yurtiga qaytishi mumkin edi, vatanini nihoyatda sog‘ingandi. Ammo asirlar SSSRda qanday kutib olinayotgani, qamoqqa tashlanayotgani yoki otilayotganini eshitib, fikridan qaytadi. Fransuz qizga uylanadi, o‘g‘il ko‘radi. Lekin oilaviy hayoti bir tekis kechmaydi, ajrashadilar.

Fransuz do‘stlari uni fermaga ishga joylashtirib qo‘yishadi. Keyinchalik u sobiq harbiy ofitser sifatida Fransiyaning Xorijiy legioniga xizmatga boradi. Undan ism-sharifini so‘raganlarida “O‘zbek To‘rayev” deb javob beradi. Ammo fransuzlar qulaylik uchun uning hujjatini Mishel Tuareff deb rasmiylashtiradilar. Shu tarzda O‘zbek rasman Mishelga aylanib qoladi.

Xorijiy legion muntazam urushlarda qatnashardi. Mishel ham Vetnamda, Afrika qit’asidagi qator davlatlardagi janglarda 7 yil ishtirok etadi va Fransiya sharafini himoya qiladi. Bu vaqt oralig‘ida u vataniga bir nechta maktub va suratlar yo‘llaydi, ammo javob olmaydi.

Fransiyaga qaytganidan keyin u badavlat fermerning go‘zal qizi bilan tanishib qoladi va unga uylanadi. Baxtli oila ikki farzandni voyaga yetkazadilar. Ammo xotinining umri qisqa edi, rakdan vafot etadi.

Uzoq yillar harbiy xizmatdan so‘ng Mishel Tuareff 1989 yilda polkovnik maqomida iste’foga chiqadi. 1994 yilda u ilk bor vataniga boradi Samarqand, Buxorolarni ziyorat qiladi. Ammo Boldir stansiyasi, Voroshilov kolxozidan boshqa narsani eslab qolmagandi. Uyini topolmaydi va guruhdan ajrala olmay Fransiyaga qaytib ketadi.

1999 yilda u ikkinchi marta O‘zbekistonga keladi va gidlarga o‘zi haqida batafsil ma’lumot beradi hamda uyini topishda yordam so‘raydi. Bu safar omadi keladi, uzoq surishtiruvlardan so‘ng u o‘z ukasi Jo‘rani topadi. Oradan deyarli 60 yil o‘tib uchrashgan aka-ukalar bir-birini quchoqlab yig‘lashadi. Jo‘ra To‘rayevning ma’lum qilishicha, xorijdan kelgan xatlar uchun uni NKVDga chaqirishadi va qiynoqqa solishadi. Har qanday xat qabul qilishni taqiqlab, akasi bedarak yo‘qolgan deb e’lon qilinganini bildirishadi.

O‘zbekistonda bir oy yashagan O‘zbek-Mishel yana Fransiyaga qaytish harakatiga tushadi. Uni qolishga ko‘p undaydilar, biroq oilasi, bolalari, uy-joyini o‘ylab qaytishga qaror qiladi. Qolaversa, uning butun ongli hayoti Fransiya bilan bog‘lanib qolgandi.

O‘zbek To‘rayev Fransiyada vafot etgan va shu yerga qo‘yilgan. Uning farzandlari bu davlat ahliga qo‘shilib ketishgan.

Abror Zohidov, Parij.

Mavzuga oid