O‘zbekiston | 17:32 / 09.05.2020
14523
10 daqiqa o‘qiladi

Davlat buyurtmachilari tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarid qilinadigan tovarlar ro‘yxatiga qo‘shimcha kiritiladi

Davlat buyurtmachilari tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha xarid qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) ro‘yxatiga qo‘shimcha kiritiladi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “Davlat buyurtmachilari tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha xarid qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) ro‘yxatiga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Qayd etilishicha, hujjat ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasida ilmiy-tadqiqotlarni samarali va o‘z muddatlarida amalga oshirish uchun reaktiv va reagentlar xarid qilish jarayonini soddalashtirish maqsadida qabul qilinadi.

Prezidentning 2018 yil 27 sentyabrdagi PQ-3953-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat buyurtmachilari tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha xarid qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) ro‘yxati quyidagi mazmundagi 37-band bilan to‘ldiriladi:

“37. Ilm-fan va ilmiy faoliyatga oid ilmiy loyihalarni bajarishda ishtirok etuvchi budjet tashkilotlari tomonidan tadqiqotlar o‘tkazish maqsadida reaktiv va reagentlarni xarid qilish.”.

Qaror ijrosini nazorat qilish bosh vazir A.N. Aripov, bosh vazir o‘rinbosari - iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri J.A. Qo‘chqorov va moliya vaziri T.A. Ishmetov zimmasiga yuklanadi.

Eslatib o‘tamiz, davlat buyurtmachilari tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha xarid qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) ro‘yxati hozirda quyidagicha:

1. Qonun hujjatlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining alohida maxsus savdo maydonchalaridagi elektron (birja) savdolari natijalariga ko‘ra xarid qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar).

2. Davlat buyurtmachisi faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq xizmat safarlari uchun va boshqa holatlardagi chiptalar (avia, temir yo‘l va yo‘nalish transportiga).

3. Davlat buyurtmachisi faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq xizmat safarlari va boshqa holatlardagi yashash xarajatlari.

4. Avval tuzilgan shartnomalardagi yetkazib beruvchilar bilan aloqa, internet va teleradiouzatish xizmatlari bo‘yicha xaridlar.

5. Boshqa yetkazib beruvchi tomonidan xizmat ko‘rsatish imkoniyati bo‘lmagan taqdirda, yetkazib beruvchi tomonidan avval olib kelingan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ga kafolat muddati tugagandan keyin va joriy xizmat ko‘rsatish (ehtiyot qismlarni xarid qilish), shuningdek, avval xarid qilingan dasturiy mahsulotni kuzatish va (yoki) uni funksional kengaytirish.

6. Giyohvand vositalar va psixotrop moddalarni saqlash va olib kirish (olib chiqish).

7. Bank (banklararo) xizmatlar va operatsiyalar.

8. Mualliflik nazorati (hamrohligi) bo‘yicha xizmatlar.

9. Vazirlik (idora, muassasa) va uning tarkibidagi tashkilot (muassasa) o‘rtasida tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning xarid qilinishi.

10. Sport, madaniy-ommaviy tadbirlar, ko‘rgazmalar, yarmarkalar, anjumanlar, seminarlar va o‘quv mashg‘ulotlarini tashkil etish hamda o‘tkazish uchun binolar, inshootlar va asbob-uskunalarni ijaraga olish.

11. Xorijiy mamlakatlar va xalqaro tashkilotlarning rasmiy delegatsiyalari tashriflarini ta'minlash (mehmonxona, transport xizmatlari ko‘rsatish, asbob-uskunalarni ijaraga olish, oziq-ovqat ta'minoti, tarjimon xizmati), esdalik suvenirlari, sovg‘alar, gullar hamda gul bilan bezatish, vakolatxonalar uchun qabullar (kechki ovqat, furshet, kofe-breyk va boshqalar) o‘tkazish, konsert dasturlari, bannerlar va bukletlar tayyorlash, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi davlat delegatsiyasining xorijiy mamlakatlarga tashrifi bilan bog‘liq xarajatlar.

12. Ommaviy axborot vositalarida matbuot anjumani, brifing, mavzuli teleko‘rsatuv va boshqa tadbirlarni o‘tkazish, reklama joylashtirish, maqola chop etish.

13. Epidemiyaga qarshi (shu jumladan veterinariyaga oid) preparatlar, qishloq xo‘jaligi zararkunandalariga qarshi kurashish uchun kimyoviy vositalar, shuningdek, favqulodda holatlarda vakolatli organlar tomonidan tasdiqlanadigan tabiat hodisalari, epidemiyalar, kasalliklar tarqalishining oldini olish yoki uning oqibatlarini bartaraf etish uchun boshqa zarur tovarlar (ishlar, xizmatlar).

14. Turar yoki noturar joyni (inshootni) xarid qilish yoki ijaraga olish, shuningdek uning ta'minoti bo‘yicha ekspluatatsiya xarajatlari.

15. Tabiiy ofatlar va texnogen halokatlar oqibatlarini bartaraf etish;

davlat buyurtmachisining to‘laqonli faoliyat olib borishiga ta'sir ko‘rsatuvchi kommunikatsiyalar, mexanizmlar, jihozlar va boshqa asbob-uskunalarning ishdan chiqishi holatlarida avariyalarni bartaraf etish uchun tovarlar (ishlar, xizmatlar).

16. Davriy nashrlar (gazetalar, jurnallar)ga, shu jumladan ularning elektron variantlariga obuna bo‘lish.

17. Majburiy sug‘urtalash bo‘yicha xizmatlar.

18. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan davlat xaridlari sohasidagi vakolatli organ bilan kelishilgan holda tasdiqlanadigan ro‘yxat bo‘yicha dori vositalari va tibbiyotda qo‘llaniladigan buyumlar.

19. Madaniy-ommaviy tadbirlarga chiptalar.

20. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, vazirliklar, idoralar, davlat korxonalari va muassasalarining sihatgohlari va sog‘lomlashtirish muassasalariga, shuningdek, bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlariga yo‘llanmalar.

21. O‘zbekiston Respublikasi ishlab chiqaruvchilari yoki ularning rasmiy dilerlari va distribyutorlaridan xarid qilingan yangi avtotransport vositalari, maxsus va qishloq xo‘jaligi texnikalari.

22. Benzin, suyultirilgan va siqilgan gaz, dizel yoqilg‘isi va ko‘mir mahsulotlari.

23. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining zaxira fondidan, Qoraqalpog‘iston Respublikasining respublika budjeti, viloyatlarning viloyat budjetlari, Toshkent shahrining shahar budjeti, tuman va shaharlar budjetlari zaxira fondlaridan ajratiladigan mablag‘lar hisobidan xarid qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar).

24. Mualliflik huquqi uchun mukofotlar (mualliflik gonorari).

25. Maxsus va xizmat avtotransporti vositalarini, shuningdek, tibbiyot uskunalarini ta'mirlash bo‘yicha xizmatlar.

26. Mamlakatimiz, hukumatimiz rahbarlari, xorijiy davlatlar va hukumatlar boshliqlari hamda ularning vakillarining qabullar uyiga tashrifi bilan bog‘liq bo‘lgan tovarlar (ishlar, xizmatlar), shu jumladan ularning yashashi, ovqatlanishi, tashkiliy masalalarni hal etish va ushbu maqsadlar uchun ko‘zda tutilgan boshqa xarajatlar.

27. Davlat xaridlari sohasidagi vakolatli organ bilan kelishilgan ro‘yxat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati gospitallari;

davolash-profilaktika va ta'lim muassasalari;

mehmonxona va restoran xizmatlari ko‘rsatish;

muruvvat va nogironlar uylari;

mehribonlik uylari va internatlar;

qariyalar uylari uchun oziq-ovqat mahsulotlari xarid qilish.

28. Xalqaro va davlatlararo darajadagi tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar.

29. Shartnoma bo‘yicha uning umumiy boshlang‘ich summasining 10 foizidan oshmaydigan miqdordagi qo‘shimcha ish va xizmatlarni amalga oshirish uchun xarajatlar.

30. Ta'lim muassasalari uchun darsliklar va o‘quv-metodik jamlamalarni nashr etish (qayta nashr etish) uchun mo‘ljallangan qog‘oz va boshqa sarflash materiallari.

30-1. Xalq ta'limi tizimidagi umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta'lim muassasalari uchun o‘quvchilarning muhandislik, robototexnika, mexatronika va dasturiy ta'minot yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlarda foydalanish hamda innovatsion ishlanmalarni amalga oshirish yuzasidan respublikada ishlab chiqarilmaydigan, xorijdan olib kelinadigan xomashyolar va jihozlar.

31. O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va uning hududiy bo‘linmalariga, shu jumladan xorijiy tashkilotlar tomonidan ko‘rsatiladigan xususiylashtiriladigan yoki xo‘jalik jamiyatlarining ustav fondlariga davlat ulushi sifatida o‘tkaziladigan davlat aktivlarini baholash xizmatlari.

32. Davlat aksiyalar (ulushlar) paketlarini sotish hamda mahalliy va xorijiy fond birjalarida IPO (SPO) bo‘yicha emissiyalarni joylashtirish uchun jalb qilinadigan investitsiya vositachilari, maslahatchilari, shu jumladan xorijiy maslahatchilarning O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va uning hududiy bo‘linmalariga ko‘rsatadigan xizmatlari.

33. O‘zbekiston Respublikasi o‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tizimidagi tashkilotlar tomonidan yetishtirilgan ko‘chat va nihollar.

34. Xodimlari umumiy sonining kamida 50 foizi nogironligi bo‘lgan shaxslardan iborat va nogironligi bo‘lgan shaxslar mehnatiga haq to‘lash fondi umumiy mehnatga haq to‘lash fondining kamida 50 foizini tashkil etadigan yagona ishtirokchisi nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari hisoblangan yuridik shaxslardan, ular uchun belgilangan tartibda ajratilgan kvotalar doirasida tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) xarid qilish.

35. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Davlat rezidensiyalariga xizmat ko‘rsatish va tadbirlarni tashkil etish boshqarmasi tuzilmasiga kiradigan davlat rezidensiyalari hududlarini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish uchun hukumat qarorlari va topshiriqlari asosida, shu jumladan pudratchilar tomonidan, ushbu maqsadlarga ajratilgan mablag‘lar hisobiga tovarlar (ishlar, xizmatlar) xarid qilish.

36. Davlat va strategik buyurtmachining ishlab chiqarish faoliyatida foydalanish uchun boshqa yetkazib beruvchi tomonidan mahsulot yetkazib berish imkoniyati bo‘lmagan taqdirda litsenziya bitimiga (shartnomasiga, kontraktiga) asosan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning intellektual faoliyat natijalari muallifidan yoki intellektual faoliyat natijalaridan mutlaq foydalanish huquqiga ega yetkazib beruvchidan, shuningdek, fan, adabiyot va san'at asarlari, ijrolar, fonogrammalar, efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotlarning ko‘rsatuvlari yoki eshittirishlari kabi intellektual faoliyat natijalarining ushbu intellektual mulk obektlariga nisbatan mutlaq huquqqa ega bo‘lgan yagona shaxsdan davlat xaridlari.

Mavzuga oid