Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Shov-shuvli “Guangzhou” ishi: klinikada ishlagan xitoylik ota-o‘g‘il jarimaga tortildi
3,5 yil oldin jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan “Guangzhou” klinikasidagi firibgarlik doirasida u yerda shifokor bo‘lib ishlagan Xe Kiang va uning o‘g‘li Xe Fengga sud hukmi o‘qildi. Sud 100 nafar fuqaroni chuv tushirgan ota-o‘g‘ilni “garchi og‘ir jinoyatlarni sodir etgan bo‘lsa-da, kimyoviy emas, giyohlardan tayyorlangan dorilarni o‘tkazganini inobatga olib, jamiyatdan ajratmagan holda axloqan tuzatish mumkin” degan qat’iy xulosaga kelgan. Sud hukmi bilan ota va o‘g‘ilga jarima jazosi tayinlandi.
Foto: “Guangzhou” klinikasi
“Guangzhou” ishi doirasida xitoylik Xe Kiang va uning o‘g‘li Xe Feng jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hukmi bilan tanishdi.
Sud hujjatida keltirilishicha, sirtdan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanib, qidiruvda bo‘lgan Xe Kiang 2024 yil 19 dekabrda, Xe Feng esa 2024 yil 27 noyabrda Qozog‘istonda ushlanib, O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan. Ota va o‘g‘il 2020 yil noyabridan Toshkent shahridagi “Guangzhou Medical of China” klinikasida shifokor bo‘lib ishlab kelgan.
Xe Kiang va Xe Feng tibbiy usuldan foydalanmagan holda tashxis qo‘yib, igna sanchish muolajasi va maxsus dori vositalari yordamida kasallikdan tuzalib ketishini aytgan holda fuqarolarga sifatsiz dori vositalarini aldov yo‘li bilan o‘tkazgan. So‘ngra bemorlar tomonidan amalga oshirilgan to‘lov pulini o‘zaro taqsimlab, shaxsiy ehtiyojlariga sarflab yuborgan.
Jumladan, Xe Kiang o‘zganing mulkini aldash va ishonchini suiiste’mol qilish yo‘li bilan qo‘lga kiritish maqsadida “Guangzhou” klinikasiga murojaat qilgan B.N.ga igna sanchish muolajasi va maxsus dori vositalari yordamida kasallikdan tuzalib ketishini aytib, sifatsiz dori vositalarini aldov yo‘li bilan o‘tkazgan. Undan olingan 5 mln 550 ming so‘mni esa shaxsiy ehtiyojlariga sarflagan.
Ota va o‘g‘il ayni shu shaklda 100 nafar fuqaroni aldab, ularning turli miqdordagi pullarini qo‘lga kiritib, o‘zaro taqsimlab olgan.
Xe Kiang sudda aybiga iqrorlik bildirgan.
“2020 yil noyabr oyida o‘g‘lim Xe Feng bilan birga Toshkent shahriga, ya’ni tanishlarim Li Jun Chao va Jao Dan tomonidan tashkil etilgan “Guangzhou Medical of China” klinikasida ishlash uchun keldik. Klinikada men va o‘g‘limdan tashqari yana 4 nafar xitoylik va o‘zbek millatiga mansub xodimlar ham ishlagan. Klinika yaqinida bo‘lgan ko‘p qavatli uydan ijaraga xonadon olib, o‘g‘lim bilan yashadik.
Klinikani Li Jun Chao va Jao Dan boshqargan. Mening vazifam klinikaga kelgan bemorlarga igna sanchib davolash bo‘lgan. Shuningdek, men kelgan bemorlarni xitoy xalq tabobati orqali davolash maqsadida ularga turli dori vositalarni tavsiya asosida yozib berganman. Mazkur usul bilan davolash va ushbu faoliyat bilan shug‘ullanish uchun menda tegishli sertifikat bo‘lgan. Bajargan ishlarim uchun har oyda 1 300 dollar maosh olganman.
Klinikada taxminan 2021 yil iyul-avgust oylariga qadar ishlab keldim. So‘ngra Jao Dan maoshimni vaqtida bermagani sababli klinikadan ketdim. 2022 yil taxminan mart-aprel oylarida o‘g‘lim bilan birga Xitoyga qaytib ketdik”, degan u suddagi ko‘rsatmasida.
Shuningdek, Xe Kiang haqiqatan ham klinikada ishlashi davrida bemorlarga tabiiy o‘tlardan tayyorlangan xitoy tabobatining dorilarini tavsiya qilib, berib kelganini, lekin jabrlanuvchilarning hammasi bilan gaplashmaganini aytgan. U yetkazilgan moddiy zarar qoplangani, bemorlarga zaharli yoki kimyoviy dorilarni bermaganini ma’lum qilib, suddan yengillik so‘ragan.
Xe Feng ham sudda otasinikiga o‘xshash ko‘rsatma bergan.
Sudda jabrlanuvchilarning barchasi turli kasalliklar bilan “Guangzhou” klinikasiga murojaat qilgani, biroq davo topmagani haqida aytgan.
“2021 yil 14 iyul kuni avtohalokatga uchrab, bo‘ynim sindi, qo‘l va oyoqlarim uyushadigan bo‘lib qoldi. Jarrohlik operatsiyasini amalga oshirgan shifokor har 6 oyda igna-terapiya muolajasini olishim kerakligi haqida aytdi. Televizor orqali xitoylik mutaxassislar ishlaydigan va igna-terapiya muolajalarini amalga oshiradigan “Guangzhou” klinikasi haqida xabar topdim. 2021 yil 1 avgust kuni ushbu klinikaga bordim. Dastlabki ko‘rik uchun 50 ming so‘m to‘ladim. Meni xitoy millatiga mansub yoshi kattaroq shifokor ko‘rikdan o‘tkazdi. Suhbatimizni tarjimon tarjima qilib turdi.
Xitoylik shifokor menga kasallikni davolash uchun tabobat usulida dori-darmonlar tayyorlab berishini hamda igna-terapiya muolajasi amalga oshirishini aytdi. Dorilar narxi 2,5 mln so‘m ekan. To‘lov qildim. Menga ikki dona polietilen paketda qora dumaloq dori, 10 dona yashil rangdagi kapsula, 10 dona sellofan paketdagi suyuqlik berishdi. Dorilarning hammasini o‘z vaqtida ichdim, 3 kun davomida igna-terapiya muolajasiga qatnadim. Ushbu klinikadan umuman shifo topmadim, aksincha, meni aldab, pulimni olishdi”, degan jabrlanuvchilardan biri o‘z ko‘rsatmasida.
Yana bir jabrlanuvchi esa 2012 yilda tug‘ilgan farzandini tutqanoq tutishi sababli “Guangzhou” klinikasiga olib borganini, biroq farzandi shifo topmaganini, aldab 10,3 mln so‘m pulini olishganini ma’lum qilgan.
Sud Xe Kiang va Xe Feng “garchand og‘ir jinoyatlarni sodir etgan bo‘lsa-da, ular inson sog‘ligiga jiddiy xavf soluvchi kimyoviy dorilarni emas, balki tabobat yo‘li bilan giyohlardan tayyorlangan dorilarni o‘tkazganini inobatga olib, tayinlangan jazo kelgusida holatini og‘irlashtirib qo‘ymasligini ta’minlash maqsadida, ularni jamiyatdan ajratmagan holda axloqan tuzatish mumkin” degan qat’iy xulosaga kelgan. Shu sababli “qonunning odillik, insonparvarlik va ayb uchun javobgarlik prinsiplariga rioya qilib”, Xe Kiang va Xe Fengga jarima jazosini tayinlashni lozim topgan.
JIB Bektemir tuman sudining 2025 yil 29 avgustdagi hukmi bilan Xe Kiang va Xe Feng Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “b” bandi va 186-3-moddasi (sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni o‘tkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish, dori vositalarini yoki tibbiy buyumlarni dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilish, shuningdek, tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish) 2-qismi “b, v” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llagan holda Xe Kiangga BHMning 123 baravari (33 mln 210 ming so‘m), Xe Fengga BHMning 112 baravari (30 mln 240 ming so‘m) miqdorida jarima jazosi qo‘llangan. Jarimani davlat foydasiga undirish belgilangan.
Shuningdek, ota va o‘g‘ilga qo‘llangan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi bekor qilingan va sud hukmi qonuniy kuchga kirguniga qadar munosib xulq-atvorda bo‘lish haqidagi tilxat ehtiyot chorasi qo‘llangan holda ular darhol sud zalida qamoqdan ozod etilgan.
Jabrlanuvchilarga yetkazilgan jami 381 mln 402 ming so‘m moddiy zararni Toshkent shahar IIBBning depozit hisobraqamida saqlanayotgan, dastlabki tergovda Jao Dan tomonidan to‘langan 300 mln so‘m hamda “Guangzhou Medical of China” MChJda o‘tkazilgan tintuv davomida olingan 107 mln so‘m hisobidan qoplash belgilangan.
Jinoyat ishining bir qismi alohida ish yurituviga olingan. Bu bo‘yicha gumonlanuvchilarga nisbatan qidiruv e’lon qilingan.
Eslatib o‘tamiz, “Guangzhou” klinikasi mansabdorlariga nisbatan 2022 yil aprel oyida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. O‘shanda klinikada bemorlarni aldab, ularga O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan dorilar 2-3 mln so‘mga pullab kelinayotgani haqida videolar tarqalgandi.
Mavzuga oid
16:54
6000 funt oylik, qalbaki taklifnoma va g‘oyib bo‘lgan «menejer». Soxta ish e’lonlari ortidagi firibgarlik sxemasi
18:38 / 23.12.2025
XCM moliyaviy piramidasi ishida 5 xodim intizomiy jazolangan, biri ishdan bo‘shatilgan – IIV
09:28 / 23.12.2025
“Kontakt-markaz” nomidan firibgarlik holatlari ko‘paymoqda
15:23 / 20.12.2025