18:48 / 10.07.2020
35632

Navoiyda viloyat SEOM mansabdorlari yarim milliarddan ziyod boyliklarni talon-toroj qilishgani aniqlangan – Bosh prokuratura

Bosh prokuraturaning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, Navoiy viloyat sanitariya va epidemiologiya osoyishtalik markazi mansabdor va moddiy javobgar shaxslari 509 mln. 863 ming so‘mlik tovar moddiy boyliklarini o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilishganligi aniqlangan. Bugungi kunda aybdorlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

«Aniqlanishicha, Navoiy viloyati sanitariya va epidemiologiya osoyishtalik markazi mansabdor shaxslarining asosiy vazifasi mamlakatda koronavirus pandemiyasi sababli karantin e'lon qilinganligi munosabati bilan viloyatda sanitariya va epidemiologik osoyishtalikni ta'minlash bo‘lsa-da, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 19.03.2020 yilgi PF-5969-sonli Farmoni asosida tashkil qilingan Moliya vazirligi huzuridagi Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi hisobidan ajratilgan mablag‘larni maqsadsiz sarflagan.

Jumladan, markaz mansabdor va moddiy javobgar shaxslari jami 509 mln. 863 ming so‘mlik tovar moddiy boyliklarini o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilishganligi aniqlangan.

Jinoyat ishining tergovi davomida markaz ombor mudiriga 27.06.2020 yilda va markaz bosh vrachiga 04.07.2020 yilda O‘zbekiston Respublikasi JKning 167-moddasi 3-qismi “a” bandi, 209-moddasi 2-qismi “a” bandi, 205-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan ayblov e'lon qilinib, “qamoq” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Hozirda, jinoyat ishi doirasida holatga aloqador boshqa shaxslarning ayblilik masalasi hal qilinmoqda», deya O‘zbekiston Bosh prokurori matbuot kotibi Hayot Shamsuddinovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Bosh prokuratura mulozimining qo‘shimcha qilishicha, Navoiy viloyati sanitariya va epidemiologiya osoyishtalik markazining 7 nafar mansabdor va moddiy javobgar shaxslarining turarjoylarida tintuv o‘tkazilgan. Jumladan, markaz rahbarining xonadondan 6 dona ko‘p tarmoqli davolash va 1 dona tashxis qo‘yish uskunalari hamda markazning 2019 yil uchun yuritilgan buyruqlarni ro‘yxatga olish kitobi, xo‘jalik mudirining xonadonidan 8 to‘plam infeksiyaga qarshi maxsus himoya kiyimi va 5 turdagi tibbiy himoya vositalari olingan.

Hayot Shamsuddinov jinoyat ishi bo‘yicha Navoiy viloyati prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari davom ettirilayotganini ma'lum qildi.

Mavzuga oid
Top