O‘zbekistonda davlat xizmatini qanday qilib kreativ tashkil qilish mumkin? - Otabek Hasanov bilan intervyu
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Otabek Hasanov «Toshkent yoshlar forumi – 2021» tadbirlarida ishtirok etdi va tadbir yakunida Kun.uz muxbirining savollariga javob berdi.
— O‘zbekistonda bugun ham davlat xizmatining jozibador emasligi og‘ir muammolardan. Unga deyarli ko‘p holatda OTMlarni 3 bahoga bitirganlar boradi. Yaxshi bahoga o‘qigan, kuchli kadrlar yo xususiy sektorga ketadi, yo chet elga. Yoki magistraturadagi o‘qishini davom ettiradi.
Sizningcha, muammo yuqori rahbariyatda qanchalik tushunilyapti?
— Davlat xizmatining jozibador emasligiga sabablardan biri – ishga kirishdagi qiyinchiliklar edi. Prezident o‘tgan yili bizga davlat tashkilotlarida meritokratiya tizimini yaratish bo‘yicha topshiriq bergandi.
Bilasiz, avvallari ishga kirish uchun da’vogarlar o‘nlab hujjatlarni qo‘lida ko‘tarib yurardi. Ammo mana shunda ham da’vogarda ha yoki yo‘q javobiga kafolat bo‘lmasdi. Hozir esa shunchaki «vacancy.argos.uz» saytiga kirasiz va ko‘rasizki, bir vaqtning o‘zida 11 ming 347 ta turli vakant joylarga 329 ming kishi hujjat topshirgan. Bunda hech qanday ortiqcha hujjatbozlik yo‘q. Nomzodlar testdan, suhbatdan o‘tyapti va ishga kiryapti.
Lekin aytganingizdek, endi davlat xizmatiga salohiyatli kadrlarni olib kelish kerak. Chunki ular qancha aqlli bo‘lsa, xalqqa shuncha foyda. Biz shuning uchun ham kelajak liderlari klubini ochdik. Qachon bizga «3» «4» baholilar kelishini kutib o‘tirmadik. Biz ularni o‘qityapmiz, rahbarlikka tayyorlayapmiz. Tasavvur qiling, ular keyingi yillarda davlat xizmatiga kirib keladi, keyingi yillarda yana shuncha kadrni tayyorlab olamiz.
Biz oliy ta’lim yoki xalq ta’limi aybdor deya kadr kutib o‘tirganimiz yo‘q. O‘zimiz bordik yoshlar oldiga.
— Biz davlat xizmatida ishlayotgan istalgan kishi bilan gaplashsak, u davlat tashkilotlarida kreativlik yo‘qligi va bo‘g‘iq muhit haqida gapiradi. Sizningcha, bu tabiiy holatmi yoki har qanday ishni ham kreativ tarzda amalga oshirish tizimi bormi qandaydir?
Balki, bu o‘sha tizim rahbarining kamchiligidir.
— Hozir kreativ innovatsiyalar juda muhim. To‘g‘ri, avval ish jarayonida yoshlar fikri eshitilmasdi, hozir esa eshitilyapti. Bir misol: biz o‘z tashkilotimizga «vacancy.argos.uz» sayti kerakligini aytdik va bu qabul qilindi. Yoki KPI tizimini aytdik va bu ham qabul qilindi.
Fikrimcha, bunda hammasi shaxsga va tashkilotdagi muhitga bog‘liq.
— Bugun ayni shu muhit bo‘g‘iq-da. Balki, shuning uchun ham davlat xizmatiga kreativlar kelishni xohlamaydi.
— Demak, siz bo‘g‘iq deyotgan muhitdagi rahbarlarning o‘zi ham bo‘g‘ilib qolgan. Ular o‘zlari pastdagilarni shu muhitga tushirayotgan bo‘lishi mumkin. Agar tashkilotdagi birinchi rahbar xodimlarini qo‘llab-quvvatlasa, ularni so‘ndirmasa, u tashkilotda kreativ muhit paydo bo‘ladi.
Bir misol: AKT vazirligiga boring, men bilaman u yerda Sherzod aka bilan (Sherzod Shermatov — tahr) qanday kreativ yoshlar ishlayotganini. Yoki Moliya vazirligiga boring. Vazir Ishmetov ham doim yoshlarni qo‘llab-quvvatlaydi.
Agar birinchi rahbar kreativni xohlasa, o‘sha narsa tizimda ham bo‘ladi, agar rahbar xohlamasa, bo‘lmaydi. Bu yerda shaxsga ham ko‘p narsa bog‘liq.
Shaxsan men davlat xizmatida yurgan kishi sifatida aytamanki, bugun muhit kreativlikka ruxsat beryapti. Innovatsiyaga va fikrlarni eshitishga ruxsat beryapti. Faqat xodim buni jamiyatga, o‘sha xizmatga kerakligini isbotlab bersin.
— Siz bir necha bor «argos» tizimi haqida gapirdingiz. Lekin biz bugun shu tizim orqali ishga kirgan yoki kirolmagan kadrlar bilan gaplashganimizda, ular ishga kirishda yakuniy qarorlar baribir ichki suhbatlarda hal bo‘lib ketayotgani haqida gapiradi.
— Bir narsani tushuning, bu tizim ishga kirishni osonlashtirmadi, bu faqat ishga kirish jarayonini osonlashtirdi. Buning farqi bor. Nomzodlar avvallari ishga kirish uchun hujjatlarini tashib yurardi. Tasavvur qiling, 11 ming vakant lavozimga 328 ming kishi hujjat topshirgan. Bitta ish o‘rniga 24-25 kishi to‘g‘ri kelyapti. Bu jarayonda ishga kirgan bir kishi rozi, qolgan 23 ta kadrda esa e’tirozlar bo‘lishi tabiiy holat.
Bu orqali hamma ishga kiradi degani emas. Bu – zo‘rlar ishga kirsin degani.
Avval ko‘pchilik testdan norozi bo‘layotgandi, hozir testni ham markazlashgan holda o‘tkazyapmiz. Ikkinchisi, suhbat. To‘g‘ri, ba’zida suhbat qilayotganlarning o‘zida salohiyat yetmaydi. Shuning uchun endi suhbat qiladiganlarning o‘zini ham o‘qitmoqchimiz. Ularga savol berish madaniyatigacha o‘rgatiladi. Chunki savol bilan kadrning ichidagi bilimi olib chiqiladi.
Biz ikkinchi chorakda suhbat komissiyasidagilarning o‘zini o‘qitib, ularga sertifikatlar bermoqchimiz. Agar uning ustidan 3 marta e’tiroz tushsa, biz bu sertifikatni undan olib qo‘yamiz. U suhbatda boshqa qatnashmaydi.
— O‘zbekistonda davlat tashkilotlarida mehnat qonunchiligiga amal qilish masalasi, rosti, juda yomon bahoga loyiq. Birgina ish vaqtiga, xodimlarning dam olish vaqtiga amal qilish masalasini olaylik. Bugun ham tashkilotlarda xodimlar kuniga 12-14 soatlab ishlaydi, shanba-yakshanba kunlari kunlari esa turli xil selektor, majlislar tinmaydi. Bu bo‘yicha har qancha gapirilmasin, ahvol yaxshilikka o‘zgarayotgani yo‘q.
Xo‘sh, davlat tashkilotlarida mehnat qonunchiligiga hurmatni qanday tartibga keltirish mumkin?
— Yo‘q, o‘zgaryapti. Faqat qayerdadir sekinroq, qayerdadir tezroq. Hozir «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi qonun Oliy Majlisda muhokama qilinyapti. U muhokamadan o‘tsa, bu jarayonning huquqiy asoslari ham yaratiladi.
Ikkinchidan, bilasizmi, xodimlarga “soat 18:00 dan keyin chiqib ket”, deyishdan osoni yo‘q. Lekin xalq bizdan natijadorlik ham kutyapti. Xo‘sh, davlat tashkilotidagi kadr kun davomida nima bilan shug‘ullandi? U davlatga nima foyda olib keldi? Axir u soliq to‘lovchilarning soliqlariga o‘tiribdi-ku.
Biz ularga tezroq KPI tizimini joriy qilishimiz kerak.
Masalan, men korxonada bosh mutaxassis, siz esa yetakchi mutaxassissiz. Bu tizim bo‘yicha men ham, siz ham nima ish qilishimizni aniq bilishimiz kerak. Agar kunlik ish hajmini yuqori bajarib qo‘ysangiz, marhamat, vaqtida chiqib ketavering. Lekin bajarolmasangiz, ishda qolgan vaqtingizda ishlatgan elektringizga pul to‘lab bo‘lsa ham, vazifangizni bajarishingiz kerak. Chunki siz vazifangizni bajarishga ulgurmayapsiz.
Biz bu masalaga faqat mehnat qonunchiligiga qarab emas, tizimli yondashishimiz kerak.
Biz ham bosqichma-bosqich mana shu tizimga o‘tyapmiz. Bugun 12 soatlab emas, aql bilan, vatanparvarlik va shijoat bilan qisqa vaqt ishlaydigan davr keldi.
— O‘zbekistonda majlisbozliklardan qutulish formulasi qanday?
— Birinchidan, prezident bundan buyon majlis va yig‘ilishlarni tugatish bo‘yicha topshiriq bergan. Prezident va bosh vazir majlislari strategik ahamiyatga ega, buni tushunamiz. Lekin pastdagi yig‘ilish va majlislar bo‘lmasligi kerak. Buning o‘rniga ular joylarda suhbat tarzida o‘tkaziladi.
Yana bir holat – masalan, tuman hokimlari xodimlarni kim aybdor deya so‘roq qilyapti. Bu majlisga kirmaydi. U masalani yechimiga kiradi. Buning ham farqini bilish kerak. Majlis mono bo‘ladi va unda faqat bir kishi gapiradi.
Biz shu majlislar bo‘yicha ham bir tizim o‘ylayapmiz. Unga ko‘ra, joylardagi majlislar onlayn tarzda nazorat qilinadi. Bu rejali bo‘lishi kerak. Biz bu bo‘yicha ham malaka kurslarini ishlab chiqishimiz kerak.
Hozir birdaniga bu yomon va bu yaxshi deyish qiyin. Avval joylardagi rahbarlarni o‘qitaylik, ularga tushuntiraylik va imkoniyat beraylik. Ular tushunishi kerakki, majlisga ketgan vaqtida ham ko‘p ishga ulgurish mumkin yoki ko‘p ishga ulgurmay qolish.
Ular biron-bir masalani majlissiz hal bo‘lmasligini isbotlab bersa, marhamat, keyin majlis qilish kerak. Biz buning hisobini yuritamiz va ayta olamanki, bu yilgi majlislar o‘tgan yilgiga nisbatan ancha kamaydi. Lekin aytganingizdek, yo‘q bo‘lmadi. Bu yo‘q bo‘lmaydi. Majlislar hamma davrda bo‘lgan. Biz bugun uning formati va interaktivligini o‘zgartirishimiz kerak.
Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Abduqodir To‘lqinov.
Mavzuga oid
11:52 / 02.12.2024
Organ xodimlariga tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish taqiqlanmoqda
12:06 / 18.11.2024
O‘zbekistonlik davlat xizmatchilari Oksfordda malaka oshirishi mumkin
16:00 / 21.10.2024
Yana to‘rtta vazirlikning 160 xodimi tadbirkorlik qilayotgani ma’lum bo‘ldi
22:14 / 19.10.2024