Yaqinda «Manchester Siti» Abduqodir Husanovni «Lans»dan 40 million yevro evaziga sotib oldi. Bu o‘zbek futbolidagi eng katta voqealardan biriga aylandi. Kun.uz va Tribuna.uz muxbiri Husanovga yoshligida ustozlik qilgan murabbiylardan biri — Alisher Ibrohimov bilan suhbatlashdi.
Murabbiy o‘zi haqida
«Murabbiylik faoliyatimni 1999 yilda Qarshi shahridagi futbol maktabida boshladim. O‘zim «Nasaf» o‘rinbosarlar jamoasida o‘ynadim. Jarohatlar tufayli 21 yoshda futboldan ketishimga to‘g‘ri keldi. Shundan keyin murabbiylik faoliyatimni boshladim. Qarshida 5 yil ishlab, Toshkentga keldim. «Bunyodkor»da 13 yil faoliyat olib bordim. 2022 yilda Yevropa mamlakatlariga ketdim. Hozir xususiy futbol maktablarining birida ishlayapman».
Bolalar futbolini tanlagani haqida
«Bolalar futboli qiziqroq. Ular bilan ishlashning zavqi boshqacha. O‘zimiz yetisha olmagan orzularga bolajonlar orqali erishishni niyat qilganman».

Husanovga ustozlik qilishi
«Bunyodkor»da 2002 yildagi bolalar bilan marhum Akmal Risqullayev ishlar edi. Abduqodir 2004 yilda tug‘ilgan bo‘lsada, o‘zidan 2 yosh kattalar bilan shug‘ullanardi. Men u paytda 2003 yildagi yoshlarga qarar edim.
2002 yildagi bolalar tez katta bo‘lib, ularga jismoniy yuklamalar ortganidan keyin Akmal Risqullayev Husanovni menga o‘tkazishni aytdi. Yo‘q demadim. Chunki uni bilardik va ko‘rib yurardik.
Abduqodir mening jamoamga o‘tganidan keyin 3-4 yil davomida o‘ynadi. Biz bolalarni 15-16 yoshgacha tayyorlab, so‘ng U-18, U-19, o‘rinbosarlar, birinchi va ikkinchi liga jamoalariga topshirib yuboramiz.
Abduqodir doim kulib yurardi. Maydonga chiqsa hech narsadan qo‘rqmasdi. Havodagi kurashda, maydonni ko‘rishda va hujumni boshlashda ham yaxshi edi».

Ko‘p xalqaro musobaqalarga chiqardik. Qozondagi turnirda finalda «Rubin» akademiyasini yutgandik. O‘shanda Abduqodir va yana 2-3 bolani olib qolishmoqchi bo‘lib, so‘rashgandi. Ammo bu amalga oshmagandi».















