15:22 / 25.06.2024
16555

Prigojinning «adolat marshi»ga bir yil. «Vagner» va voqea qahramonlari taqdiri qanday kechdi?

Bir yil muqaddam «Vagner» XHK asoschisi Yevgeniy Prigojin u va uning yollanma jangchilari Rossiya harbiy rahbariyatini almashtirish uchun Moskva tomon «adolat marshi»ni boshlaganliklari haqida e’lon qilishgandi. 24 iyun kuni erta tongda vagnerchilar amalda Rostov shahrini to‘liq egallagandi. Lekin o‘sha kechadayoq isyon to‘xtagandi. Bundan ko‘p vaqt o‘tmasdan Prigojinning imperiyasi mavjudligini yo‘qotdi, uning o‘zi esa o‘sha yozda Tver oblastida sirli aviahalokat oqibatida halok bo‘ldi.

O‘tgan 12 oy ichida bu voqeaning boshqa ishtirokchilari hayoti ham jiddiy darajada o‘zgardi. BBC ular bilan nimalar bo‘lgani hamda ular hozirda qanday yashayotganini hikoya qiladi.

Yevgeniy Prigojin

Rossiyaning Ukrainaga bosqinining ilk yili daovmida «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi asoschisi Yevgeniy Prigojin soyadagi sirli kardinaldan urushning eng taniqli yuzlaridan biriga aylandi. Uning ishlari a’lo darajada ketayotgandek edi: davlat uning harbiy muvaffaqiyatlardagi rolini ochiqchasiga tan olgan va unga qamoqxonalarda mahbuslarni urushga yollashga ruxsat bergandi.

«Vagner» eng samarali bo‘linma reputatsiyasiga ega bo‘ldi. Ammo Prigojinning harbiy rahbariyat manziliga yo‘llangan tanqidlari Mudofaa vazirligi hamda Bosh shtab bilan keng ko‘lamli mojaroga aylanib ketdi. Prigojin idora rahbarlari Sergey Shoygu va Valeriy Gerasimovni Baxmutni shturm qilayotgan vagnerchilarga (yollanma jangchilar yakunda shaharni xarobaga aylantirdi) ongli ravishda o‘q-dori bermaslikda aybladi.

Prigojin bu kurashda yutqazdi. Avvaliga uni mahbuslarni urushga yollash imkoniyatidan mahrum etishdi. Keyin esa «Vagner»ning barcha yollanma jangchilari davlat nazorati ostiga o‘tishi lozimligi to‘g‘risida ogohlantirishdi.

Keyin esa vaziyat jadallik bilan rivojlanib bordi — Prigojin va-bankka qo‘l urdi. 23 iyun kuni kechqurun u harbiy rahbariyatni «Vagner» lageriga zarba berishda aybladi (chindan ham shunday bo‘lganiga ishonchli dalil keltirilmagan). Keyin esa yollanma jangchilari bilan Rostov oblasti markazida Janubiy harbiy okrug shtabini egallab olib, «Moskva tomon adolat marshi» uyushtirdi. Bu jarayonda o‘n besh nafar rossiyalik harbiy halok bo‘ldi.

Rasmiy versiyaga ko‘ra, isyon belaruslik Aleksandr Lukashenko vositachiligidagi muzokaralar orqali yakunlangan. FSB tomonidan harbiy isyon bo‘yicha ochilgan jinoiy ish yopilgan. Prigojin yollanma jangchilarini olib Belarusga ketadi. Bir necha kun o‘tib «Vagner» komandirlari uning boshchiligida Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashadi (uchrashuvda nima haqda gap ketgani to‘g‘risida oshkor etilmagan).

Isyondan roppa-rosa ikki oy o‘tganida Yevgeniy Prigojin Tver oblasti hududida sirli aviahalokat oqibatida halok bo‘ladi. Tekshiruv natijalari haliga qadar ochiqlanmagan. Hodisa tafsilotlari faqat Vladimir Putinning so‘zlari orqali ma’lum. O‘tgan yil kuzida u samolyot bortida go‘yoki granata portlagani haqida gapirgan, shuningdek halok bo‘lgan yo‘lovchilarni alkogol yoki giyohvandlik moddalari ta’sirida bo‘lmaganiga tekshirish kerakligiga ishora qilgandi.

Putinning versiyasiga hammayam ishonmagan — masalan, WSJ o‘z manbasiga asoslanib, Prigojin Xavfsizlik kengashining o‘sha vaqtdagi bosh kotibi Nikolay Patrushevning shaxsan topshirig‘i bo‘yicha o‘ldirilganini yozgandi. Gazetaning qayd etishicha, Putin bunga e’tiroz bildirmagan. Kremldagilar esa bu maqolani «sariq nashr g‘iybati» deb atagan.

Prigojinning imperiyasi bir yil ichida amalda parchalanib ketdi. Endilikda biznesmenni deyarli eslashmaydi — so‘nggi marta uning tug‘ilgan kunida qabriga yodgorlik o‘rnatilgani haqida yozishdi.

Dmitriy Utkin

Dmitriy Utkin so‘nggi 10 yillikda Prigojinga eng yaqin odamlardan biri bo‘lgan. Qachonlardir u Rossiya maxsus topshiriqli bo‘linmasi ofitseri edi, ammo keyin yollanma jangchi sifatida harbiy harakatlarda qatnasha boshlaydi. Utkin ochiqchasiga neonatsistik qarashlar tarafdori bo‘lgan. Jurnalistlar uning SS ramzi aks etgan tatuirovkasi bilan fotosini e’lon qilishgan. Utkin chaqiruv belgisi sifatida Adolf Hitlerning sevimli kompozitori Rixard Vagnerning familiyasini tanlagan — yakunda bu Prigojinning xususiy harbiy kompaniyasiga nom bo‘lib qoladi. Va bu unga Rossiya Qahramoni sifatida taqdirlanishiga xalal bermaydi.

2014 va 2015 yillarda Utkin Ukraina janubi-sharqida jang qilgan. Keyin, endi «Vagner» komandiri sifatida Suriya, Liviya, Markaziy Afrika Respublikasidagi yollanma jangchilarga boshchilik qilgan.

Prigojindan farqli o‘laroq, Utkin hayotining so‘nggi yilida ham soyada qolishni afzal ko‘radi. U o‘zining kam sonli murojaatlaridan so‘nggisini «Vagner»ning Checheniston rahbariyati bilan mojarosi avjiga chiqqanida beradi. U Magomed Daudovning hamlalariga javob qaytargandi — o‘shanda Checheniston parlamenti spikeri bo‘lgan Daudov Prigojinga «erkakcha» gaplashib olishni taklif qilgandi. Utkin raqiblarga o‘zi ikki chechen urushida ham ishtirok etganini eslatib qo‘ygandi. Checheniston rahbariyatining hozirgi vakillaridan ko‘pchiligi o‘shanda federal markazga qarshi jang qilgan.

2023 yil 23 avgustida Utkin Prigojin bilan birga Tver oblastidagi aviahalokat qurboni bo‘ladi.

Sergey Shoygu

Sergey Shoygu — so‘nggi 25 yillikda Putin hokimiyati tizimidagi eng muhim amaldorlardan biri. 2023 yil iyunida u 10 yildan buyon mudofaa vaziri lavozimida ishlab kelayotgandi (zamonaviy Rossiya tarixidagi rekord). Shoygu doimiy ravishda so‘rovlarda rossiyaliklarning katta ishonchiga ega bo‘lgan amaldorlar qatorida bo‘lib kelgan. U xizmatdan tashqari ham Vladimir Putin bilan ko‘p vaqtni birga o‘tkazgan — birgalikda ta’tilda.

2023 yil bahori va yoz fasli boshi mudofaa vaziri uchun qiyin damlar edi. Ukrainaga bosqin reja bo‘yicha ketmayotgan, jamoatchilik maydonida esa kuchli raqobatchi — soyadan chiqib kelgan Yevgeniy Prigojin paydo bo‘lgandi. «Vagner» asoschisi Rossiya armiyasining Xarkiv va Xerson oblastlaridagi yirik mag‘lubiyatlarida ochiqchasiga Shoyguni  ayblaydi. Bu muvaffaqiyatsizliklar fonida xususiy harbiy kompaniya yutuqlarga erishgandi.

Shu bilan bir vaqtda, Prigojinda armiyada bo‘lmagan imkoniyatlar mavjud edi — Rossiya qamoqxonalaridan safarbar qilish mumkin bo‘lgan mahbuslar zaxirasi. Bir necha oy davomida zimdan davom etgan qarama-qarshilik ochiq mojaroga aylanib ketdi. «Vagner» rahbari Shoyguni layoqatsizlikda va «Vagner»ga qarshi harakatlar sodir etishda ayblaydi. Ayblov haqoratlarga o‘tadi, jumladan mudofaa vaziri oila a’zolari haqorat qilinadi.

Bu mojarodan Shoygu g‘olib sifatida chiqadi. 2023 yil martida mahbuslarni urushga yollash imkoniyati mudofaa vazirligiga o‘tkaziladi. Bu vaqtga kelib Prigojin asosiy kuzir — Vladimir Putin bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqaga chiqish imkoniyatidan mahrum etilgandi. May oyi oxirida esa «Vagner» front chizig‘idan olib chiqiladi — shundan ko‘p vaqt o‘tmay Prigojin o‘z isyonini boshlaydi.

Bu isyon Shoyguning karerasiga ta’sir ko‘rsatmaydigandek edi. O‘shanda Rossiya armiyasining muntazam qismlari isyonga qo‘shilmagandi. Ammo Ukraina urushidagi muvaffaqiyatsizlik baribir uning pozitsiyasiga ta’sir ko‘rsatadi.

2024 yil mayida, Putinning inauguratsiyasidan keyin, Shoygu mudofaa vaziri lavozimidan ozod etiladi, vazirlikning o‘zida esa tozalash ishlari boshlanadi. Shoyguning o‘rinbosari Timur Ivanov  Shoygu iste’foga chiqarilishidan oldin korrupsiyada ayblanib, hibs qilinadi. Rossiyalik generallardan yana bir nechasi poraxo‘rlikda ayblanadi, yana bir qanchasi vazirlikdan ketkaziladi.

Iqtisodiy blok vakili bo‘lgan Andrey Belousov vazirlikning yangi rahbariga aylanadi — bu Kreml Sergey Shoygu armiyani boshqarishidan norozi bo‘lganidan dalolat edi.

Hozirda Shoygu Xavfsizlik kengashi kotibi lavozimini egallagan — u bu lavozimda Putinga eng yaqin bo‘lgan amaldorlardan yana biri, 72 yoshli Nikolay Patrushevni almashtirgan. Shoyguning barcha yaqin kishilari mudofaa vazirligidan bo‘shatilgan.

Valeriy Gerasimov

Valeriy Gerasimov — o‘tgan yilgi voqealarning bugungi kunga kelib ham o‘z pozitsiyasini saqlab qolgan kam sonli ishtirokchilaridan biridir. Gerasimov 2012 yildan buyon Rossiya bosh shtabini boshqarib keladi. 2022 yil dekabridan buyon u Rossiyaning Ukrainadagi qo‘shinlari guruhini boshqaradi.

Aynan Gerasimov 2023 yil qishi va bahorida Prigojinning tanqidlarining asosiy obektiga aylangandi. Avvaliga ijtimoiy tarmoqda  vagnerchilar Gerasimovni haqoratlayotgani aks etgan rolik paydo bo‘lgandi. Keyin tadbirkorning o‘zi ham ochiqchasiga shu ishni qila boshladi. «Vagner» rahbari generalni go‘yoki yollanma jangchilarga o‘q-dori bermaslikka shaxsan topshiriq berganini aytib, uni ochiqchasiga so‘kdi.

Gerasimov Prigojinning isyoni yuzasidan munosabat bildirmagan. Isyondan keyin u ma’lum vaqtgacha jamoatchilik nazaridan chetda turadi. Ammo keyinroq yana ko‘rinish beradi va oldingidek Rossiya bosh shtabini boshqarishda davom etadi.

Vladimir Alekseyev

Bosh shtab bosh boshqarmasi rahbarining birinchi o‘rinbosari, general Vladimir Alekseyev, keyinroq ma’lum bo‘lishicha, Prigojinning asosiy raqiblaridan biri edi. 2023 yil mayida u yangi xususiy harbiy kompaniya tuzish ustida faol ish olib boradi, Rossiya hukumati rejasiga ko‘ra, bu «Redut» xususiy harbiy kompaniyasi «Vagner» va Prigojinga muqobil bo‘lishi kerak edi.

Raqobatchi kompaniya tashkil etilishi Prigojinni g‘azablantiradi — resurslar uchun kurash davomida u bir necha bor «Vagner»ga muqobil bo‘lgan bo‘lgan tuzilmalarni tanqid qilib, ularni samarasizlikda ayblagandi.

Isyon kunida general Alekseyev Prigojinga videomurojaat yozadi va uni kolonnalarni to‘xtatishga hamda «mamlakatga va prezidentga ortdan pichoq urmaslik»ka chaqiradi. Bir necha soatdan keyin esa Prigojin Rostov-Dondagi Janubiy harbiy okrugga kelib, unga va yana bir general, mudofaa vaziri o‘rinbosari Yunus-Bek Yevkurovga tanbeh beradi. Tadbirkor ushbu harbiy boshliqlar bilan suhbati aks etgan videoni joylashtiradi. Ular muzokaralar uchun kelgan, ammo asirlar kabi o‘tirgandi — «Vagner»ning qurollangan jangchilari hamda yelkasiga avtomat osgan Prigojin qurshovida.

Generallarga murojaat qilarkan, Prigojin Gerasimov va Shoyguni topshirishni talab qiladi. «O‘zing borib ol», — deya kulib gapirgandi Alekseyev o‘shanda.

Bu epizod, aftidan Alekseyevning karerasiga ta’sir ko‘rsatmagan. Bundan tashqari, 2023 yil davomida «Vagner»ga muqobil sifatida tashkil etilgan «Redut» mudofaa vazirligining asosiy rekruting loyihasiga aylanadi. Surishtiruvlarda aniqlanishicha, Alekseyev uning bosh kuratori. Ko‘plab vagnerchilar yakunda aynan ushbu tuzilma bo‘linmalariga o‘tishgan.

Andrey Troshev

Prigojin qulaganidan keyin uning safdoshi, Andrey «Sedoy» Troshev «Redut»ning norasmiy rahbariga aylangan. «Vagner»da u shtab boshlig‘i lavozimida edi. Troshev «Vagner»ning Molkinodagi lageri, ta’minot masalalari va xususiy harbiy kompaniyadagi kadrlar xizmatiga qarardi.

Mohiyatan, «Sedoy» kompaniyada Utkin bilan birgalikda ikki rahbardan biri sanalardi, u ham Rossiya Qahramoni unvonini olgan. Isyon vaqtida u ko‘rinish bermagan.

Prigojin halokatga uchraganidan keyin unga yaqin kanallar «Sedoy» kompaniyada katta ta’sirga ega bo‘lmaganini yozishdi.

Sentyabr oyida rossiyalik harbiy muxbir va propagandachi Aleksandr Sladkov Troshevni Afg‘oniston, Checheniston va Suriyadagi urushlar faxriysi, «Redut» rahbari deb ataydi. Dmitriy Peskov esa Troshevning mudofaa vazirligida rasmiy lavozimi borligini aytadi — ammo bu aynan qanday lavozim ekaniga aniqlik kiritmaydi.

Troshevning o‘zi Vladimir Putin bilan uchrashgan, prezident unga Ukrainadagi urush uchun «ko‘ngilli bo‘linma» tuzish topshirig‘ini bergan.

Shundan buyon Troshev haqida amalda hech qanday xabar yo‘q.

Sergey Surovikin

Matbuot «general Armageddon» deb atashni xush ko‘radigan general Sergey Surovikin — Rossiyaning Ukrainaga bosqini davomida eng ko‘p muhokama qilingan figuralardan biri. Ma’lum vaqt davomida Surovikin Rossiyaning Ukrainadagi qo‘shinlari guruhiga rahbarlik qilgan, ammo bir necha oy o‘tib bu lavozimdan olingan. O‘shandayoq ular Prigojin bilan ittifoqchilar ekani ayon bo‘lgandi.

Gerasimov va Shoygudan shikoyat qilarkan, «Vagner» rahbari bir necha marta Surovikin rahbarligi davrida yollanma jangchilarda ta’minot bo‘yicha muammo bo‘lmaganini aytgandi. Prigojinning isyonidan keyin «Dose» markazi jurnalistlari general bir necha yil davomida «Vagner» XHKning «faxriy a’zosi» bo‘lganini aniqlashdi. Ularning yaqin hamkorligi 2010-yil o‘rtalarida, Suriyadagi urush davrida boshlangandi.

May oyi boshida Prigojin kuchishlatarlarga ultimatum qo‘yadi: ular yoki «Vagner»ga snaryadlar beradi, yoki u jangchilarni Baxmut atrofidan olib ketadi. Prigojin o‘z tahdidini amalga oshirmaydi, ammo bir necha kun o‘tganidan keyin Surovikinni vazirlikning «Vagner» bilan aloqalarini yo‘lga qo‘yish uchun mas’ul etib tayinlashganini aytadi.

Surovikin bu ishni uddalay olmadi. Mojaro isyon darajasiga o‘sib bordi. Isyon kuni Prigojin Surovikinning jangchilarini to‘xtatishga chaqiriqlarini e’tiborsiz qoldirdi. Isyondan keyin esa Surovikin omma ko‘zidan g‘oyib bo‘lib qoldi va Havo-kosmik kuchlari bosh qo‘mondoni lavozimidan ayrildi. Rossiyadagi va g‘arbdagi nashrlarda Surovikin go‘yoki isyonga tayyorgarlik ko‘rilayotganidan xabardor bo‘lgani va shu tufayli ma’lum vaqt davomida tergov izolyatorida yoki uy qamog‘ida saqlangani haqida yozishdi (chindan ham shunday bo‘lgani yoki yo‘qligi oxirigacha aniq emas).

Bir necha oydan keyin Surovikinni Jazoirda uchratishadi. «Kommersant»ning yozishicha, general u yerga mudofaa vazirligi delegatsiyasi bilan borgan. Nashr manbasi bu safarni «mamlakat harbiy-siyosiy rahbariyati tashqi siyosat olib borishda sharqiy yo‘nalishga katta ahamiyat berayotgani», Rossiya hukumatida hamon Surovikinga ishonch yuqori ekani bilan bog‘ladi.

Hozirgacha general biror yangi lavozimga tayinlangani haqida ma’lum qilinmagan, lekin harbiylashgan telegram-kanallarda vaqti-vaqti bilan Surovikinning Afrikada tushgan yangi fotosuratlari chiqib turadi — u ancha ozgan va soqol o‘stirgan.

Yunus-Bek Yevkurov

Yunus-Bek Yevkurov — Rossiya siyosatidagi muhim figura. U Ingushetiyaning sobiq prezidenti, suiqasdlardan omon chiqqan va uzoq yillik harbiy faoliyatga ega shaxs. 2019 yildan buyon Yevkurov mudofaa vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlab kelmoqda.

Isyon kuni u Prigojin Janubiy harbiy okrugning Rostov-Dondagi shtabida qo‘lga olganlar orasida edi. Bu voqea uning faoliyatiga ta’sir ko‘rsatmadi. Qolaversa, Prigojinning imperiiyasi parchalanib, u halok bo‘lgach, biznesmenning sobiq merosi — aynan aytilsa, Liviya va Suriya Yevkurov nazoratiga o‘tdi.

Tadqiqotchi jurnalist Andrey Zaxarovga ko‘ra, isyondan keyin Yevkurov shaxsan Suriya va Liviyaga borib, ushbu mamlakatlar rahbarlarini Prigojinning yollanma jangchilarini Rossiya mudofaa vazirligi tuzilmalariga almashtirishga ko‘ndirgan.

Yakunda Afrikada «Vagner» o‘rniga Rossiya mudofaa vazirligiga aloqdor bo‘lgan «Afrika korpusi» kelgan. Rossiya nashrlari uning norasmiy rahbari aynan Yevkurov ekanini yozishgan.

Aleksandr Lukashenko

2020 yilgi prezidentlik saylovlari arafasida Minsk yaqinida «Belorusochka» sanatoriyasida vagnerchilar guruhi a’zolari qo‘lga olinishi bilan bog‘liq g‘alati voqea sodir bo‘lgandi. OAV ukrain maxsus xizmatlarining amaliyoti chippakka chiqarilgani haqida yozgan. Ular go‘yoki Minskdan Istanbulga uchadigan, yollanma jangchilar o‘tirgan samolyotni Ukrainaga qo‘ndirishni rejalashtirgandi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Kiyevning bunday rejalari bo‘lganini rad etgan.

Aleksandr Lukashenko ukrainalik jurnalist Dmitriy Gordonga bergan intervyusida o‘sha voqea bo‘yicha aytib o‘tgan. U kutilmaganda Yevgeniy Prigojin bilan 1990-yillar oxiridan buyon tanishligini aytadi.

Ular qanchalik yaqin bo‘lganini hozirda aytish qiyin, ammo isyon kunida aynan Lukashenko Kreml va xususiy harbiy kompaniya rahbari o‘rtasida rasman vositachilik qilishga qaror qilgandi. O‘zining aytishicha, u Vladimir Putinni Prigojinni tinchlantira olishiga va uning Moskva tomon marshini to‘xtatishiga ishontirgan.

Jamoatchilik uchun Lukashenko ushbu mojaroli vaziyatni hal qilishga muvaffaq bo‘lgan shaxsga aylanadi, isyondan keyin esa «Vagner» Belarusga ko‘chib o‘tishi, bu yerda mahalliy qurolli kuchlar uchun mashg‘ulotlar o‘tkazish bilan shug‘ullanishi e’lon qilinadi.

Mogilev oblastining Osipovichi shahri yaqinida tez orada chindan ham keng ko‘lamli dala lageri qurilishi boshlanadi, bu yerga Prigojinning yollanma jangchilarini joylashtirish ko‘zda tutilgandi. Tver oblasti ustida ro‘y bergan aviahalokatdan keyin esa bu loyiha dolzarbligini yo‘qotadi. Lukashenko esa Prigojin uchun hech qanday xavfsizlik kafolati bermagani va amalda bunga qodir bo‘lmaganini aytadi.

Aleksey Dyumin

Rostov-Don egallangach, kolonna «Don» trassasi bo‘ylab Moskva tomon harakatlanadi. Vagnerchilar Voronej oblastida harakatlanganiga ishonchli dalillar bor, ularning yo‘lidagi keyingi region esa poytaxt oblasti bilan oradagi Tula oblasti edi, o‘sha vaqtda bu hududni Vladimir Putinning sobiq tansoqchisi Aleksey Dyumin boshqarardi (o‘tmishda uni prezidentning ehtimoliy vorisi sifatida ham ko‘rishgan).

Agar Aleksandr Lukashenko mojaroni hal qilishdagi roli haqida o‘zi ochiqcha gapirib bergan bo‘lsa, Dyuminning isyon to‘xtatilishidagi roli oxirigacha ochiqlanmagan. Tula gubernatori Prigojin bilan yaqindan do‘st bo‘lishgan, The Insider nashri yozishicha, ularning umumiy biznes manfaatlari ham bor edi. Xususiy harbiy kompaniya rahbari Sergeya Shoyguni ochiqcha tanqid qilayotganida, ko‘pchilik aynan Dyuminni bo‘lg‘usi mudofaa vaziri sifatida ko‘rayotgandi.

Isyon kuni Rossiya regionlari rahbarlari birin-ketin Vladimir Putinni qo‘llab-quvvatlashi haqida bir xilda roliklar chiqara boshlaydi, ammo Dyumin hech qayerda ko‘rinish bermaydi. Telegram-kanallarda bu vaqtda gubernator mojaroni hal qilish uchun Prigojin bilan muzokara o‘tkazgani haqida xabarlar tarqalgan (Tula rasmiylari buni rad etishgan).

Avgustda, Tver oblasti osmonidagi aviahalokatdan keyin esa gubernator shunday deydi: «Yevgeniy Prigojinni men haqiqiy vatanparvar, qat’iyatli va qo‘rquv bilmas odam sifatida bilardi. U mamlakat uchun juda ko‘p ish qildi va Vatan uni unutmaydi». Bundan ikki oy oldin Vladimir Putin Prigojinni xoin deb ataganidan kelib chiqilsa, Dyuminning chiqishi katta jasurlik edi.

Shunga qaramay, bu chiqish uning keyingi faoliyatiga ta’sir ko‘rsatmadi. 2024 yil mayida Vladimir Putinning inauguratsiyasidan keyin u Tulani tark etdi va Rossiya prezidenti yordamchisi va Davlat kengashi kotibi lavozimiga o‘tkazildi.

Mavzu
Prigojin isyoni
23 iyun kuni kechqurun «Vagner» rahbari Yevgeniy Prigojin RF mudofaa vazirligini vagnerchilarga hujum qilishda ayblab, «adolat marshi» e’lon qildi. 24 iyun kuni uning qo‘shini Rostovni egallab, Moskva tomon yo‘lga tushdi.
Barchasi
Top