Markaziy Osiyo 100 yildan keyin qanaqa bo‘ladi?
Markaziy Osiyo davlatlarining tashqi siyosat, xavfsizlik, iqtisodiy va madaniy sohalarda yagona muhitga birlashishi, umumiy axborot makonining yaratilishi, repressiv tashqi kuchlarga bo‘yin egmaydigan erkin jamiyatlarni qurish uchun xalq irodasini ifoda etadigan elitalarning maydonga kelishi – butun mintaqa uchun keyingi yuz yilda suverenitet va millatlarning o‘zligini saqlab qolishning muhim shartidir.
Kun.uz suhbatlashgan siyosatshunoslar mintaqaviy integratsiyaga ichki va tashqi to‘siqlarni, ehtimol hozirgi elitalar to‘la anglab yetmayotgan, anglasa-da sukut saqlash bilangina javob berayotgan tahdidlarni sanab o‘tdi.
Demak, Kun.uz'ning “Geosiyosat” ko‘rsatuvi navbatdagi mavzusi – Markaziy Osiyodada chuqur integratsiyaning zarurati. Suhbatdoshlarimiz – siyosatshunoslar Nargiza Umarova, Zokir Usmonov va Kamoliddin Rabbimov.

— Bugungi suhbatimiz mavzusi Markaziy Osiyo mintaqasidagi barcha davlatlar uchun juda muhim va og‘riqli mavzulardan biri. Markaziy Osiyo respublikalari integratsiyasini shubha ostiga oluvchi ekspertlar ham yo‘q emas. To‘sqinlik qiluvchi omillar sirasida ko‘proq iqtisodiy rivojlanish yoki tashqi siyosiy vektorlardagi tafovutlar, chegaraviy nizolar va shu kabi boshqa ziddiyatlar tilga olinadi. Mintaqada integratsiyalashuv nega o‘tgan o‘n yilliklarda amalga oshmadi yoki jarayonlar sust kechdi: bunda mintaqaviy va global omillar qaysilar?
Nargiza Umarova: O‘zbekistondagi ikkinchi hokimiyat davridan boshlab tashqi siyosatda Markaziy Osiyo ustuvor bo‘la boshladi. Markaziy Osiyodagi hozirgi jarayonlarni integratsiyalashuvning ikkinchi to‘lqini deb atagan bo‘lardim. Birinchi to‘lqin 90-yillarda bo‘lgan. O‘sha vaqtda tuzilgan Markaziy Osiyo iqtisodiy ittifoqi 2005 yili tashqi omillar ta’sirida tugatilgach, integratsiya jarayoni 10 yilga muzladi.
2018 yildan boshlab har yili Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlari bo‘lib o‘tyapti. Buning asosiy tashabbuskori – O‘zbekiston. Integratsiya jarayoni tiklangani yaxshi holat, lekin hali bu borada ekspertlar yakdilligi yo‘q. Markaziy Osiyo integratsiyasi amalga oshmaydigan narsa, deydiganlar ham bor.
Hozir Markaziy Osiyo davlatlarining asosiy maqsadi – iqtisodni rivojlantirish, savdo hajmini oshirish. Ilgari O‘zbekistonning Tojikiston va Qirg‘iziston bilan savdo aloqalari o‘ta darajada past edi, lekin so‘nggi 5-6 yil ichida o‘zaro savdo-sotiq jonlanyapti. Umuman, integratsiya bo‘yicha hozirgi kun tartibi iqtisodiy omillar asosiga qurilgan.
Zokir Usmonov: Markaziy Osiyo davlatlari integratsiyasi birinchi navbatda milliy iqtisodiyotlarni o‘stirishga imkon beradi. Sobiq ittifoq davrida Markaziy Osiyo davlatlari bir-biri bilan iqtisodiy jihatdan ko‘pam bog‘liq bo‘lmagan, ular asosan Moskva bilan bog‘langan. Qolaversa, mintaqa davlatlari iqtisodiyoti o‘z vaqtida asosan xomashyo yetkazib berishni ko‘zlab qurilgan. Masalan, YeI davlatlarida jon boshiga yalpi ichki mahsulot miqdori bir-biridan katta farq qilmaydi.
Kamoliddin Rabbimov: Integratsiyadan maqsad faqat iqtisodiy o‘sish emas. Xavfsizlik va o‘zlik masalalari bor. Mintaqamizda Rossiya bosqinidan oldingi davrda bo‘lganidek, turkistonlik yoki markaziy osiyolik degan o‘zlik shakllanishi kerak. Buning uchun ikkita muhim birlashtiruvchi omil bor: islom dini va turkiy o‘zlik.
Ittifoq parchalangach, bu besh respublika suverenitetga to‘yinish davrini boshdan kechirdi, ya’ni izolyatsiyalashish davri bo‘ldi. Lekin davlatlar shuni tushundiki, integratsiya bo‘lmasa, muammolar ko‘payib boraveradi. Butun dunyoda imkoniyatlarni birlashtirish jarayoni ketyapti. Masalan, YeIda biz birlashmasak, katta davlatlar tomonidan yutilib ketaveramiz, degan qarash bor va shunga ko‘ra harakat qilishadi. Chunki AQSh yo Xitoyda YeIni o‘ziga bog‘lab olishga qaratilgan loyihalar yo‘q emas.
Markaziy Osiyo davlatlari aholisi zo‘rg‘a 80 mlndan oshadi. Atrofimizdagi katta davlatlar bo‘lgan Rossiyada 150 mlnga yaqin, Xitoyda qariyb 1,5 mlrd aholi bor. Shuning uchun ham bizda integratsiya, birlashishdan boshqa choramiz yo‘q.
— Markaziy Osiyo mustaqil iqtisodiy-energetik va transport-logistika habiga aylanishi mumkinmi? Raqobatda mintaqa mamlakatlarini birlashtiruvchi va ajratuvchi sabablar yuzaga chiqishi mumkinmi?
Nargiza Umarova: Biz ilgari bir-birimizni raqobatchi sifatida ko‘rganmiz. Ekspertlar ham O‘zbekiston lidermi yoki Qozog‘iston degan masalalarni qo‘yib vaziyatni, sun’iy chayqatib turgan. Sog‘lom bo‘lmagan u raqobat. Bugungi integratsiya esa bir-birimizni to‘ldiruvchi bo‘lib xizmat qilyapti. Transport-logistika masalasini Markaziy Osiyo davlatlari bir necha yil oldin ko‘targandi. BMTning 75-assambleyasida Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo mintaqasida transport-logistika xalqaro markazi yaratishni taklif qilgan edi. Reytinglarda Markaziy Osiyo transport bog‘liqligi 60 foizdan oshmaydi, bu – juda yomon ko‘rsatkich. Bu – iqtisodiyot va integratsiyaga to‘siq bo‘luvchi omil. Bugungi kunda transport bog‘liqlikni ta’minlash bo‘yicha tashabbus ko‘rsatilayotgani ham bejiz emas.
Markaz tuzish taklifidan maqsad – bundan keyingi transport-logistika yo‘llari mintaqa davlatlari bilan muvofiqlashtirilishi. Yuk tashuv jarayonlarida Markaziy Osiyo uchun yagona sertifikatlar mavjud emasligi kabi muammolar ham bor. Bojxona tizimlari murakkabligi, tariflar masalasi ham bor.
Mintaqadagi ichki ehtiyojdan tashqari, tashqi omillar ham mavjud bu borada. Ukraina urushidan keyin Rossiya shimoliy yo‘llarida logistika masalasi qiyinlashdi, bu esa boshqa yo‘l izlashga turtki bo‘ldi. Markaziy Osiyo davlatlari bu vaziyatdan samarali foydalanishni maqsad qilgan.
Zokir Usmonov: Markaziy Osiyo iqtisodiyotlari haligacha xomashyo resurslariga bog‘lanib qolgan. Tojikiston va Qirg‘iziston o‘rtasida chegara muammosi bor. Bundan tashqari, transchegaraviy daryolar masalasi ham eng dolzarblaridan.
Transport-logistikada muammolar yetarli, lekin bularni yechsa bo‘ladi. Birinchi o‘rinda iqtisodiyotlarni rivojlantirish, xomashyo eksportidan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishga o‘tishni tezlashtirish – iqtisodiyotni murakkablashtirish kerak. Bunda O‘zbekistonning o‘rni katta. Mintaqa markazida joylashganimiz uchun bizning iqtisodiyotimiz rivojlanishi o‘z-o‘zidan atrofdagi davlatlar bilan integratsiya bo‘ladi. Yevroittifoq integratsiyasi asosida ham aynan iqtisodiyot yotadi. Markazda joylashgan Germaniyaning iqtisodiy qudrati o‘z-o‘zidan ittifoqchilarga manfaat olib kelgan.
Transport-logistika ham muhim, Markaziy Osiyo berkilib qolgan edi bu borada. Agar biz dengizga chiqadigan yo‘llarni ochsak, Markaziy Osiyoning mavqeyi keskin oshadi. Jozibadorlik oshib boraverishi kerak.
Kamoliddin Rabbimov: Hozirgi aytilayotgan iqtisodiy integratsiya hali integratsiyaning yarim darajasi. Umumiy pirovard maqsad kuchli siyosiy birlik bo‘lishi va uning zamirida xavfsizlik masalasi turishi kerak. Mintaqa davlatlarining ikki katta hamkori turkiy davlatlarga tajovuz qilgan davlatlar – Rossiya, XXR.
Biz iqtisodiy tomondan dunyodan uzilolmaymiz va bu bizning manfaatlarga to‘g‘ri kelmaydi. Iqtisodiy masalalar va geosiyosiy mustaqillik, o‘zlik o‘rtasida ma’lum bir ziddiyatlar bor. Fikrimcha, integratsiyadan asosiy maqsad umumiy mudofaa bo‘lishi kerak. Shu darajaga kelishimiz kerakki, 5 ta respublika o‘rtasida raqobatlar minimal darajaga tushib, o‘rtadagi hamjihatlik jamiyatlar darajasida ham bo‘lishi lozim. Lekin bugun ziddiyatlar mavjud. Jamiyatlar o‘rtasida ishonchsizlik ham bor, bu borada sotsiologik tadqiqotlar olib borilishi kerak. 2010 yil voqealari, Tojikiston va Qirg‘iziston munosabatlarini olib qarasak, biz hali jamiyat darajasidagi integratsiyadan uzoqmiz.
Mintaqani birlashtiruvchi axborot maydoni mavjud emas. Bundan tashqari, Markaziy Osiyo uchun umumiy tadqiqotlar, institutlar ham yo‘q. Millatchilik kabi muammolarni ko‘rib turibmiz. Davlat darajasida Ukraina urushiga nisbatan pozitsiyalar farq qiladi. Yaqin kelajakda dunyoning eng qudratli iqtisodiyotiga aylanuvchi Xitoyga nisbatan qanday pozitsiyada bo‘lishimiz bo‘yicha na jamiyatlarda, na davlatlarda aniq bir yondashuv yo‘q.
Iqtisodiy masalalar yechib borilyapti. Lekin biz asr oxiriga borib yagona kuchga aylanishimiz kerak, degan vazifa qo‘yishi kerak mintaqa davlatlari.
— Mintaqa rahbarlari maslahatlashuv uchrashuvlari doirasida avvalboshdan asosiy e’tiborni savdo-iqtisodiy munosabatlarni chuqurlashtirishga qaratyapti. Hamkorlikni mustahkamlash uchun yana qanday mexanizmlarga zarurat bor?
Nargiza Umarova: — Bundan oldin xavfsizlik masalasi haqida ham gapirsak. Markaziy Osiyo davlatlari integratsiyasida boshqa qudratli davlatlar bilan munosabatlar masalasi ochiq qolyapti. Masalan, Markaziy Osiyo davlatlari bilan munosabatlarda Xitoyning faolligi oshdi. Sian shahridagi sammitda XXR raisi biz Markaziy Osiyoni himoya qilamiz, degan mazmunda gapirdi, rangli inqiloblarni tilga oldi. Avvalroq Si Jinpingning Moskvaga tashrifi chog‘ida ham shunday bayonot berilgandi. Lekin ikkala safar ham Markaziy Osiyo davlatlari munosabat bildirmadi. Bunday jimlik shaxsan meni tashvishga soladi. Mustaqil davlatlarga nisbatan bunday bayonot berish g‘alati holat, munosabat bildirilmasligi esa yanada g‘alati. Kutyapmizki, balki sentabr oyidagi maslahatlashuv kengashida bu masala ko‘tarilar.
Siandagi sammit juda ko‘tarinki ruhda yoritildi. Lekin bu vaziyatda Xitoy o‘z masalasini yechyapti. Xo‘sh, Xitoy o‘z ta’sirini oshirar ekan, Markaziy Osiyo davlatlarining integratsiyasi nima bo‘ladi? Suhbat boshida aytilgan integratsiyaning birinchi to‘lqini tugashiga sabab ichki ishlarga boshqa davlat (Rossiya) qo‘shilgani bo‘ldi-ku. Xitoy ham shunday to‘sqinlik qilishi mumkin balki, potensial xavf bu. Mintaqa davlatlari bir tomondan integratsiyaga intilyapti, boshqa tomondan esa qudratli bir davlatga xayrixohlik bildiryapti. Lekin xavfsizlik masalasi oddiy narsa emas.
Boshqa mexanizmlarga kelsak. Iqtisodiy kooperatsiyalar tomonidan yaxshi natijalar qo‘lga kirityapmiz. Cho‘lponotadagi kengashda O‘zbekiston prezidenti chegara oldi savdo hududlari tashkil etish taklifi bilan chiqdi. Qozog‘iston, Turkmaniston va Tojikiston bilan shunday savdo hududlari tashkil etishga kirishdik. Bu shunday mexanizmki, bunda ham ishlab chiqarish, ham savdo, ham transport-logistika masalasi yechiladi. Va eng asosiysi, tannarx arzonlashishiga olib keladi. Bunday taklif 2004 yilda ham bo‘lgan edi. O‘zi umuman, integratsiyaning birinchi to‘lqinida yaxshi loyihalar bor edi. Mintaqaviy savdo hududlarini ham yo‘lga qo‘ysak, ajab emas.
Sanoat kooperatsiyasi tashkil etish masalasi ham bor, ammo bu murakkab. Chunki mintaqa davlatlari xomashyo yetkazishga ixtisoslashgan ko‘proq, sanoat kooperatsiyasida esa kimdir xomashyo yetkazib beradi, kimdir qayta ishlaydi, kimdir tayyor mahsulot holiga keltiradi. Lekin bunday zanjirga ixtisoslashgan kompaniyalar yo‘q. Sanoat kooperatsiyasi yaxshi yo‘lga qo‘yilsa, Markaziy Osiyo savdo aylanmasi 10 yil ichida 2 barobarga oshishi mumkinligi haqida hisob-kitoblar qilingan.
Zokir Usmonov: Xavfsizlik uchun ham iqtisodiy qudrat kerak bo‘ladi. Iqtisodiy kuchli bo‘lgan mamlakat bilan boshqalar ham hisoblashishga majbur bo‘ladi. Siyosiy mustaqillik iqtisodiy mustaqillikka tayanadi. Agar biz kooperatsiyani kuchaytirsak, Xitoyga ham, Rossiyaga ham bog‘liqlik, qaramlik kamayadi.
Kamoliddin Rabbimov: — Si Jinpingning Siandagi bayonotiga nisbatan o‘sha yerning o‘zida Markaziy Osiyo davlatlari prezidentlari diplomatik tarzda javob berishi mumkin edi. Lekin bunday qilinmadi. Diplomatiya shunday narsaki, unda keng jamoatchilik tushunmaydigan, ohista shaklda signallar berish mumkin. Bizning mintaqada, Farhod Tolipov aytganidek, kichik davlat kompleksi shakllanib qolgan. Bu narsadan chekinish kerak. Globallashgan dunyoda davlatlarning mustaqilligi kafolatlangan narsa emas, odatda mana shunday kichik-kichik bayonotlar bilan yo‘qotib boshlanadi mustaqillik. Xitoyning Fransiyadagi elchisi SSSR rasman tarqalganini shubha ostiga olganiga Boltiqbo‘yi davlatlari va Ukraina tezlik bilan munosabat bildirdi, lekin Markaziy Osiyo davlatlari hech narsa demadi. Vaholanki, possovet hududidagi eng katta mintaqa – Markaziy Osiyo.
Demokratiya masalasi yana o‘rtaga chiqadi bu yerda. Demokratlashishning o‘zi tashqi dunyoga katta bir signal. Chunki demokratik jamiyatlarni yutib yuborib, bo‘ysundirib bo‘lmaydi.
Yuqoridagi kabi holatlarda agar bitta davlatda yakka o‘zi bayonot bilan chiqishga ehtiyotkorlik qilsa, Markaziy Osiyo davlatlari birlashgan holda tashqi dunyoga signal berishi kerak. Xitoy va Rossiyaning go‘yoki Markaziy Osiyoni kafilikka olgandek bayonotlari javobsiz qolmasligi juda muhim.
- Suhbatni to‘liq shaklda yuqoridagi videoda tomosha qilishni tavsiya etamiz.
Normuhammad Ali suhbatlashdi.
Tavsiya etamiz
No Partey, no party. «Arsenal» nega yutqazdi?
Sport | 13:50
Fuqarolarga yoshga doir pensiyani tayinlash tartibi yengillashtirilyapti
O‘zbekiston | 11:37
Toshkentda avtobuslar konditsioneri qachon yoqiladi?
O‘zbekiston | 20:40 / 29.04.2025
«Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston» temiryo‘l tunneli qurilishi boshlandi
Jahon | 17:12 / 29.04.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Rossiyaning sabzovotchilikka ixtisoslashgan hududi mehnat migrantlari taqchilligiga duch keldi
Jahon | 21:53
-
AQSh iqtisodiyoti 2022 yildan beri birinchi marta qisqardi – OAV
Jahon | 21:50
-
Husnbuzarlarga qarshi birinchi vaksinaning klinik sinovlari boshlandi
Jahon | 21:40
-
Lavrov Putinning 9 may sulhi bo‘yicha taklifini «bevosita muzokaralar boshlanishi» deb atadi
Jahon | 21:28
Mavzuga oid

20:06
Rossiya va KXDR o‘rtasida avtomobil ko‘prigini qurish boshlandi

18:55
Tramp va Zelenskiyning Vatikandagi 15 daqiqalik suhbati tafsilotlari ma’lum qilindi

16:03
Rossiya Bosh prokuraturasi o‘zbekistonlik migrantlarning huquqlariga rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirish majburiyatini oldi

13:34