Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Moskvadagi vokzalda portlash: Bir politsiyachi halok bo‘lib, yana 2 nafari jarohatlangan
Putin portlash ijrochisi internet orqali yollangani haqida gapirdi.
Aleksey Mayshev / RIA Novosti / Sputnik / IMAGO / SNA / Scanpix / LETA
24 fevralga o‘tar kechasi Moskvadagi Savyolovskiy vokzalida ro‘y bergan portlash oqibatida bir politsiyachi halok bo‘lib, yana ikki nafari jarohatlandi.
IIV xabariga ko‘ra, soat 00:05 atrofida Yo‘l-patrul xizmatining vokzal maydonida turgan xizmat avtomobili oldiga bir kishi kelgan va noma’lum qurilmani portlatgan.
Dastlabki xabarlarda «jinoyatchi voqea joyidan yashiringani» aytilgandi. Keyinroq Tergov qo‘mitasi u voqea joyida portlash oqibatida halok bo‘lganini ma’lum qildi.
Tergov qo‘mitasi huquq-tartibot organi xodimining hayotiga tajovuz qilish (RF Jinoyat kodeksi 317-moddasi) va portlovchi qurilmalarning noqonuniy muomalasi (222.1-modda 1-qismi) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.
IIV halok bo‘lgan politsiyachining shaxsini ochiqlagan – bu politsiya katta leytenanti Denis Bratushchenko edi. Vazirlik u va yaralangan politsiyachilarning oilalariga yordam ko‘rsatilishini va’da qilgan.
Keyinroq Tergov qo‘mitasi «o‘zini portlatgan» shaxs – Udmurtiyada yashovchi 22 yoshli shaxs bo‘lib, 22 fevral kuni Peterburgdan Moskvaga kelganini xabar qildi. Idora uning ismini ochiqlamagan.
Kuchishlatar tuzilmalarga yaqin bo‘lgan «112» va Mash telegram-kanallari yozishicha, vokzal atrofida portlash uyushtirgan Sergey M. bo‘lib, u Mojga shahrida tug‘ilgan va so‘nggi vaqtlarda Peterburgda payvandchilikni o‘rganib, mahalliy mebel fabrikasida ishlagan. U muqaddam jinoiy javobgarlikka tortilmagan. «112» manbasi Sergey M. muntazam ravishda mikromoliya tashkilotlaridan qarz olgani va Resident Evil o‘yinlariga mukkasidan ketgani haqida ma’lum qilgan.
Tergov versiyalaridan biriga ko‘ra, Sergey M. kurer bo‘lgan va Moskvaga olib borishi buyurtma qilingan jo‘natmada nima borligidan bexabar bo‘lgan. «Baza»ning yozishicha, uni manzilga Ukraina maxsus xizmati xodimlari bo‘lgan «buyurtmachilar» telefon orqali yo‘naltirib turgan.
Vladimir Putin 24 fevral kuni kechqurun FXX kollegiyasida so‘zlagan nutqida portlashni amalga oshirgan shaxs katta ehtimol bilan internet orqali yollanganini aytdi.
«Kecha Savyolovskiy vokzalida bo‘lgan ish, aftidan, bu albatta, siz tomoningizdan qo‘shimcha ishlarni talab qiladi, ammo hozirdan aniqki… katta ehtimol bilan, bugungi kunda odatiy bo‘lgan internet orqali yollash bo‘lgan. Bu odamga portlovchi bog‘lashgan, keyin esa masofadan uni ham, hujum obektini ham portlatishgan. Katta ehtimol bilan u [ijrochi] hech narsani bilmagan ham», – degan RF prezidenti.
Keyinroq IIV tashqi kuzatuv kameralaridan montaj qilingan kadrlarni e’lon qildi, unda Savyolevskiy vokzali maydonidagi portlash payti aks etgan. Kadrlarda portlashning ehtimoliy ijrochisi ko‘rinmaydi.
2025 yil dekabr oyi oxirida Moskvaning Yeletskaya ko‘chasida uch kishi, jumladan, YPXning ikki xodimi o‘limiga sabab bo‘lgan yana bir portlash sodir etilgandi. Portlashni amalga oshirgani gumon qilingan uchinchi qurbonning shaxsi aniqlanmagan. Tergov versiyasiga ko‘ra, u politsiyachilar o‘zini qo‘lga olish uchun yaqinlashganida portlovchi qurilmani ishga tushirgan.
Shunga o‘xshash holat shu kunlarda Ukrainada ham kuzatildi. 22 fevral kuni Lviv shahri markazidagi savdo markazi yonida portlash ro‘y berdi – natijada politsiya xodimi bo‘lgan bir ayol halok bo‘lib, yana 25 kishi jarohatlandi. Ukraina politsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, portlovchi qurilma Rovenskaya oblastida yashovchi ayol tomonidan o‘rnatilgan, u Rossiya maxsus xizmatlari ko‘rsatmalari bo‘yicha harakatlangan. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Lvivdagi portlashni terakt deb atadi.
23 fevral kuni Mikolayivdagi ishlamay turgan yonilg‘i quyish shoxobchasi hududida portlash ro‘y berdi. Ukraina Milliy politsiyasi rahbari Ivan Vigovskiyning so‘zlariga ko‘ra, patrul politsiyasining «navbatchilikka chiqib, o‘z avtomobillarida shu yerda turgan» yetti nafar xodimi jarohatlangan. U Mikolayivdagi voqeani Lvivdagi terakt bilan bog‘ladi: «Bu tasodif emas. Dushman har kuni odamlar va davlat himoyasida turgan ukrain politsiyachilarini nishonga olishga harakat qilmoqda».
Ukraina IIV rahbari Igor Klimenko 23 fevral kuni mamlakatda Rossiya maxsus xizmatlari buyurtmasi asosida huquq-tartibot idoralari xodimlariga qarshi uyushtirilgan teraktlarning «faol fazasi» davom etayotganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi paytlarda Kiyevda to‘rtta, Dnipropetrovsk va Jitomir oblastlarida uchtadan, Xarkivda ikkita, Lvivda bitta shunday holat sodir bo‘lgan.