O‘zbekiston | 12:06
5187
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik davlat xizmatchilari Oksfordda malaka oshirishi mumkin

O‘zbekiston prezidentining maslahatchilari Sardor Umrzoqov va Suma Chakrabarti davlat xodimlarining ish samaradorligini oshirish, Jahon savdo tashkilotiga a’zolik va to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish masalalarini muhokama qildi.

O‘zbekistonning yuqori salohiyatli davlat xizmatchilari Buyuk Britaniyaning Oksford universitetidagi Said Business School maktabida malaka oshirishga taklif etilishi mumkin. Bu haqda O‘zbekiston prezidentining iqtisodiy rivojlanish, samarali boshqaruv va xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Suma Chakrabarti ma’lum qildi.

Chakrabarti LinkedIn ijtimoiy tarmog‘iga joylagan postida O‘zbekiston prezidentining maxsus topshiriqlar bo‘yicha maslahatchisi Sardor Umrzoqov bilan Toshkentda uchrashganini aytib, birgalikda tushgan suratini ilova qildi.

Uchrashuvda ular davlat xizmatchilarining ish samaradorligini oshirish bo‘yicha fikr almashgan. Umrzoqov xodimlar to‘liq ish soatiga amal qilishi tarafdori ekanini aytgan. Unga ko‘ra, agar vazirliklar xodimlari muntazam ish soatlari bo‘yicha ishlasa va oilalari bilan bugungidan ko‘proq vaqt o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘lsa, bu ish samaradorligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

“Men bu fikrni to‘liq qo‘llab-quvvatlayman, chunki o‘tmishda Buyuk Britaniya davlat xizmati tizimida eng yuqori darajalarda moslashuvchan ish tartibini joriy qilish tajribasiga ega bo‘lganman”, – degan Suma Chakrabarti.

Umrzoqov va Chakrabarti O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi bo‘yicha yutuqlar hamda mamlakatga to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha yangi dasturni boshlash mavzularini ham muhokama qilgan.

Mavzuga oid