07:21 / 16.05.2024
4400

Toshkentda chorrahalar va ko‘chalarni ta’mirlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar boshlanadi

Ishlarning asosiy qismi may oyidan sentabr oyigacha – maktablar va oliy o‘quv yurtlarida ta’til kunlarida amalga oshiriladi.

Foto: Kun.uz / Nuriddin Nursaidov

Toshkent shahar hokimligi poytaxtning qator chorrahalari va ko‘chalarini ta’mirlash va rekonstruksiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar boshlanishi to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Ishlarning asosiy qismi joriy yilning may oyidan sentabrigacha – maktablar va oliy o‘quv yurtlarida ta’til kunlarida amalga oshiriladi.

Ishlar asosan tungi vaqtda bajariladi. Poytaxtdagi piyodalar va haydovchilar bu ishlarning og‘irligini his qilmasligi uchun barcha imkoniyatlar ishga solinishi aytilgan.

Ish birinchi marta keng ko‘lamda, yangi qoplama (ShMA) turlaridan foydalangan holda amalga oshiriladi. Shu bilan birga, yerosti kommunikatsiyalari ham tekshiriladi.

“Hurmatli fuqarolar, ish jarayonida haydovchilar uchun ham, piyodalar uchun ham noqulayliklar tug‘ilishi muqarrar. Biz oldindan uzr so‘raymiz va vaziyatni tushunishingizni so‘raymiz, chunki bu qisqa muddatli qiyinchiliklar uzoq muddatli qulaylik uchun xizmat qiladi”, deyiladi xabarda.

Top