Jamiyatning muhim bo‘g‘imi nima? Oila. Islom uning mustahkamligi haqida nima deydi?
Alloh taolo insoniyat naslining nikoh yo‘li bilan davom etishini iroda qilib, O‘zining so‘nggi va mukammal dinida bunga oid barcha hukmlarni bayon etgan. Shuning uchun dinimizda ushbu muqaddas robita – nikoh tufayli vujudga keladigan oilaga katta e'tibor beriladi. Islom dini nikohni, oilaning sha'nini qanchalik himoya qilishini, maxluqotning gultoji bo‘lmish inson naslining davomiyligini ta'minlovchi ilohiy ko‘rsatmalar Qur'oni karimda ham bosh mavzulardan biri ekanini anglash uchun Niso surasidan ikki oyat va ularning tafsiri bilan tanishish kifoyadir.
«Erkaklar xotinlar ustidan (oila boshlig‘i sifatida doimiy) qoim turuvchilardir. Sabab – Alloh ularning ayrimlarini (erkaklarni) ayrimlaridan (ayollardan ba'zi xususiyatlarda) ortiq qilgani va (erkaklar o‘z oilasiga) o‘z mol-mulkidan sarf qilib turishlaridir. (Ayollar ichida) solihalari – (Allohga va eriga) itoatli, g‘oyibga Alloh saqlaganicha himoyatlilardir (ya'ni erining sirini, molini va obro‘sini saqlovchidir). Xotinlarning itoatsizligidan qo‘rqsangiz, avvalo ularga nasihat qiling, so‘ngra (bu ta'sir qilmasa) ularni o‘rinlarda (aloqasiz) tark eting, so‘ngra (bu ham kor qilmasa) ularni (majruh bo‘lmagudek darajada) uring. Ammo sizga itoat qilsalar, ularga qarshi (boshqacha) yo‘l axtarmang. Albatta, Alloh oliy, ulug‘ Zotdir» (34-oyat).
«Agar (er-xotinning) oralari buzilib ketishidan qo‘rqsangiz, er oilasidan bir hakam, xotin oilasidan bir hakam yuboring. Agar (er-xotin) islohni xohlasalar, Alloh o‘rtalarini muvofiqlashtirgay. Albatta, Alloh bilimdon, xabardor Zotdir» (35-oyat).
Keling, ushbu oyatlarni batafsil tahlil qilib ko‘raylik. Ha, jamiyat xayr-baraka ila rivoj topib borishi uchun unda tartib-intizom, tinchlik-omonlik hukm surishi, muayyan bir rahbar bo‘lishi lozim. Islom ta'limotiga ko‘ra, oila jamiyatning asosidir. Shunday ekan, oilaning ham rahbari bo‘lishi kerak. Ana shu rahbarlik erkakka berilgan. Nima uchun?
«Sabab – Alloh ularning ayrimlarini (erkaklarni) ayrimlaridan (ayollardan ba'zi xususiyatlarda) ortiq qilgani va (erkaklar o‘z oilasiga) o‘z mol-mulkidan sarf qilib turishlaridir».
Demak, erkak kishi oilaga rahbar etib tayinlanganining ikkita sababi bor ekan.
Birinchisi – Alloh taolo erkakni ayoldan ustun, afzal qilib yaratganidir. Darhaqiqat, erkak kishi jismoniy tuzilishi, ichki va tashqi qiyofasi, irodasining mustahkamligi, ruhiy-nafsoniy va boshqa jihatlarga ko‘ra oila rahbari bo‘lishga mos qilib yaratilgan.
Ikkinchi sabab oila qurish va bu yo‘ldagi barcha sarf-xarajatlar erkak kishining zimmasida ekanidir. Bunday rahbarlik ulkan mas'uliyatdir. Ushbu mas'uliyat erkak kishining zimmasiga oilaga, jumladan, ayolga rahbarlik, homiylik qilish, ustoz bo‘lish, uning hayotiy ehtiyojlarini qondirish va muhofaza qilish vazifalarini yuklaydi.
Oyatning mazmunidan ko‘rinib turibdiki, erkak kishi rahbarlikka sabab bo‘lgan shartlarga javob bera olmasa, rahbarlik ularning qo‘lidan ketadi. Masalan, oilaning nafaqasi, ta'minoti erkakning zimmasida edi, lekin erkak hech bir sababsiz uyda o‘tirib, o‘rniga ayolini ishlashga majbur qilsa, bechora xotin oilamni boqaman deb, bola-chaqamni yedirib-ichiraman, erimga qarayman deb bozorma-bozor, yurtma-yurt sarson-sargardon kezsa, tabiiyki, bunday oiladagi rahbarlik o‘z-o‘zidan o‘sha ayolning qo‘liga o‘tib qoladi. Chunki moliyaviy boshqaruv kimning qo‘lida bo‘lsa, hal qiluvchi qaror egasi ham o‘sha bo‘ladi. Bunday holat avvalo erkakni oila rahbarligiga mos qilib yaratgan Alloh taoloning irodasiga qarshi chiqish bo‘lib, jamiyat nizomining buzilishiga ham olib keladi. Insof bilan o‘ylab ko‘raylik, bugun to‘ygacha, to‘y va undan keyingi ko‘pgina sarf-xarajatlar asosan qiz tomondan qilinmayaptimi? Xuddi mana shu narsa turmushning ilk kunlaridanoq erning tilini qisiq qilib, oiladagi rahbarlik va mas'uliyatning kelin qo‘liga o‘tib ketishiga sabab bo‘lmayaptimikan?!
«(Ayollar ichida) solihalari – (Allohga va eriga) itoatli, g‘oyibga Alloh saqlaganicha himoyatlilardir (ya'ni erining sirini, molini va obro‘sini saqlovchidir)».
Biz «itoatkor» deb tarjima qilayotgan so‘z oyati karimada «qonitatun» lafzi ila kelgan. Aslida kundalik arab tili muomalasida itoatkorlik so‘zi boshqa fe'llar vositasida ifoda qilinadi. Bu so‘z esa o‘z irodasi, ixtiyori va muhabbatiga ko‘ra itoat qilish ma'nosini anglatadi. Demak, mo‘mina, soliha ayollarning birinchi sifati itoatkorlikdir. Bu itoatkorliklari qo‘rquvdan, majburlashdan emas, balki o‘z mas'uliyatlarini tushunganlaridan kelib chiqqan, mehr-muhabbatga asoslangan ixtiyoriy munosabatdir.
Mo‘mina, soliha ayollarning xislatlaridan yana biri shundaki, ular erlari yonlarida turgan paytdagina emas, balki ular biror sabab bilan oiladan uzoqda bo‘lgan paytda ham ularning haq-huquqlari va obro‘-e'tiborlarini muhofaza qiladilar. Bunday muhofaza ularning o‘z fikrlariga yoxud erlarining talabiga binoan emas, Alloh subhanahu va taoloning amriga ko‘ra bo‘ladi.
Imom Ibn Jarir Tobariy va Ibn Abu Hotimlar Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Nabiy alayhissalom: «Ayollarning yaxshisi – qarasang ko‘zingni quvontiradigan, amr qilsang, itoat etadigan va uyda bo‘lmasang, o‘zini iffatini ham, sening mol-mulkingni ham muhofaza qiladiganidir», deganlar.
Lekin afsuski, hamma ayollar ham solihalik maqomiga loyiq bo‘la olmaydilar. Ba'zilari o‘z hadlarini unutgan holda, erlariga qarshi bosh ko‘tarib, beodoblik, itoatsizlik qiladilar. Insonni yaratgan Parvardigorimiz uning fe'l-atvorini, zaif jihatlarini, oilaviy turmush har doim ham ko‘ngildagidek kechavermasligini bilgani uchun yuz berishi mumkin bo‘lgan salbiy holatlarda nima qilishni ham bayon qilib qo‘ygan:
«Xotinlarning itoatsizligidan qo‘rqsangiz, avvalo ularga nasihat qiling, so‘ngra (bu ta'sir qilmasa) ularni o‘rinlarda (aloqasiz) tark eting, so‘ngra (bu ham kor qilmasa) ularni (majruh bo‘lmagudek darajada) uring».
Bunday hollarda avval ularga pand-nasihat qilinadi. Bu foyda berib, munosabatlar izga tushib ketsa, ayni muddao. Lekin harakatlar samarasiz bo‘lsa, xotinning itoatsizligi davom etaversa, boshqa choralar ko‘riladi. Hijron, ya'ni to‘shakda birga yotmaslik, gaplashmaslik ana shunday choralardandir. Hijron, ya'ni yotoqxonaning o‘zida to‘shakni boshqa qilish hassos uslub bo‘lib, ayol kishiga va'z-nasihatdan ham kuchliroq ta'sir qiladi. Gaplashmaslik esa uch kundan ortiq davom etmasligi kerak. Erlarning bunday e'tiborsizligi, gaplashmay qo‘ygani hali insofini yo‘qotib ulgurmagan ayollarning «ko‘zini kattaroq ochish»ga majbur qiladi.
Ammo shu choralar ham foyda bermasa, ayol kishi o‘zining hurmatini bilmay, haddidan oshsa, ma'naviy jazolardan xulosa chiqarib oladigan darajadan ham past holatga tushib qolsa, jismoniy ta'zir berishga majbur bo‘linadi. Ammo urish deganda, tabiiyki, qattiq kaltaklash, a'zolarini mayib qilish yoki boshqa jarohatlar yetkazish tushunilmaydi. Ulamolarimiz ushbu oyatdagi «urish»ni «misvok yoki biron barmoq ila turtish» deb tushuntirganlar.
Muoviya ibn Hayra Qushayriy roziyallohu anhu: «Ey Allohning rasuli, xotinlarimizning bizdagi haqlari nima?» deb so‘ragan ekanlar. Shunda Nabiy alayhissalom: «Yeganingdan yedirasan, kiyganingdan kiydirasan, yuziga urmaysan, yomon so‘z bilan so‘kmaysan, uydan tashqarida hijron qilmaysan», degan ekanlar.
Ko‘rinib turibdiki, oyati karimadagi «urish»ga berilgan izn faqat po‘pisa uchun, o‘zini bilmagan ayollarga ta'sir o‘tkazish uchundir. Avvalo, bu oyatdagi «urish» farz ham emas, vojib ham, sunnat ham, mustahab ham emas. Bu «urish» do‘q-po‘pisa, norozilikni bildirish, xolos. Amalda esa deyarli qo‘llanilmaydi. Ko‘pchilik ulamolar: «Berilgan ushbu izndan foydalangandan ko‘ra foydalanmagan yaxshiroq», deganlar. Buning ustiga, ko‘plab hadislarda erlarga ayollarni urmaslik ta'kid bilan tayinlangan.
Abdulloh ibn Zam'a roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Birortangiz o‘z ayolini qulni kaltaklagandek kaltaklamasin. Keyin, kunning oxirida yaqinlik qilgisi kelib qolishi ham bor», dedilar» (Imom Buxoriy, Imom Termiziy rivoyat qilganlar).
Ushbu hadisi sharif yuqorida o‘rgangan oyatimizdagi «urish» so‘zida qattiq urish nazarda tutilmaganiga yaqqol dalildir. Agar oyatda qattiq urish qasd qilinganida, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday demagan bo‘lardilar. Xotin qul emaski, uni xohlagan vaqtda kaltaklab, xohlagan vaqtda yana foydalanaverilsa. Aslida qulni ham kaltaklash yaxshi emas. Xotinga qo‘l ko‘tarishdan oldin keyin uni bag‘riga olib yotishni ham, ko‘zi ko‘ziga tushishini ham bir o‘ylab qo‘yish lozim. Ulamolarimiz «xotinni qattiq kaltaklash haromdir» degan hukmni mana shu hadisdan olganlar.
Ayol kishi tabiatan ta'sirchan, hissiyotga beriluvchan, shoshqaloq va tez achchiqlanuvchi bo‘ladi. Sal narsaga eriga nisbatan itoatsizlik qilib qo‘yishi mumkin. Ammo keyin o‘ziga kelib, itoatga qaytsa, unga qarshi chora ko‘rishga zarurat qolmaydi. Shuning uchun oyati karimada
«Ammo sizga itoat qilsalar, ularga qarshi (boshqacha) yo‘l axtarmang», deyilmoqda.
Bu tanbeh oilani mustahkamlash uchun nihoyatda zarurdir. Chunki bir-biriga nisbatan kechirimli bo‘lish doimo yaxshilik keltiradi.
Kezi kelganda aytib o‘tish joizki, dinimizga, Qur'oni karimga o‘zicha ta'na toshi otishga urinib, o‘zi sharmanda bo‘lgan ba'zi g‘arazli kimsalar muqaddas kitobimizni tadqiqot qilib ko‘rib, undagi suralarni tartibsiz joylashtirilgan, ularning ketma-ketligida mantiqiy izchillik yo‘q degan «ayblar» topishgan. Har bir narsani o‘zining zaif aqli, tor qarashi bilan, noqis mezoni bilan o‘lchashga uringan bu kimsalar nafaqat suralar, hatto oyati karimalarning ketma-ketligida ham inson aqli bovar qilmaydigan ilohiy hikmat borligini qayerdan bilishsin!
Mazkur oyatni va uning tafsirida aytib o‘tilgan fikrlarni qisqacha takrorlab ko‘raylik. Avvalo oilada erkaklarning rahbar etib tayinlangani va buning sabablari aytildi. So‘ng soliha ayollarning xush axloqlari vasf qilindi. Keyin esa, buning aksi bo‘lgan itoatsiz xotinlarga ko‘riladigan choralar aytib o‘tilib, bu choralar samara bersa, ayollarga qarshi boshqa choralar ko‘rmaslik kerakligi ta'kidlandi. Shu ikki qator oyatda qisqagina so‘zlar bilan olamshumul ma'nolar ifodalandi, oila nizomi belgilandi, er-xotin munosabatlarining ijobiy va salbiy holatlari muolaja qilindi. Ayni paytda, itoatli ayollarga nisbatan haddan oshish taqiqlanib, ayollarning haq-huquqlari ilohiy qonun himoyasiga olinib, bu kimdir tomonidan o‘ylab topilgan, kimningdir manfaati ko‘zlab yozilgan tartib-qoida emas, balki barcha narsadan oliy, ulug‘ Zotning – Alloh taoloning qonuni ekani eslatilmoqda. Bugungi kunda dunyoning yetakchilari hisoblangan G‘arb davlatlarida oila institutining ahvoli naqadar halokatli jar yoqasiga kelib qolgan barchamizga ma'lum. Ammo afsuski, o‘zini musulmon sanab yurganlar orasida ham oilaga oid, er-xotinning haq-huquqlariga, burch va majburiyatlariga oid qonun-qoidalarni bilmaydiganlar, bilsa ham ularni pisand qilmaydiganlar paydo bo‘lib, jamiyatimizda oilaviy muammolar, qo‘ydi-chiqdilar ko‘payib qoldi. Agar bunda kimsalar mazkur ko‘rsatmalarning shariatning hukmi, Alloh taoloning amri ekanini his qilsalar edi, bugungi kunda yechimini kutib yotgan qator muammolar mutlaqo vujudga kelmagan bo‘lar edi. Birgina oyatdagi hukmlar buzilmasa yoki ularga rioya qilinsa, butun insoniyatning taqdiriga, o‘sib kelayotgan avlodning kelajagiga xavf soladigan vaziyat yuzaga kelib qolmagan bo‘lar edi. Shuning uchun ham oyatning so‘nggida Robbimiz «Albatta, Alloh oliy, ulug‘ Zotdir» deb ogohlantirib qo‘ymoqda. Er bo‘lsin, xotin bo‘lsin, ushbu ko‘rsatmalarga rioya qilmagan odam oliy va ulug‘ Zotning amriga osiylik qilgan, U Zotning hukmiga qarshi chiqqan bo‘ladi.
Yana oyati karimada muhokama qilinayotgan oilaviy muammolar masalasiga qaytamiz. Ba'zida yuqorida aytib o‘tilgan choralarni qo‘llash ham naf bermasligi mumkin. «Qars ikki qo‘ldan» deganlaridek, oiladagi kelishmovchilik ham er, ham xotin tomonidan yuz bersa, bu ziddiyat kuchayib, er-xotin uni birgalikda hal qila olmay qolishsa, endi masalani oila sirini tashqariga chiqarmasdan hal etishning iloji qolmagan bo‘ladi. Bunday holatda boshqalar aralashib bo‘lsa ham, oilani saqlab qolishga urinib ko‘rish zarurdir.
«Agar (er-xotinning) oralari buzilib ketishidan qo‘rqsangiz, er oilasidan bir hakam, xotin oilasidan bir hakam yuboring».
Albatta, bunday hakamlar ularning o‘zlaridan, ya'ni er-xotin rozi bo‘ladigan qarindoshlardan yoki begonalardan tayinlanadi. «Rozi bo‘ladigan» deb shart qo‘yilayotgani hakamlar chiqargan hukm har ikki tomonga maqbul bo‘lishi uchundir. Shu bois hakamlar aqlli, tajribali, turmushning past-balandini biladigan, ko‘pni ko‘rgan, Allohdan qo‘rqadigan, adolatli hukm chiqarishga harakat qiladigan kishilar bo‘lishi kerak. Ularning asosiy vazifasi er-xotinning orasini o‘nglashdan iborat. Shuning uchun ham oyati karimada «Agar (er-xotin) islohni xohlasalar, Alloh o‘rtalarini muvofiqlashtirgay» deb, hakamlarga yarashtiruvchilik nisbati berilmoqda.
Ba'zi ulamolar xuddi shu tushunchadan kelib chiqib, «Ularga faqat yarashtirish, isloh qilish huquqi berilgan», deydilar. Boshqalari esa: «Holatni o‘rgangach, islohning iloji bo‘lmasa, er-xotinni ajratib qo‘yishga haqlari bor, shuningdek, tegishli jazo choralarini, mol-mulkka doir masalalarni ham hal etishlari mumkin», deyishadi.
Hazrat Usmon zun-nurayn roziyallohu anhu xalifalik yillarida xuddi shu oyati karimaga amal qilib ish yuritgani tafsir kitoblarimizda naql qilingan.
Yaratganga shukrlar bo‘lsinki, yurtimiz istiqlolga erishgach, dinimizni o‘rganish va unga amal qilish, milliy qadriyatlarimizni tiklash borasida keng ko‘lamli xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Jamiyatimizning buguni va ertasi bo‘lmish oila, er-xotin munosabatlari, farzand tarbiyasi masalalari davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalash bolajon xalqimizning asriy orzulari, ming yillik diniy va milliy an'analarimizga ko‘ra eng muhim dolzarb vazifaga aylandi.
Uzoq muddat davom etgan mustabid tuzumning zararli ta'sirini yo‘qotish, millatimizga yot tushunchalar, urf-odatlarning yoshlarimiz ongiga singdirilishiga, sog‘lom insoniy fitratga zid bo‘lgan turmush tarzini sun'iy ravishda ommalashtirishga qarshi kurashishning eng muhim omili – oilada, mahallada ta'lim-tarbiyani kuchaytirishdir.
Bugungi kunda ayniqsa yosh oilalarda juda ko‘p uchrayotgan kelishmovchiliklar, ziddiyatlarning bosh sababi – yoshlarni oilaviy turmushga tayyorlashda yo‘l qo‘yilayotgan xatolardir.
O‘g‘il bolalarga «Sen kelgusida oila boshlig‘i bo‘lasan, rahbar bo‘lasan, shuning uchun ilm olgin, hunar o‘rgangin, halol rizq topib, turmush o‘rtog‘ingni, bola-chaqangni boqishga tayyorlangin» deb tarbiya bera olyapmizmi? «Sening bir og‘iz so‘zing bilan nomahram qiz senga halol bo‘ladi. Lekin yana bir og‘iz so‘zing bilan u senga begona bo‘lib qoladi. Tilingga ehtiyot bo‘l, hayot sinovlariga sabrli bo‘l, yetti o‘lchab bir kes, turmush o‘rtog‘ingni boyligi, nasabi, husniga emas, diyonatiga qarab tanla» deb pand-nasihat qilyapmizmi?
Unday bo‘lsa nima uchun uylanadigan yigitlar kelin tomondan keladigan mebel, idish-tovoq, bosh-oyoq sarpolar uchun xonalarini bo‘shatib, qo‘l qovushtirib o‘tirishibdi? Nima uchun sal narsaga janjal ko‘tarib, o‘dag‘aylab, birovning bolasini urib, shartta javobini berib yuborishyapti?
Qizlarimizga «Sen kelgusida uy bekasi bo‘lasan, ona bo‘lasan, farzand tarbiyalaysan, shuning uchun iffatli bo‘lgin, yaxshi o‘qigin, ro‘zg‘or ilmini o‘rgangin, xushmuomala bo‘lgin, itoatli bo‘lgin, bir umr yangi oilada yashashga tayyorlangin» deb tarbiya bera olyapmizmi? «Bir og‘iz shirin so‘zing bilan buzilay deb turgan oila saqlanib qoladi, bir og‘iz o‘ylamay aytgan gaping bilan qarindosh-urug‘ning orasiga sovuqchilik tushib qoladi» deb ogohlantiryapmizmi?
Unday bo‘lsa nima uchun qizlarimiz ochiq-sochiq kiyinyapti, bo‘lajak kuyovning boyligi, nasl-nasabi yoki lavozimini surishtirib, axloqi, dunyoqarashi, dinu diyonatiga loqayd bo‘lishyapti, ota-onasi ne zahmatda qilgan sarpo-suruqni minnat qilib, arzimagan sabablar bilan janjal chiqarib, gap tashib, yosh umrini xazon qilishyapti?
Demak, farzand tarbiyasida, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash borasida hali kamchiliklarimiz anchagina ekan. Bu kamchiliklarni bartaraf etishning eng samarali usuli yuqorida aytib o‘tilgan ilohiy hikmatlarni yoshligidan qulog‘iga quyib, qanday buyuk zotlarning avlodi ekanini o‘rgatish, ularga milliy g‘urur, hayo, ibo, g‘ayrat-shijoat tuyg‘ularini singdirishdir.
Insoniyat tamadduniga ulkan hissa qo‘shgan, buyuk allomalarni dunyoga keltirgan o‘zbek xalqi bugungi kunda yana o‘zligini anglab, jahonga yuz tutmoqda. Ota-bobolarimizning asriy orzu-armoni bo‘lmish hurriyat bayrog‘i ostida tug‘ilgan yosh avlodni Buxoriy, Termiziy, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Ulug‘bek mirzo kabi buyuk bobokalonlarimizga munosib avlod qilib tarbiyalash sizu bizning zimmamizdagi ulkan mas'uliyatdir. Bu og‘ir vazifani sharaf bilan ado etish uchun oilalarimiz mustahkam, farzandlarimiz sog‘lom va barkamol bo‘lishi lozim. Oilani mustahkamlash uchun esa muqaddas dinimizning yuqorida aytib o‘tilgan ko‘rsatmalariga og‘ishmay amal qilishimiz zarur. Oilada iymon-e'tiqodli, salohiyatli farzandlar yetishib chiqishi uchun oilaning nizomi, poydevori mustahkam bo‘lishi kerak, ota-onaning o‘zi tarbiyali, sabr-matonatli bo‘lishi, turmushning baland-pastini, hayotning achchiq-chuchugini birgalikda totishi kerak. Ana shundagina jamiyatimizdagi har bir oila chinakam baxt saroyiga, rohat-farog‘at, huzur-halovat maskaniga aylanadi.
Alloh taolo oilalarimizni chinakam baxtiyor oilalardan qilsin, kelin-kuyovlarimizning qalbiga o‘zaro mehr-muhabbat ato aylasin, har bir oilani mustahkam rishtalar bilan bog‘lab, ikki dunyo saodatiga erishtirsin.
Rahmatulloh SAYFUDDINOV
Yunusobod tumani bosh imom-xatibi,
Toshkent Islom Instituti o‘qituvchisi,
«Mirza Yusuf» jome masjidi imom-xatibi
Mavzuga oid
17:26 / 08.11.2024
“Embrionlar qarovsiz qolib ketdi” - EKU orqali farzand kutgan ayollar aldandi(mi?)
15:52 / 25.10.2024
Malayziyada ayol kasal eriga 6 yil g‘amxo‘rlik qildi, ammo erkak sog‘aygach, uni tashlab ketdi
17:10 / 17.10.2024
Islom olamining zabardast ulamolari Toshkentda jamlandi - fotoreportaj
13:50 / 11.10.2024