O‘zbek migrantining izlarini bosib… yoxud Rossiyaga safar taassurotlari
Million. Katta raqam-a? To‘rt million-chi?
Aytishlaricha, shuncha o‘zbek Rossiyada ishlar ekan...
Bu so‘zlarni tilimiz osongina aytdi shu topda. Tilga oson ekan-da..
Keling, faqat tilni emas, aqlni va yanada muhimrog‘i – qalbni ishga solib, millatning boshiga tushgan ko‘rgilik ko‘lamini tasavvur etishga urinib ko‘raylik. Zero, qalblarni zada qilgan ofatlarning mazmunini anglashga til emas – aynan dil mas'ul.
To‘rt million. Til uchun bu – raqamlar tovushlar yig‘indisi, aql uchun – statistika, faqat dil ishga tushganda ofatlarning mohiyati bilinadi. Ana o‘shanda bu raqamlarning ortida... ko‘z yoshlarga kristallashgan og‘riq, kechalari uyqu bermaydigan hijron, sulbingizdan bo‘lgan murg‘akning o‘sib-ulg‘ayayotganini ko‘ra olmayotganingiz alamidan bo‘g‘zingizda qolib ketgan dod. Ammo bu hammasi emas...
Endi o‘sha to‘rt millionni jamlab, armonlari ushalmagan bitta qalb deb tasavvur eting. Shunda alohida taqdirlar emas – bir avlodning taqdiri ko‘z oldingizda suratga kira boshlaydi.
Iqlimi, mehnat resurslari va boshqa bir qancha hususiyatlari sabab mintaqaning asosiy meva-sabzavot yetishtiruvchi markazi bo‘lishi mumkin bo‘lgan O‘zbekiston, afsuski, ba'zi rivojlanayotgan mamlakatlar uchun arzon ishchi kuchi yetkazib beradigan hududga aylandi.
Sababi – sobiq Sovet Ittifoqi barham topganidan keyin O‘zbekistonda agrar soha mamlakat aholisining ko‘pini tashkil qiluvchi qishloq aholisini ish bilan band qilish yo‘lida isloh qilinmadi. Holbuki, bu yerda gap nafaqat odamlarni ish bilan ta'minlash, balki qishloqlarda o‘ziga to‘q, kelajagiga ishongan, millionlab erkin dehqonlardan iborat o‘rta sinfni yuzaga keltirish haqida ketayotgan edi.
Ming afsuski, bu yo‘ldan borilmadi. Natijada millionlab oila boshliqlari oilalarini tashlab, daromad ilinjida o‘zga yurtlarga migratsiya qilishdi. O‘zbek qishloqlarida ota tarbiyasini ko‘rmagan bir avlod yetishib chiqdi, bir dunyo ijtimoiy, ma'naviy, tibbiy muammolar yuzaga keldi.
Mehnat migrantlariga nisbatan turlicha, ba'zida bepisandlik bilan munosabat bildiriladi. Sababi – 90-yillardayoq o‘z-o‘ziga tashlab qo‘yilgan o‘zbek qishlog‘i hayoti ijtimoiy holatni o‘rganuvchi deyarli barcha institutlarning e'tiboridan chetda qoldi. Axborot vositalaridan esa qishloq hayoti emas – chizilgan-bo‘yalgan sahnalar ko‘rsatildi. Natijada o‘zbek qishlog‘i shaharda yashovchi jamoatchilik uchun noma'lum – ko‘zdan yashirin «o‘zga sayyora»dek bo‘lib qoldi. Bu – mavhum-noma'lum «massa»dan nariroq bo‘lish uchun, masalan, poytaxt propiska-yu registratsiya kabi cheklovlar bilan «himoya qilindi» hatto. Mamlakat ma'nan va jismonan deyarli ikki anklavga bo‘linib, et tirnoqdan ajralib qoldi. Et tirnoqdan ajraganda esa tana og‘riydi.
Biz mehnat migrantining muammolarini qalban his qilmay qo‘ydik. Go‘yo ular bizga begonadek. Yo‘q, ular bizga begona emas, aslida biz mantiqni o‘zimizdan begona qildik.
Biz «mehnat migratsiyasi» nomli fenomenni jamoatchilikka yaqinroq tanishtirish, migrantlarning muammolari, o‘y-u kechinmalari bilan tanishish uchun Rossiyaga safar tashkil qildik. Maqsadimiz – mehnat migrantining bosgan qadamlarini qo‘limizdan kelgancha bosib o‘tib, qalbimiz qodir bo‘lgancha u his etganlarni his etish edi.
O‘ylaymizki, bu urinishimiz jindek bo‘lsa-da ularni bizlarga yaqinlashtiradi, yuqori idoralarda qarorlar qabul qilayotganimizda... biroz bo‘lsa-da ularni ko‘z oldimizga keltirishimizga yordam beradi.
Kun.uz yaqin kunlarda Rossiya safari tafsilotlarini yoritishda davom etadi.
Mavzuga oid
19:17
Ozarboyjon samolyoti Rossiya raketasi sababli halokatga uchragan – Euronews
11:34
Qora dengizni qoplagan mazut dog‘ining koinotdan ko‘rinishi - foto
11:27
Rossiyada fuqarolar pul o‘tkazmalari ustidan nazorat kuchaytiriladi
10:30