O‘zbekiston | 14:29 / 24.07.2021
7641
4 daqiqa o‘qiladi

«Xususiylashtirishdagi eng oliy maqsad budjetni to‘ldirish bo‘lmasligi kerak» - Behzod Hoshimov

O‘zbekistondagi xususiylashtirish jarayonlaridagi asosiy maqsad davlat tasarrufidagi mulkni iloji boricha ko‘proq samara beradigan tashkilot va insonlarga yetkazib berishdir. Buning natijasida kelajakdagi samarali boshqaruv sabab jamiyat boyiydi.

Foto: YouTube/ Ular

«Ular» loyihasida iqtisodchi Behzod Hoshimov O‘zbekistondagi xususiylashtirish jarayonlari haqida fikr bildirdi.

«Xususiylashtirishning asosiy maqsadi budjetga daromad keltirish emas, balki jamiyatdagi mulklarni, korxonalarni eng samarador mulkdorga berish bo‘lishi kerak. Buning eng yaxshi tomoni shundaki, eng ko‘p pul taklif qilgan mulkdor, eng samarador mulkdorga tenglashtiriladi. Xususiylashtirish haqida gap ketganda, budjet daromadlarining qancha qismi xususiylashtirilgan mulklardan kelgan mablag‘ hisobiga to‘ldirilganiga emas, kelajakdagi samaradorlik nuqtayi nazaridan qarash ancha to‘g‘ri bo‘ladi.

Bizning ayni paytdagi asosiy maqsadimiz davlat tasarrufidagi mulkni iloji boricha ko‘proq samara beradigan tashkilot va insonlarga yetkazib berishdir. Buning asosiy sababi kelajakdagi samarali boshqaruv sabab jamiyat boyiydi. Kambag‘al mamlakatlarda xususiylashtirish jarayonlarini tashkil qilishda oson yechimlar ham mavjud. Xususan, mulkni xususiy mulkdorlarga berish samaradorlikni bir necha baravarga oshiradi. Ammo bu yerda savol tug‘iladi. Qanday ko‘rinishda berish kerak?

Bu yerda 3ta uslub mavjud:

Birinchisi, konkurslar yordamida. Bunda mas'ul hakamlar hay'atining sub'yektiv fikriga ko‘ra, mulklar taqsimlanadi. Buning eng yomon tomoni shundaki, jamiyat sub'yektiv fikrlarga va qarorlarga ishonmaydi. Jamiyatdagi eng xolis va toza odamlar bu ishlarni amalga oshirib, yangi mulkdorni tanlashsa ham, hammamizda shubha paydo bo‘ladi. Nima uchun aynan u? Bu savol ayniqsa yutqazgan shaxslarda ko‘p bo‘lishi aniq.

Ikkinchisi, qur'a tashlash yordamida xususiylashtirishni amalga oshirish. Eshitishim bo‘yicha, O‘zbekistonda ham bu bir-ikki marta amalga oshirildi. Buning yomon tomoni, ko‘p tashkilotlarning ishtirok etgisi kelishida. Masalan, AQShda 2G’ni o‘rnatishda 10ta aloqa kompaniyasi bo‘lishiga qaramay, qur'a tashlashda ishtirok etish uchun 30 mingga yaqin kompaniya ariza topshirgan.

Uchinchisi, auksionlar. Biz auksionni iqtisodiyotdagi eng samarali vosita sifatida tasavvur qilamiz. Auksionlarning eng muhim jihati ishtirokchilarning rostgo‘y bo‘lishi va ularda dominant strategiyaning mavjudligidir. Masalan, oddiy stakanni olaylik. Bir kishi uning narxini 100 so‘mga baholadi, ikkinchi kishi esa 110 so‘mga narxni ko‘tardi. Tabiiyki, mahsulotni ikkinchi kishiga sotaman. Bunday ko‘rinishdagi auksionlarning yomon tomoni shundaki, ikkinchi xaridor mahsulot uchun million to‘lashgayam rozi edi, ammo birinchi xaridor 100 so‘m taklif qilgani uchun, ikkinchisi narxni 110 so‘mgagina ko‘tardi. Ya'ni ishtirokchilar o‘rtasida o‘zaro kelishib olish holatlari uchrashi mumkin.

Umuman olganda, auksion mutlaqo yaxshi narsa. Ammo uni yaxshi yoki yomon dizaynda o‘tkazish amaliyoti juda ham muhim. Shu sabab O‘zbekistonda ham xususiylashtirish jarayonlarini auksionlar yordamida amalga oshirish va ularga yaxshi dizayn berish kerak», deya ta'kidladi iqtisodchi.

Mavzuga oid