Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Jazoir fransuz mustamlakasini jinoyat deb e’lon qildi
Bu haqdagi qonunda Fransiya «Jazoirdagi mustamlakachilik o‘tmishi va u keltirib chiqargan fojialar uchun qonuniy javobgar» ekani qayd etilgan.
Foto: AP
Jazoir parlamenti bir ovozdan Fransiya mustamlakasini jinoyat deb e’lon qiluvchi qonunni qabul qildi. Hujjatda Fransiya «Jazoirdagi mustamlakachilik o‘tmishi va u keltirib chiqargan fojialar uchun qonuniy javobgar» ekani qayd etilgan, deb yozdi Al-Jazeera.
Tarix va xotira bo‘yicha milliy komissiya koordinatori Muhammad Lahsin Zajidiy Fransiyaning Jazoirni mustamlakaga aylantirishi jinoiylashtirilishini tarixiy lahza deb atadi. Jazoir Millat kengashi (mamlakat parlamentining yuqori palatasi) spikeri Azzuz Nosiriy ham qarorga xuddi shunday izoh berib, qonunning qabul qilinishi «adolatni mustahkamlaydi» va o‘z suvereniteti va daxlsiz huquqlariga hech qanday tajovuzni qabul qilmaydigan «Jazoir xalqi qurbonlarini oqlaydi» deb ta’kidladi.
Ovoz berishdan oldin parlament spikeri Ibrohim Bujaliy bu «Jazoirning milliy xotirasi o‘chirilmasligi yoki muhokama qilinmasligi haqida mamlakat ichida ham, uning tashqarisida ham aniq signal» bo‘lishini aytdi, deb yozdi Al-Jazeera. Qonun qabul qilingandan so‘ng, deputatlar milliy bayroq gullarini o‘rab, «Yashasin Jazoir!» deb hayqirdilar va qonun loyihasining qabul qilinishini olqishladilar.
Jazoir 1830 yildan 1962 yilgacha yuz yildan ortiq vaqt davomida Fransiyaning mustamlakasi bo‘lgan. 1954 yildan 1962 yilgacha davom etgan milliy-ozodlik urushi natijasida mamlakat Fransiyadan mustaqillikka erishdi.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 2023 yilda mustamlakani «insoniyatga qarshi jinoyat» deb atadi, ammo Jazoir bir necha bor talab qilganidek, kechirim so‘rashdan bosh tortdi. Bo‘lajak ovoz berishdan oldin Fransiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Paskal Konfavryo «xorijiy mamlakatlarda bo‘lib o‘tayotgan siyosiy munozaralarga» izoh bermasligini ma’lum qildi.
Mavzuga oid
07:29
Atom aviatashuvchilariga ega davlatlar: jahon xaritasi
10:17 / 03.02.2026
Mudofaa xarajatlari oshadi: Fransiyada 2026 yil budjeti qabul qilindi
13:21 / 31.01.2026
Fransiya Rossiyaning “yashirin floti” tankerini qo‘yib yuboradi
10:10 / 29.01.2026