O‘zbekiston | 12:27 / 16.02.2026
1419
2 daqiqa o‘qiladi

Tovarlarni erkin muomalaga chiqarishda elektron tasdiq olish tartibi joriy etiladi

Xalqaro tan olinadigan hujjatlar va qonunchilikda belgilangan istisno holatlar asosida tovarlarni erkin muomalaga chiqarish jarayonida vakolatli davlat nazorati organlarining elektron tasdig‘ini olish tartibini belgilaydigan nizom loyihasi ishlab chiqildi.

Sun’iy intellekt chizgan surat

Loyihaga ko‘ra, mazkur tartib notarif tartibga solish choralarini soddalashtirish hamda tovarlarni erkin muomalaga chiqarish jarayonini raqamlashtirishga qaratilgan. Ushbu mexanizm xalqaro tan olinadigan hujjatlar mavjud bo‘lgan yoki qonunchilikda belgilangan istisno holatlar tatbiq etilgan hollarda qo‘llaniladi.

Elektron tasdiq «Yagona darcha» bojxona axborot tizimi orqali rasmiylashtiriladi. Ariza beruvchi — ishlab chiqaruvchi, import qiluvchi yoki ularning vakillari — ushbu tizim orqali tegishli vakolatli organga elektron ariza yuboradi. Arizani ko‘rib chiqish uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida to‘lov undiriladi.

Vakolatli organlar qatoriga Sog‘liqni saqlash, Qishloq xo‘jaligi, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi sohalaridagi idoralar, texnik jihatdan tartibga solish organi, Soliq qo‘mitasi, Madaniy meros agentligi, Ichki ishlar vazirligi, shuningdek narkotiklar va o‘qotar qurollar nazorati bo‘yicha agentlik hamda boshqa tegishli tashkilotlar kiritilgan.

Ariza kelib tushgan paytdan boshlab vakolatli organ uni ko‘rib chiqadi va ish vaqtida uch soatdan kechiktirmasdan qaror qabul qiladi. Agar belgilangan muddatda qaror qabul qilinmasa, elektron tasdiq avtomatik ravishda rasmiylashtiriladi.

Elektron tasdiq tovarlarni erkin muomalaga chiqarish uchun asos hisoblanadi. Shu bilan birga, u vakolatli organlarning keyinchalik davlat nazorati tadbirlarini amalga oshirish huquqini cheklamaydi.

Loyihada ariza beruvchi taqdim etgan ma’lumot va hujjatlar haqqoniyligi uchun javobgar bo‘lishi, qalbaki yoki noto‘g‘ri ma’lumotlar aniqlangan taqdirda tegishli ta’sir choralari ko‘rilishi ham belgilangan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid