O‘zbekiston | 20:29 / 05.06.2021
31426
4 daqiqa o‘qiladi

Avtomashinasining g‘ildiragi chuqurga tushgan har bir vatandosh yo‘lsozlarni badduo qilyapti – Alisher Qodirov

«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi yetakchisi, Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Alisher Qodirov Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining «Mirza Yusuf» jome masjidi imom-xatibi Rahmatulloh Sayfiddinovning ma'ruzasidan norozi bo‘lib, O‘zbekiston Musulmonlari idorasiga xat kiritganiga munosabat bildirdi.

«Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi Musulmonlar idorasiga “Mirza Yusuf” jome masjidi imom xatibi Sayyid Rahmatulloh Termiziydan shikoyat qilibdi.

Domlaning, agar xizmatchida iymon bo‘lsa, e'tiqod bo‘lsa, halol ishlaydi, degan so‘zlari yoqmagan, buni haqorat deb qabul qilishibdi.

Bundan bir qancha vaqt avval “Milliy tiklanish” DP fraksiyasining tashabbusi bilan Qonunchilik palatasida ham ushbu qo‘mitaning axboroti eshitilgan, keskin tanqid qilingan edi», deb yozdi u telegram-kanalida.

Qodirovning ma'lumot berishicha, 2021 yilda avtomobil yo‘llari qurish uchun 2,2 trillion so‘m mablag‘ ajratilgan. O‘tgan yilda bu miqdor 1,51 trillion so‘mni tashkil etgan.

O‘zbekiston hududida 4 ming kilometrga yaqin xalqaro ahamiyatdagi yo‘llar bor. Axborotga ko‘ra bu yil:

  • A380 yo‘lining 753-765, 806-812 va 916-964 kilometrlari;
  • A373 yo‘lining 0-15 va 450-475 kilometrlari;
  • M39 yo‘lining 1315-1330 kilometrlari;
  • A378 yo‘lining 0-2,4 kilometrlari ta'mirlangan.

«Usulni qarang... Bardavom va bitmas-tuganmaslikning formulasi.

Bu usulda O‘zbekistondagi xalqaro yo‘llar 2 ming yildan keyin ham talab darajasiga chiqmaydi. Chunki, ta'mirlab bo‘lgan qismingizni tugatishingiz bilan o‘tgan yili ta'mirlashni tugatgan qismingiz yana ta'mirtalab bo‘lib qolaveradi.

Budjet esa mehribon sog‘in sigirdek, so‘rasak beraveradi.

Eshituvda bir deputatimiz Qo‘mita raisiga ochiqchasiga soha korrupsiyaga botib ketganligini aytganida, Qo‘mita raisi jahl bilan isbotlab berishni talab qilgan edi. Agar yaqinda qurilgan yo‘l, bir yilga bormasdan to‘lqinlanib, o‘pirilib tursa, kim aslida o‘zining halolligini isbotlashi kerak?

100 yil kafolatli sifat bilan quradigan yo‘lsozlar iymonli, e'tiqodli, eng kamida shirkati sha'ni uchun mas'uliyatli yo‘lsozlardir.

Iymon, e'tiqod, halollikni o‘rgatish, ma'ruza qilish, unga chaqirish vazifasi bo‘lgan imomni ayblash emas, borib duo olish kerak! Avtomashinasining g‘ildiragi chuqurga tushgan har bir vatandosh yo‘lsozlarni badduo qilyapti. Aslida badduo qilmasdan, huquqimizni talab qilish, mas'uliyatsiz qurilish oqibatida yetkazilgan zararlarni qoplatishga o‘rganishimiz zarur. Bu nafaqat yo‘l, barcha sohalarga tegishli masala.

Halollik bo‘lmagan joyda sifatli yo‘l ham, sifatli ta'lim ham, pirovardida rivojlanish ham bo‘lmaydi», deya xulosa qiladi Alisher Qodirov.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi yo‘l qurilishi sohasidagi korrupsiya haqida gapirgan imom Sayyid Rahmatulloh Termiziyning ma'ruzasi sabab Musulmonlar idorasiga shikoyat kiritgandi.

Qo‘mita yo‘l qurilishiga ajratiladigan mablag‘lar talon-toroj qilinishi haqida gapirgan imom-xatibning ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ma'ruzasiga raddiya berilishini so‘ragan.

Yunusobod tumanidagi «Mirza Yusuf» (Bodomzor) jome masjidi imom xatibi Sayyid Rahmatulloh Termiziyning (R.Sayfiddinov) Mehrob.uz saytining Telegram'dagi kanali va boshqa sahifalarda tarqalgan ma'ruzasida yo‘l qurilishi sohasidagi korrupsiya sababli yangi qurilgan yo‘llar ham uzoq turmasligi, ko‘p vaqt o‘tmay yomon ahvolga kelib qolishi haqida so‘z borgan.

Mavzuga oid