O‘zbekiston | 18:54 / 10.12.2025
5947
3 daqiqa o‘qiladi

Ko‘chmas mulk va qurilish materiallari uchun soliqlar bozor narxida hisoblanadi

2026 yildan O‘zbekistonda ko‘chmas mulk va qurilish materiallari bo‘yicha soliq bazasi ularning bozor qiymatidan kelib chiqib hisoblanadi. O‘zbekistonliklarga onlayn tovar yoki xizmatlar sotadigan xorijiy kompaniyalar soliq organlarida ro‘yxatdan o‘tishi shart bo‘ladi – aks holda, ularning faoliyati cheklanadi.

Foto: Kun.uz

2026 yil 1 yanvardan O‘zbekistonda ko‘chmas mulk va qurilish materiallari bo‘yicha soliq bazasi bozor qiymatidan kelib chiqib belgilanadi. Bu prezidentning 10 dekabrda qabul qilingan «Naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonida ko‘zda tutilgan, deb xabar bermoqda Adliya vazirligi.

Qurilish va savdo sohasida faoliyat yurituvchi yuridik shaxslar tomonidan o‘zlarining ustav kapitali va undagi o‘zgarishlar, shu jumladan, ustav kapitaliga kiritilgan tovarlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning (elektron hisobvaraq-faktura, onlayn-nazorat kassa texnikasi cheki, bojxona yuk deklaratsiyasi, notarius tomonidan tasdiqlangan oldi-sotdi shartnomasi va boshqa hujjatlar) hisobini yuritishi shart.

Mazkur turdagi operatsiyalar amalga oshirilganidan keyin 15 kun muddatda soliq organlarining ma’lumotlar bazasida shaxsiy kabinet orqali aks ettirilishi majburiy bo‘ladi.

Ushbu sanadan boshlab O‘zbekiston hududida jismoniy shaxslarga soliq organlarida ro‘yxatdan o‘tmasdan tovarlar sotadigan yoki elektron xizmatlar ko‘rsatadigan xorijiy kompaniyalar xabarnoma yuborilgandan keyin 30 kun ichida ro‘yxatdan o‘tishi shart. Aks holda, ushbu yuridik shaxslarning O‘zbekistondagi faoliyati cheklanadi.

Bundan tashqari, import qilingan oziq-ovqat mahsulotlarining 9 oy (go‘sht va ho‘l meva-sabzavotlarning 3 oy) davomida sotilmagani va qiymati bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 500 baravaridan (206 mln so‘m) ortiq bo‘lgan ushbu mahsulotlar qoldiqda turgani holati sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazish uchun asos bo‘ladi.

Kameral soliq tekshiruvini o‘tkazishda soliq organlari aniqlagan tafovutni asoslash uchun soliq to‘lovchilar tomonidan qo‘shimcha hujjatlar taqdim etilganda, soliq organlari tomonidan ularning ko‘rib chiqilishi majburiy hisoblanadi. Bunda kameral soliq tekshiruvi natijasi bo‘yicha aniqlangan huquqbuzarliklar soliq to‘lovchi tomonidan belgilangan muddatda bartaraf etilgan hamda soliq va yig‘imlar, shu jumladan, penyalar to‘liq to‘langanda yuridik shaxsning mansabdor shaxslari jinoiy yoki qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa javobgarlikdan ozod qilinadi.

2026 yil 1 iyuldan nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik sub’yektlarida o‘tkaziladigan tekshiruvlar bodi-kameradan foydalangan holda amalga oshiriladi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid